Teri kasalliklari jins tanlamaydi

Tanamizdagi eng katta aʼzo boʻlmish terida ham koʻp kasalliklar bor. Platina.uz Oʻzbekiston dermatovenerologiya va kosmetologiya markazining dermatovenerolog shifokori Jahongir Turdiyev bilan ana shular haqida suhbatlashdi.

Intervyu
18-mart, 20:03
Teri kasalliklari jins tanlamaydi

Tibbiyotning teri salomatligi bilan shugʻullanadigan sohasi – dermatologiya deb ataladi. Koʻpincha bu soha vakillari teri-tanosil kasalliklari bilan shugʻullanuvchi tibbiy muassasalar tarkibida faoliyat yuritishadi. Chunki tanosil – yaʼni jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklarning aksariyati asosan terida (shuningdek, suyak va boshqa toʻqimalarda xam) yara-chaqa, turli rangdagi dogʻlar, teri rangining oʻzgarishi, yiringli tugunlar yoki chandiqlar tarzida koʻrinish beradi. Shu bois bu ikki soha umumlashtirilgan.

Aytish joiz, ter va yogʻ (hatto sut) bezlari, teridagi tuklarning salomatligi (trixologiya) bilan ham teri kasalliklari shifokori shugʻullanadi. Masalan, meʼyoridan ortiqcha yoki kutilmagan joylarda tuk oʻsishi, tuklarning (bosh terisida) toʻkilib ketishi – alopetsiya (kal boʻlish), seboriya (qazgʻoq) yoki pedikulyoz (bitlash) kabi muammolar haqida ham dermatolog qaygʻuradi.

Platina.uz shunday yuqori malakali shifokorlardan biri – Oʻzbekiston dermatovenerologiya va kosmetologiya markazining dermatovenerolog shifokori Jahongir Turdiyev bilan suhbatlashdi.

– Xalqimizda “rang koʻr, hol soʻr” yoxud “istarasi issiq ekan”, degan naqllar bor. Birinchi koʻrgan odamimiz haqidagi ilk taassurotimiz uning yuzi, boʻy-basti va qomati, tirnoq va sochlarining ahvolini baholash natijasida hosil boʻladi. Odamning yoshi, xarakteri, pokiza va sarishtaligi, jismoniy va ruhiy salomatligi, hatto sinchkovlik bilan qaralsa, kasbiy faoliyati va moddiy-ijtimoiy maqomi ham yuz va tana terisida aks etadi. Yuz va teri salomatligi va koʻrkamligi borasida qaygʻurish uchun qaysi jihatlarga eʼtibor qaratish lozim?

– Albatta, gigiyenik-kosmetik parvarish, makiyaj, tatu, plastik operatsiya va boshqa vositalar orqali teridagi kamchiliklarni yashirish, normal va sogʻlom teri holatini imitatsiya qilish mumkin. Biroq tabiiy normal (goʻzal) va sogʻlom teriga yetmaydi baribir.

Shu bois inson jamiyatda unga munosabat sogʻlom boʻlishini istasa, terisini parvarishlash, uning salomatligi haqida qaygʻurishga majbur.

Teri xastaliklari oxirgi paytda yurtimiz aholisini ham koʻproq bezovta qila boshladi. Toʻgʻrirogʻi, kasalliklar avvaldan mavjud edi, biroq internetning hayotimizdan keng oʻrin olayotgani, globallashuv hamda moddiy farovonlik va xabardorlikning ortishi natijasida ularga, ularni davolashga eʼtibor kuchaya boshladi.

Shu bois ayni vaziyatda aholining ushbu muhim mavzu – teri kasalliklari va ularni davolash yuzasidan xabardorliklarini oshirish dolzarb boʻlib turibdi.

Shaxsan oʻzim teri kasalliklari hamda jinsiy yoʻl orqali yuquvchi infeksion kasalliklar zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari, teri va allergik kasalliklarda plazmaferez amaliyotini bajarish, SO2 lazeri yordamida yaxshi sifatli hosilalar lazer distruksiyasini oʻtkazish kabi sohalarga ixtisoslashganimning ham sababi shu. Chunki ayni shu sohalarga eʼtibor bersak, yurtimiz aholisining sogʻlom hamda koʻrkam boʻlishi va albatta, siz aytgandek, istarasi issiq xalq boʻlishiga hissa qoʻsha olaman, deb oʻylaganman.

– Koʻpchilik “ichki organlar sogʻlom boʻlsa yetarli, kosmetika va yuz salomatligi ayollarning ishi”, degan xayol bilan yurishadi. Bu masalaga shifokor sifatida qanday yondashasiz?

– Bir maʼlumot aytsam, ehtimol oʻquvchilarimiz uchun yangilik boʻlar, lekin teri – inson tanasidagi eng katta organ hisoblanadi! Bir qarashda eng katta organ jigar, biroq terining ogʻirligi jigardan uch barobar katta. Teri vazni tana umumiy ogʻirligining 6 foizini, teri ostidagi yogʻ toʻqimalari bilan birga 17 foizini tashkil etadi. Teri maydoni boʻyicha ham eng katta aʼzo – uning maydoni oʻrtacha 1,6 – 2,5 metr kvadratga teng.

Inson tanasidagi hamma organ muhim, lekin terining ahamiyati juda katta. Teri muskul va skeletimizni ushlab turish vazifasini bajaradi. Ayrim kam uchraydigan xastaliklarda teri osilib qolishi natijasida boʻgʻinlar meʼyoridan koʻp, normal boʻlmagan tarzda bukiladi.

Shuningdek, teri estetik vazifani ham bajaradi. Sogʻlom teri yogʻli muvozanati saqlangan, yaltiramagan, ajin, dogʻ va chandiqlarsiz boʻladi.

Terining hosila elementlari, sodda qilib aytganda, qoʻshimchalari ham mavjud. Tirnoqlar, soch va boshqa tuklar, ter, yogʻ va sut bezlari shular jumlasidandir.

– Inson terisi faqat husn va yoshlik oynasimi yoki butun tana salomatligi uchun ham hissa qoʻshadimi?

– Terining funksiyalari juda koʻp. Ayrimlari faqat teriga xos boʻlsa, ayrimlari boshqa organlarga xos vazifalarni ular bilan uygʻunlikda, bir tizim oʻlaroq bajarishini ham taʼkidlashni istardim.

Terining eng sezilarli xususiyatlaridan biri – u tana haroratini muvozanatda ushlab turadi. Teridagi teshiklar tashqi muhitdagi havo haroratiga moslashish uchun ochilib-yopilish hamda asab tolalari yordamida qon tomirlarini qisqartirish-kengaytirish orqali qon oqimini pasaytirish-koʻpaytirish, eng muhimi, ter bezlari orqali tanadagi suyuqlikni bugʻlantirish vositasida haroratimizni salomatlik uchun qulay muvozanatda ushlab turadi. Gipertermiya (qizib ketish) va gipotermiya (sovqotish)dan asraydi.

Teridagi teshiklar nafas oladi va tanani kislorod bilan taʼminlashda oʻpkaga yordam beradi. Oʻpkaning nafas olish maydoni 120 m2, teriniki 1-2,5 kvadrat metr. Terining kislorodni qabul qilish, karbonat angidrid chiqarish jarayoni tana umumiy havo almashinuv jarayonining 1,5–2,0 % ni tashkil etadi.

Terimiz terlash orqali suv-tuz almashinuvida ishtirok etadi. Baʼzan tanadagi zarur organlar oʻz vazifasini bajara olmay qolsa, terining ekskretor funksiyasi kuchayib ketadi. Masalan, buyrak yaxshi ishlamasa, organizm qondagi ortiqcha va zararli moddalarni, jumladan, mochevina, yogʻ, tuzlar, ortiqcha suv, shuningdek, dori vositalari hamda boshqa modda almashinuv jarayoni qoldiq mahsulotlarini teri orqali chiqarib yuborishga harakat qiladi.

Odam terisi D vitamini hamda ayrim gormonlarni sintez qilish va toʻplash orqali endokrin va metabolik funksiyani ham bajaradi. Ayniqsa, terida D3 vitamini ishlab chiqarilishi juda muhim, chunki bu vitaminsiz suyaklar normal rivojlana va shakllana olmaydi.

Teri qonni zaxirada saqlash xususiyatiga ham ega. Dermadagi qon-tomirli tizimda 1 litrgacha qon mavjud boʻladi. Shu bilan birga terida koʻplab nerv tolalari va sezgi retseptorlari joylashgan va u bizning 5 ta sezgimizdan birini boshqaradi. Bu organizmning tashqi muhitda xavfsiz boʻlishini, organizm uchun zararli muhit haqida ogohlantirib turishini taʼminlaydi.

Biroq terining eng katta funksiyalaridan biri – bu himoya boʻlib, u turli zararli va patogen mikroorganizmlarni tanaga kiritmaydi. Mexanik va kimyoviy taʼsirlardan, ultrabinafsha nurlanishdan himoya qiladi. Badanning suv yoʻqotishi yoki tashqaridan suv kirib ketishining oldini oladi. Hamda odam terisi yordamida chiniqish orqali tashqi muhitga moslashadi.

Shuningdek, teri oʻzining immun funksiyasi oʻlaroq, antigenlarni ushlash, tashish va protsessing vazifasini bajarib, pirovardida immun reaksiyasining rivojiga taʼsir qiladi.

– Oxirgi paytlarda ekologiya va ish hamda hayot tarzimizning salomatlikka putur yetkazadigan jihatlari haqida xavotirlar koʻpaygan. Shu munosabat bilan turli zararli odatlar va atrof-muhit taʼsirida terida roʻy beradigan oʻzgarishlar haqida maʼlumot berib oʻtsangiz.

– Nafaqat ekologiya va hayot tarzimiz, balki vaqt ham eng katta “zarar yetkazuvchi” omil. Bekorga aytishmagan-ku, inson tugʻilgan zahoti qariy boshlaydi deb. Toʻgʻri, inson tanasidagi hujayra va toʻqimalar toʻxtovsiz yangilanib turadi. Ammo har bir yangi organik tuzilma avvalgisidan nusxa oladi. Bu xuddi asl suratdan kserokopiya mashinasi orqali nusxa olish, keyingi safar esa original suratdan emas, balki shu nusxadan nusxa olish va shu tarzda davom etishni anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, organizm vaqt oʻtishi bilan tabiiy qarib, avvalgi sifatini yoʻqotib boraveradi. Yosh oʻzgarishlari ayniqsa terida yaqqol koʻrinib turadi. Bundan ayollar koʻproq tashvishga tushadi.

Umuman olganda, odam 20 yoshga chiqqandayoq, koʻz atrofidagi terining taʼsirchanligi ortadi, ilk mayda ajinlar paydo boʻladi. Oʻttiz yoshga chiqqanda yuz mimikasi (kulish, gʻazablanish va hokazo tuygʻularda yuz terisining vaqtincha notekis holatga kelishi) oqibatidagi ajinlar paydo boʻladi. Yana 10 yil oʻtgach esa koʻz atrofidagi va mimik mayda ajinlar haqiqiy, ketmaydigan chuqur ajinlarga aylanadi. Teri quruqlashib boradi, unda charchoq alomatlari yaqqol namoyon boʻla boshlaydi, rangi oʻzgaradi, lab atrofida ajinlar yuzaga keladi.

Tanamizning boshqa qismidagi terilar ham qariydi: oyoq va qoʻllarning ichki tarafidagi terilar boʻshashib, osilib qola boshlaydi, ayrim hududlarda sellyulit paydo boʻladi.

Ellikdan oʻtgan ayollarda esa yuz ovali oʻzgaradi, yuz terisi goʻyo pastga “oqib tushadi”, qoʻl, yuz, yelka terisida pigment dogʻlar paydo boʻladi. Bu davrda qarish ayniqsa tezlashib ketadi, chunki terining mustahkam va qayishqoqligi, tarangligini taʼminlovchi kollagentez yoʻqola boshlaydi, shuningdek, ayollarda esterogen, erkaklarda testosteron gormoni kamayadi. Baʼzi odamlar, ayniqsa ayollarning qomati oʻzgaradi, semirib ketadi.

Endi yomon odatlarga kelsak, nosogʻlom hayot tarzi, yaʼni stress, tushkunlik, koʻp asabiylashish, chekish, yomon va tartibsiz ovqatlanish, ochiq havoda kam boʻlish, kam harakatlilik teri hujayralarining zararlanishi va kuchsizlanishiga olib keladi. Kuchli yorugʻlik, koʻp vaqt quyosh tigʻida yurish, televizor va kompyuterlarning nurlanishi ham teri qarishiga sabab boʻladi. Ayollarning arzon, dekorativ kosmetika vositalaridan foydalanishi ham teriga zaharli, ifloslantiruvchi va zarar keltiruvchi taʼsir koʻrsatadi.

Terimiz ayniqsa spirtli ichimliklar ichish, tamaki va narkotik mahsulotlarni isteʼmol qilish, toʻyib uxlamaslik va hatto ayrim oʻta shoʻr, achchiq, shirin va qovurilgan taomlar, ziravorlarga ruju qoʻyishdan katta zarar koʻradi.

Qolaversa, bu omillar hech kutilmagan joylarda yangi ajinlar hamda turli husnbuzar yara-chaqalar va pigment dogʻlar paydo boʻlishiga, teri teksturasi va yuz konturi oʻzgarishiga olib keladi. Ayniqsa, chekish yuz terisida ajin koʻpayishi va hatto soch oqarishiga bevosita sababchi boʻlishi isbotlangan. Chunki tamaki tarkibidagi nikotin va kanserogen moddalar teridagi kollagenni parchalaydi, yangi kollagen hosil boʻlishiga toʻsqinlik qiladi va hatto terida, umuman tananing boshqa aʼzolarida ham saraton xastaligi paydo boʻlishiga olib keladi.

Shuningdek, ekologiya yomonlashgan muhitda, mehnat-oʻqish va yashash gigiyenasi talablari buzilgan binolarda koʻp vaqt oʻtkazish ham odam terisiga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatadi.

– Sizning shifkorlik amaliyotingizda qanday teri xastaliklari koʻp uchraydi va nima omillar ularga sabab boʻladi?

– Mening ish joyim – Respublika dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi boʻlgani uchun kundalik ish jarayonim davomida butun respublikamizning turli hududlaridan shifo istab kelgan, asosan ogʻir darajadagi bemorlar murojaat qilishadi.

Soʻnggi 10 yilni sarhisob qilsak, asosan vitiligo, psoriaz, husnbuzar kabi autoimmun, alimentar va ekologik sharoitning yomonlashuvi bilan bogʻliq boʻlgan xastaliklar juda koʻp uchrayotganini qayd etgan boʻlardim.

Qolaversa, jinsiy yoʻl orqali yuquvchi kasalliklar ham aholi orasida ortib bormoqda. Bunga pala-partish jinsiy xayot, migratsiyaning kuchayishi, aholi mobilligining ortib borayotgani, pandemiya va boshqa jihatlar sabab boʻlyapti.

Afsuski, bir marhum qiziqchimiz aytganidek, xalqimiz kasallikni oʻtkazib yuborib, “hil-hil pishib qolgach”, shifokorga murojaat qilishadi. Nafaqat mening soham, balki boshqa har qanday shifokorga ham kasallikning dastlabki alomatlari, ilk shikoyatlar paydo boʻlgandayoq koʻrinishni maslahat bergan boʻlardim. Shifokorga qancha barvaqt murojaat qilinsa, xastalikni davolash, undan butunlay forigʻ boʻlish shunchalik oson va arzon  kechadi, asoratlari qolib ketmaydi.

Qolaversa, hali aytganimizdek, ayrim erkaklar yuzidagi oʻzgarishlar, turli yara-chaqalarga unchalik eʼtibor bermaydi, yuz terisi parvarishini ayollarga xos ish deb oʻylashadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, yuz goʻyo organizm monitori, uning indikatori: tanada boshlangan yoki avj olayotgan koʻplab xastaliklar yuzda oʻz ifodasini topadi. Organizm shu tarzda bizga signal beradi, ogohlantirishga urinadi.

– Teri xastaliklarini davolashda qanday usullar mavjud edi va qanday yangi usullar paydo boʻldi? Qanday usullardan eskirib qolgani yoki samarasizligi bois voz kechildi?

– Ilgari teri xastaliklarini davolashda koʻproq medikamentoz va turli malhamlardan foydalanilgan boʻlsa, hozir zamonaviy innovatsion texnologiyalar, fizioterapevtik muolajalar xamda lazer va boshqa usullardan keng foydalanilmoqda. Bu usullar ilgarigilaridan farqli oʻlaroq, bemorni qisqa vaqt ichida, ogʻriqsiz va asoratlarsiz davolash imkonini beradi. Shuningdek, moddiy tomondan xam iqtisodiy tejamkorlikka olib keladi.

Shu suhbatimizdan foydalanib, yana bir jihatga urgʻu berishni istardim. Hozirgi tartibga koʻra, bemor bizga murojaat qilsa, uning shikoyatlarini tinglab boʻlganimizdan keyin, uni turli laboratoriya va boshqa turdagi tekshiruvlarga joʻnatamiz. Koʻpchilik bemorlar bundan ranjishadi. “Avvallari shifokor bitta koʻrishda kasallikni aniqlar edi, bitta malham yoki hapdori yozib berardi, darrov tuzalib ketardik”, deyishadi. Lekin unutmaylikki, hozir kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolash uslublari tubdan oʻzgargan. Qolaversa, hozir tekshiruv va tahlil imkoniyatlari ham kengaygan. Aniq tashxis qoʻyishimiz uchun barcha ehtimollarni soqit qilishimiz kerak. Bu esa turli tahlil va texnik qurilmalar yordamida tekshiruvlarsiz imkonsiz. Aniq tashxis qoʻyilgach, davolash uchun tavsiya etiladigan muolaja ham shunchalik foydali va samarali boʻladi. Notoʻgʻri davolash nafaqat kasallikni oʻtkazib yuborish, balki boshqa aʼzolarimizga ham salbiy taʼsir qilishini unutmasligimiz lozim.

– Albatta, hech kim xasta boʻlishni istamaydi. Biroq, avvalo xastaliklarning oldini olish, ularni yuzaga chiqaruvchi sharoitlarga befarq boʻlmaslik ham muhim. Shu jihatdan qaraganda, teri xastaliklaridan himoyalanish, ularning oldini olish uchun nimalar qilishimiz lozim?

– Albatta, oddiy sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilib yurish, tartibsiz va nikohsiz jinsiy aloqalardan saqlanish teri xastaliklaridan omon boʻlish uchun yetarli. Biroq oʻzaro muloqot kuchayadigan urbanizatsiya (shaharlarshuv) sharoitida, ekologiya yomonlashuvi, ovqatlanish tartibi yoxud immun tizimining buzilishi natijasida ayrim yuqumli teri kasalliklarini yuqtirib olish judayam oson.

Shuningdek, autoimmun xastaliklar – pufakchali dermatoz, vitiligo (pes), biriktiruvchi toʻqimaning terini zararlovchi bir qator tizimli xastaliklari – tizimli qizil yuguruk, yaʼni volchanka deymiz uni, sklerodermiya, dermatomiozit, shuningdek, vaskulitlar, masalan, Shenleyn-Genox xastaligida, autoyalligʻlanish kasalliklari – psoriaz va boshqalarda, yoki irsiy yoʻl bilan oʻtuvchi hamda balogʻatga yetish, hayz koʻrish kabi davrlar bilan bogʻliq gormonal oʻzgarishlar, tanadagi modda almashinuvi, metabolizm, organlar faoliyatining buzilishi bilan bogʻliq xastaliklar natijasida yuzaga chiquvchi teri xastaliklarining oldini olish uchun shunchaki ozoda va ehtiyot boʻlib yurish kifoya qilmaydi.

Albatta, profilaktika muhim. Masalan, tashqi sharoit – ekologiyaning yomonlashuvi, turli kimyoviy va gipoallergen sharoit hamda buyumlar mavjud binolarda yashash, bunday moddalar va buyumlar bilan koʻp vaqt kontaktda boʻlish yoki shunday oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish zaharlanishlar hamda turli allergik reaksiyalarni yuzaga chiqarishi va bu terida turli toshmalar, qizarishlar va yalligʻlanishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bois, uyda, oʻqish va ish joylarida gigiyena, sanitar-epidemiologik talablarga qatʼiy rioya etilishi kerak.

Biroq, tashqi, zararli taʼsirlardan himoya qilishda meʼyorga rioya etilsa, yaxshi boʻlardi. Masalan, oxirgi yillarda Yevropa davlatlarida, umuman hayot farovonligi va tibbiyot rivojlangan davlatlarda bolalarda turli allergik xastaliklar, ayrim oziq moddalarga aks taʼsirlar (masalan, glyuten yoki glyukozani qabul qila olmaslik) kuchayib ketgani qayd etilmoqda. Chunki turli talablarga haddan ziyod amal qilish – insonga ming yillardan beri yordam berib kelayotgan xususiyat – chiniqishni yoʻqqa chiqaradi. Bolalarni oʻta avaylab oʻstirsak, quyosh va changli tabiatda boʻlishdan qaytarsak, kiyim, ovqat va suvni deyarli sterillangan holda taqdim etsak, ularning tanasi chiniqa olmaydi, immun tizimi rivojlanmaydi. Bunday bolalar keyinchalik ogʻir sharoitlarga tushib qolsa, turli xastaliklarga chalinishiga koʻproq moyil boʻladi. Xullas, hamma narsa meʼyorida boʻlish kerak.

Katta rahmat! Ishlaringizda muvaffaqiyat tilaymiz.

– Rahmat, sogʻ boʻling!

Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+