Sirdaryo hokimligi yana radarlar xaridi uchun pul ajratmoqda
2023 yil Guliston shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik festivali xarajatlarini qoplash uchun viloyat mahalliy byudjeti hisobidan 1 milliard soʻm berilishi maʼlum qilingan.
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyevning 1 mart kuni pul ajratish boʻyicha uch farmoyishi eʼlon qilindi. Pullar festival, turli tadbirlar va radarlar xarajatiga sarflanadi.
Birinchi hujjatga koʻra, 2023 yil 6-8 may kunlari Guliston shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik festivali xarajatlarini qoplash uchun viloyat mahalliy byudjetining erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan bir milliard soʻm berilishi maʼlum qilingan. Pullar Madaniyat vazirligi huzuridagi "Xalqaro festivallar direksiyasi"ga beriladi.
Tuman(shahar)larda fuqarolar tashabbusini shakllantiruvchi tadbirlarni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablagʻlaridan 5 mlrd. soʻm beriladi. Pullar Sirdaryo viloyatining 11 tumaniga taqsimlanadi. Jumladan, Guliston shahriga 502 million, Shirin shahriga 146 million soʻm, Boyovut tumaniga 816 million soʻm, Sirdaryo shahriga 795 million soʻm ajratiladi.
Uchinchi farmoyishga koʻra, viloyatda yoʻl qoidalari buzilishini maxsus qayd etuvchi foto va video dasturiy-texnik vositalarni xarid qilish xarajatlari uchun 3 mlrd. soʻm beriladi.
Sirdaryo hokimi bir kun avval ham mablagʻ ajratish boʻyicha uchta farmoyish chiqargandi. (jami 22 mlrd. soʻmdan ziyod)
Eslatib oʻtamiz, hokim dekabr oyida ham radarlar uchun mablagʻ ajratgandi.
Telegramda kuzatib boring!