Shavkat Mirziyoyev Sayxunobodda rahbarlarni keskin tanqid qildi

Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishda banklarning oʻrni sezilmayotgani qayd etildi, xususiy sektorda rasmiy ish oʻrni bor-yoʻgʻi 968 taga koʻpaygan.

Iqtisod
14-mart, 14:42
Shavkat Mirziyoyev Sayxunobodda rahbarlarni keskin tanqid qildi

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida yigʻilish oʻtkazayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy rahbarlarni jiddiy tanqid qildi. 

Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etilib, oʻrniga zamonaviy rahbarlar qoʻyildi.

Bugungi yigʻilish 14 ta hudud, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularni oʻrinbosarlari, banklar, “mahalla yettiligi” uchun saboq boʻlishi taʼkidlandi.

Davlat rahbari tumandagi muammolarni sanab, ularning yechimlarini belgilab berdi.

Eng avvalo, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirishda banklarning oʻrni sezilmayotgani qayd etildi. Vaholanki, davlat ularga katta resurslar ajratmoqda.

Oʻtgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard soʻm berilgan. Tuman tadbirkorlari oʻtgan yil soliqdan 85 milliard soʻmlik imtiyoz olgan.

Lekin bu mablagʻlar ish oʻrinlariga aylanmayotgani, kambagʻallikni qisqartirishga taʼsiri sezilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish oʻrni bor-yoʻgʻi 968 taga koʻpaygan.

Yaʼni, banklar faqat qaytimni oʻylab, oson yoʻl bilan resurslarni doimiy mijoziga berayapti. “Men ham tadbirkor boʻlay, mahallada ish oʻrni yaratay”, degan oddiy odamlar chetda qolib ketayapti. Ularga tayyor loyiha paketlari berilmayapti. 

Sayxunobodda 2023 yilda ishlab chiqarish hajmi deyarli oʻsmagan. 

Mutasaddilar korxonalarga aylanma uchun pul berib, mahsulotni koʻpaytirishga eʼtiborsiz boʻlgani qayd etildi.

Bugungi kunda tumanda 1 million soʻmlik mahsulot yaratish uchun oʻrtacha 126 kilovatt-soat elektr sarflanayapti. Bu – viloyatni qolgan tumanlaridan 2 karra koʻp.

Sababi – 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yoʻq. 

Vaholanki, tumandagi tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot qimmatligi uchun bir yildan buyon sotilmay tashlandiq yotibdi. Yana uzoq yillardan beri boʻsh turgan 5 ta obʼekt auksionga chiqarilmagan.

Tumandagi birorta mahallada xom ashyoni yetkazish, borini qayta ishlash, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga oʻrgatish va kooperatsiya qilish boʻyicha tayinli ish olib borilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada mahalliy sanoatga masʼul 13 ta uyushma Sayxunobodga 2023 yilda biror marta kelmagan. Bu yil uchun ham reja qilmagan.

Tumanni eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham – yer. Masalan, Sayxunobod – aholi tomorqasi 20 sotixdan ortiq boʻlgan 26 ta tumandan biri. Lekin buning 10 foizi ishlatilyapti, asosiy ekin – beda bilan makka boʻlib qolgan.

Prezident aytilgan muammolarning yechimlarini belgilab berdi.

Eng avvalo, Sayxunobodda 17 mingta xonadonda tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yoʻlga qoʻyish orqali, aholini daromadli qilish vazifasi qoʻyildi.

Masʼullar 19 ta mahalla va 794 ta koʻchani nomma-nom boʻlib olib, bu yil tadbirkorlik uchun beriladigan 200 milliard soʻm hisobidan ularni har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi.
 
Bunda, mahallani “drayver” yoʻnalishidan kelib chiqib, tumandagi 17 mingta xonadon kesimida tomorqada qancha, sanoatda qancha, savdo va xizmatlarda qancha aholi band boʻlishi aniq koʻrsatiladi.

Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallani har biriga 1 tadan mini traktor, 4 tadan moto-kultivator olib berildi.

Endilikda har bir mahalladagi hokim yordamchisi “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million soʻm daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Mahalladagi agronomlar bilan birga olib berilgan texnikalar hisobidan tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini koʻrsatadi.

Sayxunobod tajribasi butun respublikada ommalashtiradi.

Sayxunobodda sanoat usulida yiliga atigi 60 ming parranda yetishtirilmoqda. Bu – viloyat koʻrsatkichini 1 foiziga ham yetmaydi.

Shu bois, tumanda 4 ta yirik parrandachilik fermasi ishga tushiriladi va 2 ming xonadon bilan kooperatsiya yoʻlga qoʻyiladi.

Parranda korxonalari 2 mingta xonadonga 500 tadan 2 mingtagacha joʻja tarqatib, xonadonda sanoat usulida yiliga oʻrtacha 6 marta mahsulot olishni tashkil qiladi. Ular ozuqani ham oʻzi yetkazadi, boqishni ham oʻrgatadi, parvarishiga ham koʻmaklashadi. 

Natijada xonadonlarda yiliga 10 million parranda boqilib, shuni oʻzidan tumanda yiliga qoʻshimcha 22 ming tonna parranda goʻshti yetishtiriladi.

Tumanda kuniga oʻrtacha 300 tonna sut olinib, aholi tomonidan boshqa tumanlarga borib sotilayapti.

Shu munosabat bilan Xorazm tajribasi asosida “Sintob”, “Paxtaobod”, “Olgʻa bos”, “Doʻstlik” mahallalarida sutni yigʻish shoxobchalarini ishga tushirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, “Olgʻa bos” mahallasida kuniga 3-4 tonna sutni qayta ishlash sexi foydalanishga topshiriladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+