Perfectum kompaniyasi xususiylashtirildi

“Rubicon Wireless Communication” MChJning (Perfectum) 100 foiz ulushi tadbirkor Iminov Abdumalik Valijonovichga oʻtdi.

Jamiyat
15-mart, 16:35
Perfectum kompaniyasi xususiylashtirildi

“Rubicon Wireless Communication” MChJning (Perfectum) 100 foiz ulushi tadbirkor Iminov Abdumalik Valijonovichga oʻtgani maʼlum boʻldi.

Korxona va tashkilotlar reyestriga koʻra, bugun, 15 mart holatiga  Perfectum operatorining yuridik shaxsi – “Rubicon Wireless Communication” MChJning 100 foiz ulushi Iminov Abdumalik Validjanovichga oʻtgan. Kompaniya rahbari – Dmitriy Shukov.

Perfectum kompaniyasi xususiylashtirilishi 2020 yil 27 oktabrdagi prezident qarorida belgilangan, kompaniya avvaliga investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, keyin sotiladigan davlat aktivlari roʻyxatiga kiritilgan edi. Oʻshanda kompaniyaning 65 foiz ulushi  Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, 35 foizi esa AQShda roʻyxatdan oʻtgan “Amis Protrade International” kompaniyasiga qarashli boʻlgan.

Shundan keyin oʻtgan davr mobaynida Perfectum'dagi davlat ulushlarini sotish boʻyicha ochiq tanlov eʼlon qilinmadi, kompaniya xususiylashtirilgani haqida ham xabar berilmadi.

Perfectum rasmiy saytida kompaniya nomi 2023 yil 12 dekabrdan “RWC” MChJga oʻzgartirilgani maʼlum qilingan. 2023 yil kuzida oktabrida kompaniya keng koʻlamli transformatsiyani eʼlon qilgan, rahbarlik lavozimiga Dmitriy Shukov tayinlangan edi.

RWC'ning egasiga aylangan Abdumalik Iminov 2023 yil iyul oyi holatiga ikkita MChJda – “Ravnaq-Omad-Biznes” (savdoni tashkil qilish uchun maydonlarni ijaraga berish va boshqarish) va “Sirdaryo Ko`mir Invest”da (ixtisoslashmagan ulgurji savdo) ulushlarga ega boʻlgan, keyinchalik taʼsischilar tarkibidan chiqqan.

100 foiz ulushni qoʻlga kiritgan Iminov Abdumalik Validjanovich 2023 yil iyul oyi holatiga ikkita MChJda – “Ravnaq-Omad-Biznes” (savdoni tashkil qilish uchun maydonlarni ijaraga berish va boshqarish) va “Sirdaryo Ko`mir Invest”da (ixtisoslashmagan ulgurji savdo) ulushlarga ega boʻlgan, keyinchalik taʼsischilar tarkibidan chiqqan.

Abdumalik Iminov, shuningdek, Kayman va Seyshel orollari kabi ofshor hududlar, yaʼni “soliq jannat”larida, oshkoralik hamda pulning kelib chiqishi hech kimni qiziqtirmaydigan hududlarda katta miqdordagi pullarini saqlagan sobiq amaldorlar va ularning qarindoshlari roʻyxatida ham koʻzga tashlangan edi.

Esingizda boʻlsa, bu roʻyxat Mossak Fonseka yuridik firmasining fosh boʻlgan (sizdirilgan) hujjatlari asosida yigʻilgan “Panama qogʻozlari” asosida shakllantirilgan.

Xalqaro surishtirish yurituvchi jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ - The International Consortium of Investigative Journalists) eʼlon qilgan bu roʻyxatda Iminov Abdumalik Validjanovichning Britaniya Virjiniya orollarida pochta manziliga ega (Drake Chambers, 1st Floor Yamraj Building, Market Square, Road Town, Tortola, British Virgin Islands) Eurotex commercial LTD da ham ulushga egaligi maʼlum qilingan. Mazkur kompaniya 2013 yil 14 noyabrda tugatilgan.

Taʼkidlash kerak, Perfectum – oxirgi haftalarda noshaffof tarzda sotilgani maʼlum boʻlgan yirik davlat aktivlaridan uchinchisi boʻldi.

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+