Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasida ikki yashirin yerosti yoʻli aniqlandi

Ushbu yoʻl orqali transchegaraviy jinoiy guruh faoliyat olib borgan. Ulardan qiymati 11 mlrd. soʻmni tashkil etuvchi tovarlar va tilla ashyolar olib qoʻyildi. 

Jamiyat
20-mart, 14:11
Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasida ikki yashirin yerosti yoʻli aniqlandi

DXX  Andijon viloyat boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Xonobod shahrining “A.Navoiy” MFY hududini Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlogʻi bilan bogʻlovchi 2 ta yashirin yerosti yoʻli aniqlanib, ular orqali tovar-moddiy boyliklarni yurtimizga olib oʻtish bilan shugʻullangan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston fuqarolaridan iborat transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek kuyildi. 

Dastlab Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi yerosti yoʻli orqali Oʻzbekistonga 16 ta qopda jami 813 dona mobil telefon vositalarini olib oʻtib, yurtimizdan esa 1 kg. 745 gr. oltin yombilari va zargarlik buyumlarini olib chiqib ketmoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. 

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahridagi boshqa sheriklari aniqlandi hamda ularga tegishli 10 ta manzil koʻzdan kechirilganida, mazkur yerosti yoʻlaklari orqali olib oʻtilgan mobil telefon apparatlari, planshet, noutbuk va ularning aksessuarlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, har ikki yer osti yoʻli 20 metr chuqurlikda joylashgan, kengligi 70-80 sm.ni, balandligi 170-180 sm, birinchisining uzunligi 350 metrni,  ikkinchisiniki esa 135 metrni tashkil qiladi. 

Tezkor tadbir davomida, guruh aʼzolaridan dastlabki kiymati 11 mlrd. soʻmni tashkil qiluvchi jami 3813 dona turli mobil telefon apparatlari, 50 dona planshet, 97 dona noutbuk va 1000 donadan ortiq aksessuarlar, shuningdek 1 kg. 745 gr. oltin yombi va zargarlik buyumlari olindi. 

Hozirda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

© 2023 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+