Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti 3,5 milliard dollarga yetkaziladi

Prezident Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligida boʻlib, rejalar taqdimoti bilan tanishdi. 

Iqtisod
18-mart, 14:47
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti 3,5 milliard dollarga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligida boʻlib, sohadagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi bu agentlik oʻsimliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Shunga muvofiq, tuproq, oʻgʻitlar va  qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tarkibini tahlil qiladi, zararli organizmlar kirib kelishi va tarqalishiga qarshi kurashib, fitosanitar toza mahsulotlar yetishtirilishini taʼminlaydi. 

Soʻnggi yillarda sohada 7 ta yangi axborot tizimi joriy qilinib, 40 ta yoʻnalish raqamlashtirildi. Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining 20 million dollarga yaqin grant mablagʻlari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi. Hududlardagi statsionar va mobil laboratoriyalar orqali 1 million 40 ming gektar yerning tuproq tahlili oʻtkazilib, mineral oʻgʻitlarni qoʻllash meʼyorlari ilmiy asosda belgilandi va “uzagrolab.uz” dasturiga kiritildi. Undagi maʼlumot va tavsiyalar orqali fermerlar dala va bogʻlarga aniq ishlov bermoqda.

Bunday chora-tadbirlar meva-sabzavotlarimiz sifati va xavfsizligida muhim omil boʻlmoqda. Bugungi kunda 80 ta davlatga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olingan. “GSP+” tizimi doirasida 200 ming gektar maydon xalqaro talablarga moslashtirilgan. 2023 yilda qishloq xoʻjaligi sohasidagi eksport qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan. Lekin aslida eksport salohiyati bundan ancha koʻp.

Shu yil 18 yanvar kuni eksport va sanoat masalalari boʻyicha boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida meva-sabzavotchilik sohasidagi chora-tadbirlar ham belgilangan edi. Xususan, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirish hamda yangi salohiyatli bozorlar topish boʻyicha vazifa qoʻyilgandi.

Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar va rejalar haqida axborot berildi.

Loyihalardan biri “Agrokoʻmakchi” mobil ilovasi boʻlib, unda oʻsimliklar himoyasi, bu sohadagi xizmatlar, foydali maʼlumotlar, eksport boʻyicha maslahatlar bilan tanishish mumkin.

Asiaexport.se platformasi esa yurtimizdagi eksportchilar bilan chet eldagi xaridorlarni oʻzaro bogʻlaydi. Unda nafaqat meva-sabzavotlar va quritilgan mevalar, balki sharbatlar, uy-roʻzgʻor buyumlari, qandolatchilik, toʻqimachilik, charmdoʻzlik va farmatsevtika mahsulotlari kabi keng turdagi tovalarlar haqida maʼlumotlar joylashtiriladi.

Agentlikning xalqaro ePhyto solution innovatsion tizimi doirasidagi hamkorligi haqida ham axborot berildi. Bu tizim orqali 119 ta mamlakat bilan fitosanitar sertifikatlar elektron shaklda almashilmoqda. Joriy yilda yana 8 ta davlatga 25 turdagi mahsulot boʻyicha fitosanitar ruxsatnoma olinadi.

Shu kabi chora-tadbirlar natijasida bu yil qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, eksportbop mahsulotlarni koʻpaytirish, fermer va dehqonlarning xabardorligini oshirish zarurligini taʼkidladi.

– Bu sohada huquqiy zamin bor, koʻp davlatlar bilan kelishuvlarga erishganmiz. Lekin eksportchilar mahsulotini qiyinchilik bilan sotayapti. Shuning uchun eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni”ni tashkil etish kerak. Hokimlar hududda yetishtirilayotgan mahsulotlar, elchilar tashqi bozordagi talab va narxlar bilan eksportchilarni tanishtirib borishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz meva-sabzavotlarni qadoqlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

– Qadoqlar xalqaro standartlarga mos, zamonaviy dizaynda, sanoatlashgan tarzda boʻlishi kerak. Oʻshanda sifat boʻladi, milliy brend yaratiladi, qoʻshilgan qiymat ham baland boʻladi. Shuning uchun eksportchilarga toʻgʻri, tartibli va chiroyli qadoqlashni oʻrgatish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Mahsulotlar yaroqsiz boʻlib qolmasligi, eksportga sifatsiz mahsulot qoʻshilib ketmasligi uchun tizimli ishlash muhimligi aytildi.

– Bu borada ham klaster tizimi boʻlishi kerak. Taʼlimdan boshlab, mahsulotlarni ekish, oʻgʻitlash, terib olib, saralashgacha boʻlgan hamma bosqichlarni oʻzaro muvofiq va yuqori sifatda yoʻlga qoʻyish zarur, – dedi Prezident.

Vazirlar Mahkamasiga ushbu tizimni takomillashtirish va eksportni rejali tashkil etish uchun 3 yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yoʻnaltirish muhimligi aytildi.

Davlatimiz rahbari agentlikning zamonaviy laboratoriyasi bilan tanishdi. Laboratoriyaning ilmiy salohiyatini oshirish, jahondagi ilmiy yutuqlarni oʻzlashtirib, sohaga tegishli idoralarda tezkor tatbiq etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shu yerda agrokimyo tizimida qoʻllanayotgan texnika va uskunalar ham namoyish qilindi.

Qayd etilganidek, chet eldan yuqori samarali entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turda kurash yoʻlga qoʻyilgan. Tajribali ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish boʻyicha qoʻllanmalar ishlab chiqilgan. 10 ta koʻchma laboratoriya tashkil etilgan.

Bu yil hududlarda 10 ta koʻchma laboratoriya tashkil qilinadi. 6 mingta bogʻ, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi.

Prezident tizimdagi mutaxassislar malakasini oshirish, har bir fermer va tomorqa egalariga yetib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+