Moskvada yirik terakt: oʻnlab odamlar qurbon boʻldi
Mart oyi boshida ayrim Gʻarb davlatlari oʻz fuqarolarini Rossiyadagi ehtimoliy teraktlardan ogohlantirgandi.

Moskva shimoli-gʻarbidagi Crocus City Hall konsert zalida sodir etilgan terakt oqibatida 40 kishi halok boʻldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Bu haqda Meduza maʼlumot berdi.
Rossiyadagi ommabop Baza Telegram kanali esa 18 qurbon haqida yozgan.
Rasmiylar halok boʻlganlar va jarohatlanganlar haqida hozircha rasmiy maʼlumot bermagan. Bir necha yuz kishi yonayotgan bino ichida qolib ketgan. Voqea joyiga maxsus kuchlar va oʻt oʻchiruvchilar yetib kelgan, evakuatsiya ishlari olib borilmoqda.
22 mart kuni kechqurun "Piknik" guruhi konserti oldidan kamuflyaj kiygan bir necha qurollangan kishi konsert zaliga tashrif buyuruvchilar va xodimlariga qarata oʻt ochgan. Koʻp oʻtmay, bino yonib ketdi.
Hozirda hodisa joyida Federal xavfsizlik kuchlari xodimlari tashlangani aytilmoqda.
Mart oyi boshida Rossiyadagi AQSh elchixonasi Moskvada sodir etilishi mumkin boʻlgan teraktlar haqida ogohlantirish eʼlon qilgandi.
Keyinroq, Buyuk Britaniya, Latviya va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ham xuddi shunday xavf haqida oʻz fuqarolarini ogohlantirdi.
Shu bilan birga, AQSh Davlat departamenti Rossiyaga sayohat qilish xavfini eng yuqori darajaga koʻtargan edi.
Hozirda AQSh, Turkiya kabi davlatlar Rossiyaga hamdardlik bildirgan.