Prezident eksportdagi muammolarni tanqid qildi

Tannarx balandligi, ayrim “uddaburonlar” daromad ortidan quvib, qadoqlashda sifatsiz mahsulot qoʻshib yuborayotgani oqibatida tashqi bozorda Oʻzbekiston mahsuloti nufuziga putur yetmoqda.

Iqtisod
18-mart, 18:03
Prezident eksportdagi muammolarni tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatida investitsiyalarni jalb qilish va eksportni koʻpaytirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi va ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot boʻlib oʻtmoqda. Prezident sohadagi muammolarga toʻxtalib oʻtdi.

Jumladan, oʻtgan bir yilda Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Kolumbiya, Indoneziya kabi 10 dan ortiq yangi bozorlarga chiqildi, mahsulotlarimiz eksport qilinadigan mamlakatlar soni 85 taga yetdi.
 
Lekin, eksportning 80 foizi 5 ta davlat bozoriga toʻgʻri kelayapti. Yaʼni, qishloq xoʻjaligi eksportini asosiy qismini “kilosiga 1 dollardan past narxda boʻlgan bozorlar” tashkil qilmoqda.

Oʻtgan yili 52 ta mamlakatga 126 ming tonna uzum eksport qilingan boʻlsa, shundan 98 ming tonnasi 12 ta davlatga kilogrammi 1 dollardan kam narxda sotilgan.

Eng xaridorgir mahsulotlarimiz boʻlgan gilos, shaftoli, xurmo, oʻrik, olcha, olxoʻri, anjir, anor, bodom, loviya, mosh eksportida ham shu ahvol.

Eng koʻp eksport boʻladigan 10 turdagi mahsulotning ulushi jami meva-sabzavot eksportida 60 foizni tashkil qiladi.

Oʻrganishlar davomida tadbirkorlar qayd etganidek, tannarx balandligi, ayrim “uddaburonlar” daromad ortidan quvib, qadoqlashda sifatsiz mahsulot qoʻshib yuborayotgani oqibatida tashqi bozorda Oʻzbekiston mahsuloti nufuziga putur yetmoqda.

Yoki, 1 mingta eksportchi korxonaning koʻp million dollarlik muddati oʻtgan debitor qarzdorligi bor. Jumladan, 33 ta tumanda eksportdan debitor qarzdorlik qolgan hududlardan ancha yuqori.

Yigʻilishda 1 million gektar gʻalladan boʻshaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga boʻlib berilgan yerlar imkoniyatidan toʻliq foydalanilmayotgani qayd etildi.

Masalan, 16 ta tuman umuman meva-sabzavot eksport qilmagan. Yoki, paxta ekmaydigan 28 ta tumanda eksport koʻrsatkichlari qoniqarsiz. Ushbu tumanlarda mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va sotish boʻyicha eksportchilar hamda dehqonlar oʻrtasida kooperatsiya tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.

Shu munosabat bilan meva-sabzavot eksportiga beeʼtibor boʻlgan tuman hokimlari, qishloq xoʻjaligi va eksport boʻyicha oʻrinbosarlariga qatʼiy eʼtiroz bildirildi.

Bu yil hududiy dasturlar doirasida respublika boʻyicha oziq-ovqat yoʻnalishida 833 million dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Lekin, 14 ta tumanda oziq-ovqat boʻyicha birorta loyiha yoʻqligi tanqid qilindi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+