Putinga goʻrida ham tinchlik bermaydi

Hayotligida nafaqat faoliyati bilan, balki qamoqxonada, karserda yotgan holda Rossiya prezidentiga xavf solib turgan Navalniy haqida.

Jahon
2-mart, 20:19
Putinga goʻrida ham tinchlik bermaydi

Qahramonlar qahramon boʻlib tugʻilmaydi, ularni davr va yovuzlar qahramonga aylantiradi. Aleksey Navalniyni ham mana shunday omillar siyosiy qahramon sifatida voyaga yetkazdi. Ammo Navalniyning qamoqxonadagi oʻlimi uni nafaqat qahramon sifatida, balki yovuz tuzumdan jabr chekkan mazlum qahramon sifatida tarixga muhrladi.

Putin rejimining navbatdagi qurboni

Bahorning ilk kuni aksariyat xalqlar uchun quvonchli kun boʻlsa-da, ongli va erksevar rossiyaliklar uchun qora kun sifatida boshlandi. Shu kuni Rossiyaning yagona va oʻzgarmas hukmdori Putin va uning shotirlariga qarshi tik gapira olgan, uning chirkin tomonlarini oshkor qilgan siyosatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fondining surishtiruvlari vositasida yuqori hokimiyatdagi korrupsiya, zulm hamda adolatsizlikni, hatto Putin va boshqa yuqori mansabdor shaxslarning mamlakat va xalqni talash yoʻli bilan milliarderga aylanishganini fosh qilgan Aleksey Navalniy tuproqqa qoʻyildi.

Putin oʻz muxoliflarini avval tuhmat va shantaj hamda obroʻsizlantirish, soʻngra qamoq, bular ham ish bermasa, oʻldirish bilan yoʻlidan supurib tashlashga oʻrgangan. Boris Nemsov va Yevgeniy Prigojin kabi shaxslar faoliyatining nihoyasi oʻldirish bilan tugaganini unutmasligimiz kerak.

Aleksey Navalniyni turli bahonalar bilan koʻp yillik qamoqqa tiqib ham ovozini oʻchira olmagan Putin rejimi uning oʻligidan ham qoʻrqishi maʼlum boʻlib qoldi. Garchi Rossiya Federatsiyasi Jazoni ijro etish federal xizmati hududiy boshqarmasi Aleksey Navalniy 16 fevral kuni qamoqxonada vafot etganini bildirgan boʻlsa-da, deyarli 2 hafta davomida uning jasadi qarindoshlariga berilmadi. Alekseyning onasi Lyudmila Navalnayaning maʼlum qilishicha, hukumat vakillari Navalniyni maxfiy ravishda, imi-jimida koʻmishni talab qilib koʻp bosim oʻtkazgan. Biroq onaizor bu noqonuniy talablarga koʻnmagan. Har bir hur insonning haqqi – odamdek koʻmilish huquqini poymol etmasliklarini soʻragan. Nihoyat, 2 hafta deganda unga jasadni berishdi, ammo imkon qadar tez koʻmishni talab qilishdi. Lyudmila Navalnayaning bu talabga koʻnishdan boshqa iloji qolmadi.

Munosabat

Putin Navalniyning oʻlimi borasida biror fikr bildirmadi. Rossiya davlat kanallari bu jarayonni shunchaki ignor qildi. Xalqaro jurnalistlar Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan “Navalniy siyosiy faoliyatiga baho beriladimi?”, deb soʻrashganida, yoʻq, deyish bilan cheklandi. Matbuot kotibi Navalniyning qarindoshlariga aytadigan gapi yoʻqligini bildirib, aholini Navalniyni dafn etish marosimida qatnashmaslikka chaqirdi, “bu ruxsat berilmagan ommaviy tadbirda” qatnashganlar qonunga koʻra javobgarlikka tortilishini eslatdi.

Lekin Navalniyni dafn etishlaridan xabar topgan moskvaliklar va boshqa hududlardan yetib kelgan 10 minglab rossiyaliklar erta tongdan bir necha kilometrlik navbatga turishdi. Garchi hokimiyat qoʻrqitgan boʻlsa-da, garchi atrofni tumonat politsiyachilar va askarlar oʻrab olgan boʻlsa-da, tomlarda snayperlar otib oʻldirishga shay turgan boʻlsa-da, odamlar qoʻllarida gullar va Navalniyning portretlarini koʻtarib olgan holda unga soʻnggi hurmat bajo keltirish, u bilan vidolashib, soʻnggi yoʻlga kuzatib qoʻyishga jurʼat qilishdi. Yana millionlab odamlar esa internet va televizor orqali bu marosimni kuzatib, motam tutishdi. Dunyoning deyarli barcha shaharlarida Navalniyni zarracha hurmat qilgan, uning siyosiy faoliyatini qoʻllagan insonlar Rossiyaning xorijdagi elchixonalari oldiga yoxud stixiyali tarzda tashkil etilgan makonlarda Navalniyni xotirlab gul va sham qoʻyishni oʻz burchlari deb bilishdi. Hatto Navalniy tobuti uzra diniy marosim oʻtkazilayotgan cherkovga kiritishmasa ham, “Xayr Aleksey, barchasi uchun senga rahmat” “Aleksey, sen bizga qoʻrqmaslikni oʻrgatding”, “Rossiya ozod boʻladi”, “Putin – qotil”, “Urushga yoʻq deymiz”, “Siyosiy mahbuslar ozod qilinsin” qabilidagi shiorlarni joʻr boʻlib aytishdan qoʻrqishmadi.

Navalniyni dafn etish marosimi dunyoning deyarli barcha yirik OAVlari tomonidan bevosita yoritildi, bir necha millionlab insonlar bu marosimni kuzatib, Navalniy tarafdorlarining jasoratiga, ularning insoniyligiga tan berishdi.

Aslida Navalniy oʻlimi eʼlon qilinganidayoq dunyo unga motam tutib boshlagan edi. Rossiyaning koʻplab shaharlarida ham Navalniyning oʻlimi va uning xotirasiga bagʻishlangan spontan norozilik namoyishlari oʻtkazildi. Siyosatchi xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun chiqqan odamlarning koʻpchiligi hibsga olindi.

Navalniyning oʻlimiga dunyo munosabat bildirdi. Bu munosabatlarda “Putin qoʻrqdi” va “Putin – qotil” degan soʻzlar koʻp kuzatildi.

“Navalniyning oʻlimi bilan bogʻliq barcha faktlarga oydinlik kiritilishi kerak, Rossiya jiddiy savollarga javob berishi kerak”, dedi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel Navalniyning oʻlimi uchun Rossiya rasmiylari javobgar ekanini taʼkidladi.

Germaniya kansleri Olaf Shols "Navalniy Rossiyaga qaytishga jurʼat qilgani uchun oʻlimi bilan badal toʻladi”, dedi.

“Dahshatli yangilik. Aleksey Navalniy Rossiya demokratiyasining eng ashaddiy himoyachisi sifatida butun umri davomida aql bovar qilmaydigan jasorat koʻrsatdi”, – dedi Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Navalniyning oʻlimida bevosita Rossiya rasmiylarini aybladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Navalniyni Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻldirgani aniq”, dedi.

Amerika prezidenti Jo Bayden esa 2021 yilda Putinga Navalniy qamoqda oʻlsa, halokatli oqibatlarga olib kelishi bilan tahdid qilgan va “Navalniyning oʻlimi uchun Putin javobgar boʻladi”, deb aytgan edi. Jurnalistning u vaʼda qilgan halokatli oqibatlar keladimi, degan savoliga Bayden shunday javob berdi: "Bu uch yil oldin edi. Oʻshandan beri ular juda koʻp oqibatlarga duch kelishdi".

“Aleksey Navalniyning oʻldirilishi Rossiya tarixidagi eng sharmandali sahifalardan biridir. Navalniy juda qatʼiyatli, isteʼdodli va yorqin siyosatchi edi. Rejim uni asosiy tahdid deb bildi va uni oʻldirishga qaror qildi”, – dedi Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi rahbari Ali Karimli.

Marhum qanday odam edi?

Putin rejimi Navalniyning oʻlishini istab qolganini anglash uchun uning keng koʻlamli, uzoq muddatli faoliyatiga qisqacha boʻlsa ham nazar solmoq kerak. Navalniy 2015 yilda Boris Nemsov oʻldirilganidan keyin Rossiyada oʻz siyosiy dasturini shakllantirgan holda, hokimiyat oldiga savollar qoʻya olgan yagona siyosatchi boʻlganining oʻziyoq koʻp narsadan dalolat beradi. Umuman, Navalniyning siyosatchi sifatidagi faoliyati deyarli 20 yil davom etdi. 2011 yil oxiriga kelib, Navalniy hukumat amaldorlari va Putinga aloqador biznesmenlarning oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilishganini fosh etgani bois eng mashhur muxolifatchiga aylandi. Putinning navbatdagi saylovlarni oʻtkazib, prezident sifatida yana taxtda qolishiga qarshi namoyishlarga yetakchilik qildi. Navalniy tayyorlagan, Gelenjikdagi Putin saroyi haqidagi fosh etuvchi koʻrsatuv YouTube platformasida 129 million marta tomosha qilindi.

2013 yilda Navalniy Moskva merligiga nomzodini qoʻydi. Uning 27 foiz ovoz bilan ikkinchi oʻrinni egallagani uni va tarafdorlarini ruhlantirib yubordi. Siyosiy kurashlar samara berishiga ishonch uygʻondi.

2017 yilda prezidentlik saylovlari kampaniyasi doirasida u, albatta, Putin unga saylovlarda ishtirok etishga ruxsat berishini kutmagan edi. Chunki oʻziga hamda xalq qoʻllashiga ishonchi qolmagan Putin hatto Boris Nadejdinga ham 2024 yil 17 martga belgilangan prezident saylovlarida ishtirok etishga ruxsat berishga qoʻrqqan edi. Biroq, keyin Navalniy ruslarga "kelajakning goʻzal Rossiyasi"ning soʻl-liberal versiyasini tasvirlab bergan siyosiy dasturni taqdim etdi. U kuchli mahalliy hokimiyat organlari, mustaqil sudlar, koʻppartiyaviylik tizimi, davlat ishtirokisiz monopoliyadan chiqarilgan iqtisodiyot va korrupsiyaga barham berilgan parlament respublikasini tasvirladi. Va eng muhimi, u byudjetni birinchi navbatda ichki ehtiyojlar, taʼlim va sogʻliqni saqlashga sarflaydigan ijtimoiy Rossiya haqida koʻp gapirdi. Navalniy rossiyalik siyosatchi edi, u ruslarni "Buyuk Pyotr yoki Leninning ulugʻvor davrlari"ga qaytarishni vaʼda qilmadi, uning tasavvuridagi, "kelajakdagi goʻzal Rossiya" Putinning SSSRni, umuman Rossiya imperiyasini tiklashga boʻlgan botiniy maqsadlariga mutlaqo teskari edi.

Putinga tobeʼ va unga moyil kuchlar propagandasi koʻpincha Navalniyni millatchi va antimigrant, antislomiy element qilib koʻrsatishadi. Biroq oʻzbek siyosatchisi Kamoliddin Rabbimov buni juda chiroyli tushuntirib bergan. “Navalniy – liberal, lekin millatchi (natsionalist) edi, – deb yozadi Rabbimov. – Natsionalist – imperialistning teskarisi. Imperialist – oʻz atrofidagilarni oʻziga integratsiya qilishni oʻylaydi: vizalarni olib tashlaydi, oʻqish va ishlash uchun sharoit qilib qoʻyadi, axborot hududini qoʻshib olib boshqaradi, iqtisodu siyosatni integratsiya qiladi, geosiyosiy mustaqillik bermaydi – aksincha geosiyosiy boshqaradi va h.k.

Natsionalist esa teskarisi – u imperiyani parchalaydi, oʻz davlatini milliy davlat sifatida koʻradi, oʻz “qullarini”, “mardikorlarini” qoʻyib yuboradi, ularning ishiga kamroq aralashadi, eshikni “viza” orqali qulflab oladi. Natijada, boshida “mardikor” va “qullarga” qiyinroq boʻladi, lekin yillar oʻtib, kechagi mardikor va qullar haqiqatda ozod va hur boʻlib boshlaydi. Navalniyning qiymati – uning millatchilikka moyilligida edi. Agar u hokimiyatga kelganda, uni ham imperiyachilikka yoʻnaltirishar edi. Lekin hamma gap – moyilliklarda”, deya munosabat bildirdi oʻzbek siyosatchisi Rabbimov.

Ikkinchidan hozir migrantlarga va musulmonlarga qarshi kurashayotgan rejim Navalniy emas, aynan Putin rejimi shekilli?

Xalos boʻlishga ilk urinishlar

Navalniyning oilasi uni muntazam ravishda yuguradigan va spirtli ichimliklarni suiisteʼmol qilmaydigan mutlaqo sogʻlom odam sifatida tavsiflashgan. Shu bilan birga, hech shubhasiz, Putinning taʼqiblari natijasida Navalniyning salomatligiga jiddiy putur yetdi. 2017 yilda uning yuziga yashil boʻyoq sepilganida bir koʻzi deyarli koʻrmay qoldi. 2020 yilda uni “Novichok” harbiy zaharli moddasi bilan zaharlab oʻldirishga urinishdi. Aleksey oʻlmay qolgan boʻlsa-da, komaga tushdi. Navalniy 2021 yil yanvar oyida zaharlanish oqibatlarini bartaraf etish uchun bir necha oy Germaniyada davolandi. Oʻshandayoq koʻpchilik unga Rossiyaga qaytmaslikni, Yevropadan siyosiy boshpana olishini maslahat berishdi. Navalniyni faqat Rossiya maxfiy tashkilotlarida mavjud modda bilan zaharlashgacha borgan Putin gumashtalari, uni yoki qamoqqa tiqib, yoki suiqasd uyushtirib albatta yoʻq qilishlarini tushuntirishga urinishdi. Biroq Navalniy “Germaniya albatta yaxshi joy, lekin men davolangani keldim xolos. Men vatanimga qaytmasam boʻlmaydi”, dedi. Hozir ham ayrimlar uning bu ishi xato boʻlganini taʼkidlashadi. Ehtimol Navalniy Rossiyaga qaytib, jamiyatni Putindan qutulishga ilhom berishni maqsad qilgandir, ehtimol uning Rossiyadan chiqib ketib, nomi unutilib ketishini orzu qilgan holda Germaniyada davolanishga ruxsat bergan Putinga qasdma-qasdiga vatanga qaytgandir, buni endi hech kim aniqlay olmaydi.

Aleksey Navalniy Rossiyaga qaytib kelgach, biroz fursat oʻtib, uni turli toʻqilgan ayblovlar bilan yana qamoqqa olishdi. Navalniy shifokorlar koʻrigidan oʻtishga ruxsat berishmagani uchun ochlik eʼlon qildi. Uni turli bahonalar bilan jazo kamerasida ushlashdi, u ruhiy va jismoniy azoblarni boshdan kechirdi. Soʻnggi yillarda Navalniyning kuni asosan jazo – karser kamerasida oʻtgan. Lekin shunga qaramasdan, oʻlimi arafasida eʼlon qilingan videosida Navalniy juda tetik va sogʻlom koʻringan edi.

Oʻlim sabablari

Rossiya siyosati va iqtisodini xarob etgan, oʻzi, qarindoshlari va doʻstlarini boy qilish hisobiga rossiyaliklarni qashshoqlikka mahkum etgan diktator Putin qarimoqda. Barcha qari diktatorlarga xos ravishda unda paranoya va odamlarga ishonchsizlik kuchayib bormoqda. Hatto oʻz amaldorlari bilan ham 10 metr uzoqda turib gaplashmoqda.

Ayniqsa, Ukrainaga bostirib kirganidan keyin u nafaqat erksevar ruslar, balki butun dunyo demokratik jamiyati nafratlanadigan jirkanch personaga aylandi. Bunday doimiy qoʻrquv va dahshat muhitida, qolaversa, 17 martga belgilangan saylovlar oldidan Putin hatto panjara ortida boʻlsa-da, tirik siyosiy raqibga ega boʻlishga yuragi dov bermadi.Chunki Navalniy oʻz tarafdorlarini Putindan boshqa har qanday nomzodga, hatto Boris Nadejdinga ham ovoz berishga chaqirdi. Shu bois manqurtlashmagan rossiyaliklar Nadejdinni qoʻllab-quvvatlash uchun darhol navbatlarga yozilishdi. Xullas, hatto qamoqxonada ham Navalniy Putin rejimi uchun xavf tugʻdirishda davom etdi.

Keyinroq Navalniyni Rossiyaning qoʻlga tushgan josuslariga ayirboshlash ehtimoli haqida mish-mishlar tarqaldi. Biroq Navalniyning Yevropaga chiqarib yuborilishi u yerda “radikal muxolifat”ga asos solishi mumkinligidan xavfsirab, uni yoʻq qilgan boʻlishlari mumkinligi toʻgʻrisida fikrlar yangradi.

Hatto qamoqxonada ham Aleksey Navalniy koʻpchilik uchun Rossiyaning siyosiy kelajagini ifodalagan, Putindan keyin Rossiyani boshqarish imkoniyatiga ega boʻlgan yetakchi sifatida koʻrilayotgan edi. Navalniyni bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilsa-da, diktatorlar abadiy emas. Har qanday diktator ham baribir bir kuni oʻladi va uning mahbuslari ozod boʻladi. Bunday istiqbolni esa Putin xayoliga ham sigʻdira olmasdi. Navalniy jismonan yoʻq boʻlishi kerak edi, tamom vassalom!

Teskariga aylanib ketgan reja

Putin Navalniyni oʻldirib, uning nomini oʻchiraman, oʻz hokimiyatimga tahdidni pasaytiraman, deb oʻylagan boʻlsa ehtimol. Biroq qarib qolgan Putinning rejalari bu gal ham teskari natija berdi. Sal avvalroq Putin NATOni Rossiyadan uzoqlashtiraman, deb Ukrainaga hujum qilgan edi, ammo oqibati buning aksi boʻldi – Rossiyaning eng yaqin chegaradosh qoʻshnilari Finlyandiya va Shvetsiya NATOga aʼzo boʻldi, NATO aʼzolari koʻpayib, NATO bilan chegaralar yana 2000 kilometrga uzaydi! Ukrainani qurolsizlantiraman, deb oʻylagan edi, ammo Ukraina armiyasi Yevropadagi eng zamonaviy va qattiq qurollangan armiyaga aylandi! Ukrainada rus tilininig obroʻsini majburan koʻtarishga uringandi, lekin Ukrainada rus tiliga nisbatan bitmas-tuganmas nafrat uygʻondi.

Bu safar ham shunday boʻldi: Putin istagi va rejasiga zid oʻlaroq, Navalniyning oʻlimi uni qahramonga va Putin zulmidan jabr koʻrgan avliyoga aylantirdi!

Lekin afsuslanarli tarafi – Navaniyni oʻldirib ham tinch qoʻyishmadi: uning jasadini ham sarson qilishdi, odamdek yerga koʻmilishi huquqidan mahrum qilmoqchi boʻlishdi. Zero, bir maqolda aytilganidek, shoqollar hatto sherning oʻligidan ham qoʻrqishar ekan! Putin hokimiyati bu qilmishlari bilan oʻzining insoniylikdan yiroqligi, shunchaki shoqol ekanini oshkor qilib qoʻydi.

Kurash davom etadi

Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya jamoatchilikka murojaat qilib, erining ishini davom ettirishini aytdi. Uning videomurojaati erining YouTube kanalida eʼlon qilindi.

"Men Aleksey Navalniyning ishini davom ettiraman. Siz bilan birgalikda vatanimiz uchun kurashishda davom etaman. Cizlarni yonimda turishga chaqiraman. Nafaqat bizni oʻrab olgan va qoʻyib yubormayotgan qaygʻu va cheksiz ogʻriqni, balki gʻazabimni ham baham koʻrishingizni soʻrayman", – degan Yuliya Navalnaya.

Xotima

Navalniy 47 yoshida dunyoni tark etdi. Ayrim muttaham prezident va uning gumashtalariga oʻxshab oʻzini oʻylamadi, u Rossiya kelajagi, uning xalqi uchun umrini fido qildi. Xuddi oʻzi yonsa-da, atrofni yoritgan sham kabi yonib-oʻchdi. Biroq erib yoʻqolgan shamdan farqli ravishda Navalniy tarixda qoladi. Uning kurashi va gʻoyalari odamlar qalbida qoladi. Ozod jamiyat qurish yoʻlidagi yangi kurashlar uchun ilhom bagʻishlab turadi.

Navalniy qisqa umr koʻrgan boʻlsa-da, mazmunli hayot kechirdi. Xalq mehrini qozonishga, millat xotirasidan joy olishga, uning ongini uygʻotishga ulgurdi. Oʻlim aslida bir dunyodan ikkinchi dunyoga koʻchish xolos. Navalniy bu dunyoda tutqun edi, endi ozod boʻldi. Avval, Putin taʼbiricha, shunchaki “personaj” edi, endi halq qahramoniga aylandi.

Eʼtibor qilinsa, Navalniy bilan vidolashgani kelganlarning aksariyati yoshlar. Bular kelishga jurʼat qilgan tarafdorlari xolos. Yana qancha millionlab yoshlar politsiyadan qoʻrqib kela olmagan boʻlsa-da, gʻoyibona tarzda Navalniyga motam tutgani aniq. Bundaylar koʻpchilik.

Dafn marosimiga kelganlar nafaqat Navalniyga hurmat bajo keltirish, balki Putin va uning rejimiga nafratini va noroziligini ifoda qilish uchun ham kelishganini unutmaslik kerak. Albatta ular 72 yoshni urib qoʻygan, munkillab qolgan prezidentdan koʻra koʻproq umr koʻrishlari ehtimolga yaqinroq. Demakki, Putinning rejalari baribir amalga oshmaydi. Navalniy Rossiyaga erkinlik shamolini keltirmoqchi boʻlgan shaxs sifatida qalblarda qoladi. Uning gʻoyalarini yoshlar davom ettiradi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+