Qumqoʻrgʻonda kuchli sel toshqini yuz berdi

Toshqin oqibatida 90 ga yaqin xonadon aholisi xavfsiz hududga koʻchirildi. Qurbonlar va jarohat olganlar aniqlanmagan. 

Jamiyat
22-mart, 9:33
Qumqoʻrgʻonda kuchli sel toshqini yuz berdi

Surxondaryoda kuchli yomgʻir sabab vujudga kegan sel oqibatida uylarni sel bosdi. Viloyat hokimligi holat yuzasidan axborot berdi

Kecha, 21 mart kuni taxminan soat 19:10 lar atrofida Qumqoʻrgʻon tumani hududidagi qir-adirliklarda kuchli yomgʻir yogʻishi natijasida yigʻilgan yomgʻir suvlari Arnali soy orqali "Elobod" mahallasiga kirib kelgan. Koʻp miqdordagi yomgʻir suvlari mahalla hududidagi ichki suv tarmoqlariga sigʻmasdan, hududdagi 2 ta ichki koʻchalarda joylashgan 47 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylar ichkarisiga kirgan.

Shuningdek, kuchli yomgʻir suvlari "Azlarsoy" soyidan toshib, soy quyisida joylashgan "Azlarsoy" mahallasi hududidagi 5 ta ichki koʻchalarda joylashgan 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylarga suv kirgan. 

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish va aholining xavfsizligini taʼminlash maqsadida, "Azlarsoy" mahallasidagi 56 ta xonadondan 210 nafar va "Elobod"  mahallasidagi 32 ta xonadondan 150 nafar aholi xavfsiz hududda joylashgan yaqin qarindoshlarining uylariga vaqtincha koʻchirildi.

Tuman markazidagi "Yangi shahar" mahallasida joylashgan 2 ta 4 qavatli uylarning yertoʻlasiga yigʻilgan toshqin suvlari yongʻin-qutqaruv texnikalari va motopompalar yordamida chiqarib tashlandi.

Qumqoʻrgʻon tumani "Elobod" mahallasi hududidan oʻtuvchi M-41 "Almata-Bishkek-Dushanbe-Termiz" avtomobil yoʻlining 1535-1536 km oraligʻida transport vositalari va yoʻlovchilar xavfsiziligini taʼminlash maqsadida, vaqtinchalik harakat cheklanib, suv toshqinlari tugaganidan soʻng, yoʻlga yigʻilgan loyqalar maxsus texnikalar yordamida tozalanib, soat 21:00 da ikki tomonlama transport qatnovi toʻliq tiklandi.

Ushbu hududda sodir boʻlgan toshqin suvlari Termiz mintaqaviy temir yoʻl uzeli UKga qarashli, "Qumqoʻrgʻon–Elbayon"  peregoni PK 8-9 temir yoʻl ostidan oʻtgan suv quvuriga sigʻmaganligi natijasida, temir yoʻlning taxminan 0,4 km qismidan toshib oʻtib, shagʻal qoplamasini qisman yuvgan.

Termiz mintaqaviy temir yoʻl uzuli UKning 200 nafar ishchi-xizmatchilari, avariya tiklash poezdi, 2 ta avtoyuklagich, 1 ta ekskvator yordamida, 28 ta vagonlarda olib kelingan shagʻal temir yoʻlning zarar koʻrgan uchastkasiga yotqizilib, taʼmirlash va tiklash ishlari bajarildi hamda bugun, 22 mart kuni soat 07:00 da temir yoʻl harakati toʻliq tiklandi.

Ayni vaqtda "Elobod" mahallasi ichki koʻchalari, yoʻllar va boshqa joylarni loyqadan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Tezkor tadbirlarga 462 nafar xodim, 7 ta texnika, 11 ta motopompa, 24 ta muxandislik texnikalari jalb qilingan.

Yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida jarohat olganlar yoʻq.

Holat shaxsan viloyat hokimining nazoratiga olingan boʻlib, kechaning oʻzida hodisa joyiga viloyat hokimining oʻrinbosarlari, FVV vakili, FVB, IIB, MGB boshliqlari, tuman hokimligi, sektor rahbarlari, korxona va tashkilot mutasaddilari yetib borishgan hamda toshqinga qarshi viloyat tezkor shtabi tuzilgan. Hozirda tezkor shtab tomonidan hodisa oqibatlarini oʻrganish, yetkazilgan talofatlarni bartaraf etish, aholiga koʻmak berish choralari koʻrilmoqda,  deyiladi xabarda. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+