Qiymati bir milliard soʻmdan oshiq davlat xaridlari bekor qilindi

Jarqoʻrgʻon tuman hokimligi sovgʻalar sotib olish va bayram dasturxoni yozish uchun 309,0 mln.soʻm sarflagan. 

Davlat xaridlari
19-mart, 17:20
Qiymati bir milliard soʻmdan oshiq davlat xaridlari bekor qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining masofaviy monitoring tartibidagi oʻrganishlarida umumiy qiymati 1 mlrd. soʻmdan ortiq boʻlgan quyidagi davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi va bekor qilindi. Jumladan:

- Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida joriy yilning 15 fevral kuni amfiteatr temir konstruksiyalarini olib kelish xizmati yuzasidan oʻtkazilgan 200,0 mln soʻmlik;

- Jarqoʻrgʻon tuman hokimligi buyurtmachiligida joriy yilning 21 fevral kuni bayram tadbiri uchun sovgʻalar sotib olish va bayram dasturxoni yozish yuzasidan oʻtkazilgan 309,0 mln soʻmlik;

- Oqoltin tuman Tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida joriy yilning 28 fevral kuni laboratoriya tahlillari xizmatini koʻrsatish yuzasidan oʻtkazilgan 300,0 mln soʻmlik;

-  Urganch ixtisoslashtirilgan maqom sanʼati maktab-internati buyurtmachiligida joriy yilning 22 fevral kuni autsorsing xizmati yuzasidan oʻtkazilgan 371,1 mln soʻmlik davlat xaridlari.

Ushbu davlat xaridlarida Oʻzbekiston Respublikasi «Davlat xaridlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida»gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash bayonnomalarini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachilarga Agentlikning taqdimnomalari kiritildi.

Agentlikning taqdimnomalariga binoan yuqoridagi davlat xaridlari boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilinishi taʼminlandi.

Shuningdek, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarni tegishli javobgarlikka tortish maqsadida toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Fevral oyida ham qiymati 1 mlrd. soʻmdan oshiq boʻlgan davlat xaridlarida qonunbuzilishlari aniqlangandi.

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+