Ruslar maktablarda harbiy tayyorgarlikka eʼtiborni kuchaytiryapti

Rossiya hukumati sobiq SSSR kabi militarizm kayfiyati va mafkurasini maktabdan boshlab fuqarolarga onggiga singdirishni ham allaqachon boshlab yuborgan.

Jamiyat
16-mart, 20:34
Ruslar maktablarda harbiy tayyorgarlikka eʼtiborni kuchaytiryapti

Tinchlik istasang, urushga tayyor tur, degan qadimiy hikmatli soʻz bor.

Albatta har qanday davlat oʻz mustaqilligini saqlab qolish uchun oʻz harbiy qudratini yuksaltirishga intiladi. Yer sharining turli mintaqalarida qurolli toʻqnashuvlar avj olayotgan, hatto yadro urushi xavfi paydo boʻlgan ayni kunlarda bu masala, xususan yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash masalasi yanada ustuvor tus ola boshladi.

Hech kimga sir emas, Rossiyada ayni paytda siyosiy propagandaga kuchli eʼtibor qaratilmoqda. Turli OAVlar hamda tadbirlar orqali ommaviy targʻibotga kuch berish bilan birga, tarixni ham oʻz istaklariga munosib qilib qayta yozish, odamlar ongini yuvishni maktabdan boshlashga qaror qilingan. Jumladan, Rossiya tarixi boʻyicha yangi darsliklarda 1970, 1980, 1990 va 2000-yillarga oid boblar batamom qayta yozib, “tuzatib” chiqilgan. Bu haqda 2023 yilda Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy xabar bergan edi. Medinskiyning aytishicha, ushbu yillarga oid boblar toʻla qayta ishlanib, qayta yozilgan. Shuningdek, 2014 yildan (yaʼni, Qrim bosib olinganidan – mual.) boshlab hozirgi kungacha boʻlgan tarix hamda “maxsus harbiy operatsiya” (Ukrainaga harbiy bosqin – mual.) haqidagi boʻlim va boblar qoʻshilgan.

Rossiya hukumati, shuningdek, xuddi sobiq SSSR kabi militarizm kayfiyati va mafkurasini, vatan uchun qurbon boʻlish muqaddas burch ekanligini maktabdan boshlab fuqarolarga onggiga singdirishni ham allaqachon boshlab yuborgan.

Jumladan, Rossiya maktablarida 2024 yil 1 sentabrdan boshlab «Xavfsizlik va Vatan mudofaasi asoslari» fani oʻqitila boshlaydi. Rossiya parlamenti - Davlat Dumasi 2023 yil 20 iyulda oʻtkazgan plenar yigʻilishida “Hayot faoliyati xavfsizligi asoslari” faninining nomini «Xavfsizlik va Vatan mudofaasi asoslari»ga oʻzgartirish haqidagi tuzatishni yoqlab ovoz bergan edi. Yangi oʻquv predmeti nafaqat nom jihatdan balki, mazmun jihatdan ham boshqacha tus oladi.

Kommunistik rejimning ilk davrlarida

Rossiyadagi urush mafkurasi boʻyicha taʼlim aslida kommunistlar Rossiya hukumatini egallagan davrlardan boshlanadi. Xususan, yosh Sovet Rossiyasida Fuqarolik urushi davrida yoshlarni harbiy tayyorgarlikka oʻqitish Butunrossiya markaziy ijroiya qoʻmitasining 1918 yil 22 apreldagi "Harbiy sanʼatga majburiy oʻqitish haqida”gi dekreti bilan amalga tatbiq etilgan edi.

Qizil Armiyaning jangovar zaxiralari uchun tashkil etilgan harbiy tayyorgarlik tizimi, xususan, 16-17 yoshdagi chaqiruvgacha boʻlgan yoshlarning Hududiy qoʻshinlarning umumiy harbiy tayyorgarligi bosh boshqarmasidagi kurslarga qatnashini nazarda tutgan. 1930-yillarda 18-19 yashar yoshlar jami ikki oylik oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida qatnashgan.

1939 yil 1 sentabrda SSSR Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan "Umumiy harbiy majburiyat toʻgʻrisida"gi qonunga muvofiq, SSSR maktablarida “boshlangʻich va chaqiruvgacha harbiy tayyorgarlik” tizimi joriy etilgan. Barcha umumtaʼlim maktablarida 5-sinfdan 7-sinfgacha boshlangʻich harbiy tayyorgarlik (BHM) fani oʻqitilgan, oʻrta maktab oʻquvchilari (8-10-sinflar) uchun chaqiruvgacha boʻlgan harbiy tayyorgarlik amaliy mashgʻulotlari oʻtkazilgan. Xususan, quroldan foydalanish, safda yurish va boshqa boshlangʻich harbiy bilimlar berilgan.

Urushdan keyingi davr

Ikkinchi jahon urushi yakunlangach, 1950-1960-yillarda SSSR Qurolli kuchlari askarlari soni muntazam qisqartirib borilgan. Chunki urush zaruriyati tufayli yigʻilgan koʻp millionli armiyani boqish va ushlab turish iqtisodiy zarardan boshqa samara bermasdi. Shuningdek, yoshlarni urushga tayyorlash ham dolzarbligini yoʻqota boshladi. Jumladan, SSSR Ministrlar sovetining 1962 yil 25 yanvardagi qarori bilan maktablarda chaqiruvgacha boʻlgan harbiy tayyorgarlik fanlari bekor qilindi. Harbiy-vatanparvarlik taʼlim-tarbiyasi esa darsdan tashqari tizimga oʻtkazildi.

Biroq 1967 yil 12 oktabrda SSSR Oliy Soveti umumiy harbiy xizmat toʻgʻrisidagi ittifoq qonunining yangi tahririni qabul qildi. Hujjat haqiqiy harbiy xizmat muddatini bir yilga (quruqlikdagi kuchlarda ikki yilgacha) qisqartirdi va yana boshlangʻich va oʻrta taʼlim dargohlariga “Boshlangʻich harbiy tayyorgarlik” (BHT) fanini qaytardi.

Endilikda mazkur fan muddatli harbiy xizmat va chaqiruv yoshidagi yigitlar uchun, ishdan va oʻqishdan uzilishlarsiz – umumtaʼlim maktablarida (9-sinfdan boshlab), oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻtkazildi; korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, sovxozlar va kolxozlarda tashkil yetilgan oʻquv markazlarida; DOSAAF (Armiya, aviatsiya va flotga yordam koʻrsatish koʻngilli jamiyati) taʼlim muassasalarida keng oʻqitila boshlandi.  

Boisi, SSSR va Gʻarb endi toʻqnashuvning yangi pallasi - “sovuq urush” davriga kirgan, siyosiy vaziyat taranglasha boshlagan, ayniqsa 1961 yildagi “Karib inqirozi” hamda “Fazoni zabt etish poygasi” fonida kommunistlarda yana ehtimoliy urushga, hatto yadro urushiga tayyorgarlanish vasvasasi boshlangan edi.

BHT kursi doirasida jangovar, yongʻin, taktik, tibbiy, topografik va muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish va umuman fuqarolik mudofaasi, SSSR Qurolli Kuchlarining umumiy harbiy nizomlari oʻrgatila boshlandi. Buning uchun sinflar oʻgʻil va qizlar guruhlariga boʻlingan, qizlar sanitariya brigadasi dasturi boʻyicha oʻqitilgan. Oʻquv rejasida BHT  uchun jami 140 soat ajratilgan. 1967 yildan boshlab esa pionerlar lagerlarida BHT dasturi bilan qamrab olinmagan 4 -7-sinf oʻquvchilari uchun “Zarnitsa" (“Tong shafagʻi”) Butunittifoq pionerlar harbiy sport oʻyinlarini oʻtkazish ham yoʻlga qoʻyildi.

Keyinchalik esa oʻrta maktab oʻquvchilari uchun ham shunga oʻxshash "Orlenok" (“Burgutcha”) harbiy-vatanvarlik musobaqalari tashkil etila boshlandi.

Harbiy-texnik maktablar va parvoz klublari mavjud boʻlgan DOSAAF tashkilotlarida esa xohlovchilarga mototsikl, yuk mashinalari, zanjirli transport vositalarini boshqarish, parashyutdan sakrash, sport samolyotlarini boshqarish, radiotexnika ishi va boshqa bilimlar bepul oʻrgatilgan. Boshqarishni oʻrgangan yigitlarga haydovchilik guvohnomalari berilgan.

Odatda BHT oʻqituvchilari (harbiy rahbarlar, harbiy instruktorlar), qoida tariqasida, oliy yoki oʻrta harbiy maʼlumotga ega boʻlgan zahiradagi ofitserlar orasidan tanlab olingan.

SSSR Ministrlar Sovetining 1980 yil 11 sentabrdagi "Yoshlarning dastlabki harbiy tayyorgarligi toʻgʻrisida"gi qarori bilan BHTga umumiy rahbarlik va nazorat Mudofaa vazirligiga yuklangan. Yangi oʻquv dasturi ishlab chiqilgan. Shu tariqa, 9-sinfda oʻtkaziladigan besh kunlik dala mashgʻulotlari oʻrniga taʼlimning yakuniy bosqichida uch kunlik dala mashgʻulotlari nazarda tutilgan. 1987 yilda mudofaa va sport sogʻlomlashtirish lagerlari faoliyat koʻrsatayotgan tuman va shaharlardagi oʻrta taʼlim muassasalari uchun yangi BHT dasturi joriy etildi: yozgi taʼtilda lagerlarda yigitlar uchun 14 kunlik dala mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturidagi 140 ta oʻquv soatiga yana 70 soat qoʻshildi.

SSSRda Mixail Gorbachyov boshlab bergan qayta qurish va oshkoralik yillarida boshqa turli sohalardagi islohotlar bilan bir qatorda qurolli kuchlarning roli va qiyofasini qayta baholash jarayoni boshlandi. 1990 yil iyun oyidan boshlab, BHT fani “chaqiriqqa tayyorgarlik” deb atala boshlandi. Oʻsha yili RSFSR Taʼlim vazirligining 17 oktabrdagi buyrugʻi bilan oʻrta maktablarda bunday darslar deyarli bekor qilindi – mazkur hujjatga koʻra, umumiy harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunning 17-moddasi bekor qilinmagunicha, chaqiruvdan oldingi mashgʻulotlar dala oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari doirasida, mudofaa sport sogʻlomlashtirish lagerlarida oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi.

Hozirgi vaziyat

Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy xizmatga tayyorlash 1998 yil 12 martdagi "Harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida" Federal qonun va 2030 yilgacha boʻlgan muddatda Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy xizmatga tayyorlashning federal tizimining konsepsiyasi (2021 yil 30 oktabrdagi tahrirda) bilan tartibga solinadi. Bunday tayyorgarlik tizimi davlat, jamoat va mudofaa tashkilotlari, shu jumladan, Rossiya DOSAAF tomonidan oʻtkaziladigan majburiy va ixtiyoriy tadbirlar majmuasini oʻz ichiga oladi.

Hozirda BHTning ayrim elementlari majburiy maktab oʻquv dasturidagi "Hayot faoliyati  xavfsizligi asoslari" kursiga kiritilgan. Bu fan doirasida oʻquvchilar, xususan, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalariga ega boʻlishadi, muddatli harbiy xizmat askari va harbiy xizmatchilarning huquq va majburiyatlarini oʻrganishadi. Baʼzi maktablarlarda darslarda yoki oʻquv yigʻinlarida saf mashgʻulotlari hamda quroldan otish boʻyicha mashgʻulotlar ham mavjud.

Shuningdek, 2016 yildan buyon Rossiya Federatsiyasida "Yunarmiya" (Yosh armiya”) Butunrossiya bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik ijtimoiy harakati faoliyat koʻrsatmoqda. Bu harakat guruhlari, jumladan, taʼlim muassasalari negizida ham tuziladi. 8 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan 1 milliondan ziyod “Yunarmiya”chilar harbiy sport oʻyinlari, harbiy amaliy sport turlari boʻyicha spartakiadalar, xotira soatlari, harbiy shon-shuhrat maskanlariga sayohatlar va hokazolarda ishtirok etishmoqda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin, yana harbiy tayyorgarlikni kuchaytirish masalasi yana dolzarb vazifaga aylandi. Natijada, 2022 yil oktabr oyida Rossiya Federatsiyasi maorif vaziri Sergey Kravsov “Hayot faoliyatining xavfsizligi asoslari” fanini dastlabki harbiy tayyorgarlikning ayrim elementlari bilan kengaytirish mumkinligini bildirdi. Shu yili 8 noyabrda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan fuqarolarga mudofaa sohasidagi boshlangʻich bilimlarni oʻrgatish boʻyicha maktab va kollejlarda boshlangʻich harbiy tayyorgarlik borasidagi yoʻriqnomada belgilangan muddatlarda alohida oʻquv kursi ishlab chiqilayotgani maʼlum boʻldi.

Tabiiyki, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi maktablar va kasb-hunar maktablarida BHTni joriy etishni qoʻllab-quvvatladi. (Aslida tashabbus ulardan chiqqan boʻlsa kerak – mual.)

2022 yil 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi rahbari Sergey Kravsov Rossiya maktablarida “Hayot faoliyati xavfsizligi asoslari” fanining bir qismi sifatida dastlabki harbiy tayyorgarlikning majburiy kursini joriy etish rejalashtirilayotganini aytdi.

2024 yil 1 sentbyardan boshlab esa Rossiya maktablarida BHT elementlari oʻz ifodasini topgan «Xavfsizlik va Vatan mudofaasi asoslari» fani oʻqitila boshlaydi. Rossiya Mudofaa vazirligi Bosh harbiy-siyosiy boshqarmasi eksperti, podpolkovnik Mixail Borodinning aytishicha, Mudofaa vazirligi Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi bilan birgalikda boshlangʻich harbiy tayyorgarlikning maktabdan tashqari kursini ishlab chiqqan. Mazkur dastur, eng avvalo, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha “Avangard” oʻquv-metodik markazlari negizida amalga oshirilishi koʻzda tutilgani aytilmoqda.

Boshqa davlatlar tajribasi

Taʼkidlash kerak, chaqiruvgacha harbiy tayyorgarlik boʻyicha mashgʻulotlar deyarli barcha postsovet respublikalari umumtaʼlim maktablarida oʻtkaziladi. BHT fanlari, jumladan, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Ukrainadagi umumtaʼlim maktablari dasturiga kiritilgan. 2024 yildan boshlab Latviya maktablarida ham harbiy instruktorlar ishtirokida fuqarolik mudofaasi mashgʻulotlarini majburiy oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Guvohi boʻlayotganimizdek, Rossiya-Ukraina urushi nafaqat Yevropa davlatlarini NATOga aʼzo boʻlish va harbiy qudratini yuksaltirishga, balki yoshlarga harbiy taʼlim berish masalasiga ham eʼtibor qaratishga chorlamoqda.

Va tabiiyki, AQShda ham yoshlarning harbiy tayyorgarligi masalasi muhim siyosiy vazifalardan biri hisoblanadi. AQShda harbiylashtirilgan tayyorgarlik mashgʻulotlari Amerika skautlar harakati dasturiga kiritilgan boʻlib, u 5 millionga yaqin oʻquvchilarni qamrab oladi. AQSh Qurolli kuchlari bu skautlarni tayyorlash uchun oʻz infratuzilmalarini tekinga taqdim etadi.

Isroilda esa yoshlarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishdan oldin harbiy-jismoniy tarbiyalash vazifasi “Gadna” yoshlar harbiylashtirilgan tashkiloti (“Yoshlar korpusi”) zimmasiga yuklatilgan. Bu muassasa Isroil Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda mashgʻulotlar oʻtkazadi.  Dala mashgʻulotlariga faqat yuqori sinf oʻquvchilari jalb etiladi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+