Fargʻonada "Agrobank" sobiq mansabdorlarining kirdikorlari oshkor boʻldi

Jumladan, omonatchilardan birining 600 mln. soʻm mablagʻi kirim qilinmasdan, oʻzlashtirib yuborilgan. 

Jamiyat
18-mart, 12:07
Fargʻonada "Agrobank" sobiq mansabdorlarining kirdikorlari oshkor boʻldi

"Agrobank"  Fargʻona filiali sobiq mansabdoriga oʻqilgan sud hukmi boʻyicha apellyatsiya qanoatlantirilmadi. Apellyatsiya instansiyasi ajrimi nusxasi Platina.uzda mavjud. Ushbu hujjatda bankning qator amaldorlarining noqonuniy  hatti-harakatlari ham oshkor qilingan. 

Maʼlum boʻlishicha, ilgari "Agrobank"  Fargʻona filiali boshqaruvchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan M.A JKning 59-moddasi tartibida 1 yil 6 oy bank sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan. 

Hukmga koʻra, “Agrobank” ATB Fargʻona filiali boshqaruvchisi X.O, filial Buxgalteriya hisobi va hisoboti boʻlimi bosh buxgalteri A.T, filiali boshqaruvchisi oʻrinbosari - Front ofis boshligʻi M.A va kassir Sh.Blar oldindan til biriktirib, bir guruh boʻlib, omonatchi Z.Zning xabarisiz uning 600.000.000 soʻm mablagʻini boshqa maqsadlarda chiqim qilishib, omonatchining plastik kartasiga oʻzlarining pullaridan bank orqali oyma-oy pul oʻtkazishib, oʻzgani juda koʻp miqdordagi mablagʻini oʻzlashtirishgan.

Shuningdek, ular kunlik kassa hujjatlari maʼlumotlarini soxtalashtirishib, bankning juda koʻp miqdordagi 1.853.941,0 ming soʻmini;

- “Fergana-Oseana” MChJ xorijiy korxonasining hisob-raqamidan MChJ masʼul shaxslarining xabarisiz 2023 yil 29 mayda 1 582,0 mln. soʻm naqd pullarni chiqim qilishib, kunlik kassa hujjatlari maʼlumotlarini soxtalashtirishib, oʻzgani juda koʻp miqdordagi 1 582,0 mln. soʻmini oʻzlashtirib va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan;

- bank mijozlari tomonidan 2023 yil iyun oyiga qadar hisob-raqamlariga kirim qilish uchun aslida topshirilmagan naqd pullarni kirim qilishib, kirim qilingan naqd  pullarni  esa pul omboriga  yoʻnaltirishmasdan, jami 482.920,4 ming soʻmni oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilib yuborishgan va bu pullarni naqd shaklda mijozlarga kassa terminallari orqali berib, plastik kartalarga xizmat koʻrsatilganligini aks ettirishib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganlikda aybli deb topilgan.

M.A himoyachisi bilan birgalikdagi shikoyatida, harakatida oʻzlashtirish, mansab soxtakorligi va mansab vakolatini suiisteʼmol qilish jinoyatlari tarkibi yoʻqligi sababli oqlov hukmi chiqarishni soʻradi.

Lekin oʻrganishlar asnosida va guvohlar koʻrsatmalariga koʻra sudlov hayʼati M.Aga oid sud hukmini oʻzgarishsiz, uning himoyachisi bilan birgalikdagi apellyatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.

Masalan, M.A Z.Z tomonidan bankka 13 oyga yillik 22 foiz toʻlash sharti bilan 600 mln. soʻm omonatga qoʻyilgani,  MAning “NCI” dasturidagi profili orqali Z.Z omonatga qoʻygan 600,0 mln. soʻmni olmagan boʻlsa ham olganligi haqida maʼlumot kiritib qoʻyganligi, har oyda omonat foizini oʻz yonidan berib, kassaga xuddiki naqd pul kirim qilinayotganligi haqida yozuv kiritib, mijozga bildirmaslik uchun plastik kartasiga pullarni toʻlagani isbotlangan. 

Avvalroq “Oʻzsanoatqurilishbank” Chilonzor filiali sobiq rahbarining kirdikorlari oshkor boʻlgandi. U bank kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish orqali daromad koʻrish jinoiy rejasini ishlab chiqqan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+