Zayniddin Nizomxoʻjayev faxriy unvon bilan taqdirlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev unga unvon va koʻkrak nishonini topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Bunga sabab sifatida uning "davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimidagi koʻp yillik samarali mehnati, yurtimizda milliy saylov tizimini umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari, yuksak salohiyatli kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qoʻshgan munosib hissasi, shuningdek, tavalludining 70 yilligi" sabab sifatida keltirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Zayniddin Nizomxoʻjayevga ushbu unvon va koʻkrak nishonini topshirdi.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Zayniddin Nizomxoʻjayev uzoq yillar qator masʼul lavozimlarda mehnat qilgan. U 2014 yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.
Nizomxoʻjayev 2021 yil fevralida Mirzoulugʻbek Abdusalomov oʻrniga Markaziy saylov komissiyasi rahbarligiga saylangandi. U avval Oliy Majlis Senati raisining oʻrinbosari sifatida ishlagan.