Oyni zabt etishga qayta urinish boshlandi

Yer yoʻldoshida suv topilgani u yerda yashash imkoniyatlarini oshirib yuborgani qanchalik haqiqat?

Tahlil
14-mart, 20:11
Oyni zabt etishga qayta urinish boshlandi

Ramazon oyi kirishini aniqlash uchun odamlar Oyga qarashadi. Yangi oy oʻrogʻi – hilol koʻringach, roʻza oyi boshlandi, deb eʼlon qilinadi. Chunki islomiy amallarni bajarish uchun hijriy-qamariy – oy taqvimiga asoslaniladi.

Oy paydo boʻlgach, kun sayin “oʻsib boradi” va deyarli har tun tekislik va kraterlari, sirtiga urilgan meteoritlar qoldirgan izlar kumushrang jiloga oʻralgan holda jilvalanadi. Aniqrogʻi, Oyning oʻzi nur taratmaydi, u Quyosh nurini xuddi oyna kabi qaytarib, Yerga sochadi. Sirli yogʻdu taraluvchi ushbu osmon obʼekti Yerga eng yaqin samoviy jism hisoblanadi: hozir siz turgan joy bilan Oy qoyalari oʻrtasida 360-400 ming kilometrlik masofa bor. Bu koʻpmi, ozmi?

Naqadar uzoqsan va naqadar yaqin...

Yerning belbogʻi – ekvator uzunligi 40 ming 75 kilometrga teng. Demak, oygacha boʻlgan oraliq Yerni bir aylanib chiqish masofasidan 10 barobar katta xolos. Agar Yerdan Oy sari piyoda borish mumkin boʻlganida, oʻrtacha 5 km/soat tezlikda toʻxtamasdan yurgan odam 3 300 sutka, yaʼni deyarli 9 yil yurgan boʻlar edi. Oʻrtacha 100 km/soat tezlikdagi transport esa bu masofani toʻxtamasdan bosib oʻtsa, 167 kun yoki 5,5 oy sarflagan boʻlar edi.

Boʻlar edi, boʻlar edi... bular hammasi xayolot va ehtimol. Ammo real hayotda odamlar Oyga faqat fazoviy kemalarda chiqa olishadi. 1969 yilda "Apollon-11" raketasi Oyga yetib borish uchun naqd 8 kun parvoz qilgan edi.

Oy bilan yaqinligimiz shu qadarki, tezligi taxminan soniyasiga 300 ming km. boʻlgan nur Oydan bizga 1,27 soniyada, Quyoshdan esa 8 daqiqada yetib keladi. Biroq Oy bizdan shu qadar uzoqki, Yer va uning orasiga Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar bemalol joylashib ketadi.

Yer va Oy orasidagi masofaga Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar bemalol joylasha oladi. (Chap chekkadagi sayyora – Yer, oʻng chekkadagisi – Oy).

Lekin nima boʻlganda ham, Oy – Yerning yagona tabiiy yoʻldoshi va bizga boshqa osmon jismlaridan koʻra yaqinroq. Quyoshni hisobga olmaganda, Yerga eng yaqin yulduz – Proksima kentavri boʻlib, bizdan 4,22 yorugʻlik yili miqdorida yoki taxminan 40 million kilometr uzoqlikda joylashgan. Yaʼni Quyoshdan 8 daqiqada yetib keluvchi yorugʻlik nuri Proksima kentavridan deyarli 4 yarim yil deganda yetib keladi! Boshqacha tushuntirganda, shu tobda mazkur yulduzga qarasak, uning 4 yil avvalgi qiyofasini koʻramiz. Agar shu tobda Proksima kentavri portlab yoʻqolib ketsa, biz atigi 4 yildan keyin bu jarayonni koʻramiz.

Shu jihatdan olib qaraganda, Oy bizga juda va juda yaqin samoviy obʼekt. Oy sayyoramizga yaqinligi tufayli bizdagi dengiz toʻlqinlari harakatiga ham taʼsir qiladi: dengiz koʻtarilishi va pasayishlari aynan Oy tortishuvi tufayli yuz beradi.

Xuddi Yer Quyosh atrofida aylangani kabi Oy ham Yer atrofida aylanadi. Oyning Yer atrofida bir marta aylanishi uchun 27 kun kerak. Oyning Yer atrofida aylanishi, unga Yer soyasi tushishi bois, Oy oʻz shaklini oʻzgartiradi: biz uni goh toʻpdek dumaloq toʻlin oy, goh tarvuzning bir pallasi, gohida ingichka oʻroqdek koʻramiz. Oyning shaklidagi oʻzgarishlar fazalar deb ataladi.

Oy fazalari.

Oy har doim Yerga faqat bir tomoni bilan qarab turadi. Oyning orqa tomoni ham endi sirli emas, uning fotosuratlari 1959 yildayoq paydo boʻlgan. Fotosuratlar Oyni oʻrganishning bir usuli hisoblanadi. Lekin boshqa yoʻllar ham bor.

Odamlar uzoq asrlardan beri Oyning osmon boʻylab harakatlanishi va oyning turli kunlarida uning shakli qanday oʻzgarishini kuzatib kelishgan. Oyning oʻzgarib turishini tushuntirish uchun turli afsonalar yaratishgan, bu kuzatuvlar asosida taqvimlar yaratishgan. Ammo Galileo Galiley teleskopni ixtiro qilgandan keyingina Oyda togʻlar va kraterlar borligi maʼlum boʻldi. Shundan keyin odamlar Oy ulkan tosh shar ekanini tushuna boshladilar.

Xalqaro fazofiy stansiya Oy fonida.

Zabt etish sari ilk qadam

Oyning haqiqiy zabt etilishi 1966 yilda sodir boʻldi. Shu yili insoniyat tarixida birinchi bor SSSR fazoviy apparati “Luna-9” Oyga qoʻngan edi. Oʻshandan beri kosmik kemalar Oy tuprogʻini, atmosferasini oʻrganishdi va hatto Oyda suv borligini aniqlashdi.

Misol uchun, bir necha robot-roverlar Oy sirtini oʻrganib chiqishgan. Sovet ittifoqi tomonidan uchirilgan birinchi oy roveri “Lunoxod 1” 1970 yildan 1971 yilgacha Oyda sayohat qilgan. 2013 yilda esa Xitoy Oyga “Yutu” roverini joʻnatdi. Ushbu rover oy tuprogʻining tarkibini oʻrgandi va ostida nima yashiringanini aniqlash uchun oy qobigʻini rentgenogramma qildi.

Bir qator mamlakatlarda Oyni aylanib uchadigan, uni suratga oladigan va har tomonlama oʻrganadigan kosmik apparatlar mavjud.

Shuningdek, Oy odam qadami yetgan hozircha yagona samoviy jismdir. Yuqorida aytilganidek, AQShlik astronavt Nil Armstrong hamda uning hamrohlari Maykl Kollinz va Bazz Oldrin 1969 yil 16 iyulda samoga koʻtarilgan “Apollon 11” fazo kemasida Oyga yetib borib, uning yuzasida sayohat qilishdi. Oʻshanda uch yil ichida oltita AQSh ekspeditsiyasi Oyga tashrif buyurdi. Ularning har birida uch nafardan astronavt parvoz qilgan. Ulardan biri kemada qolgan, ikki nafari esa Oyga qadam qoʻyishgan. Jami 12 amerikalik Oyda boʻlgan. Lekin shu bilan Oyga uchishlar toʻxtatildi. Oʻshandan beri yarim asr oʻtdi, lekin boshqa biror inson Oyga bormadi, faqat robotlar joʻnatildi.

Konspirologlar “qaynatgan” mavzu

Nega insoniyat va hatto AQShdek qudratli va boy, ilmiy-texnik jihatdan peshqadam davlat ham Oyga parvozlarni toʻxtatib qoʻydi?

Bu koʻpgina konspirologik talqinlarni tugʻdirgan. Biroq avvalo ilmiy-tarixiy qarashlar qimmatli.

Avvalo, 70-yillardagi ikki asosiy qudratli davlat SSSR va AQSh oʻrtasida “sovuq urush” paytida nafaqat qurollanish boʻyicha, balki fazoviy dastur boʻyicha ham poyga (Space Race) avj olgan edi. Bu poyga ikki davlat oʻrtasidagi madaniy, texnologik va ideologik qarama-qarshilik poygasi edi.

Avvalo, SSSR 1957 yil 4 oktabrda birinchi boʻlib sunʼiy yoʻldosh uchirdi.

«Sputnik-1» – Yerning birinchi sunʼiy yoʻldoshi.

Oradan 4 oy oʻtib, 1958 yil 1 fevral kuni AQSh oʻzining sunʼiy yoʻldoshi – Explorer-I’ni orbitaga chiqarishga muvaffaq boʻldi.

Explorer-I – Yerning ikkinchi sunʼiy yoʻldoshi.

Keyin esa 1961 yil 12 aprel kuni Yer orbitasiga ilk marta inson chiqarildi. Yuriy Gagarin oʻtirgan fzaoviy apparat Yer atrofini toʻliq aylanib chiqdi.

SSSR fazogiri Yuriy Gagarin – ilk marta fazoga chiqqan inson.

Bunga javoban AQSh 1969 yil 20 iyul kuni Oyga birinchi inson qadami yetishini taʼminladi.

AQSh fazogiri Nil Armstrong Oyda.

Shundan keyin roverlar uchirildi. Shu tarzda poygadan deyarli maʼno qolmadi. Oyni tadqiq etish, ehtimol undagi foydali qazilmalarni aniqlash va oʻzlashtirish yoxud Oyga qurollar joylashtirish kabi rejalar ham boʻlgan, albatta. Biroq BMT Bosh assambleyasining 1966 yil 19 dekabrdagi XXII rezolyutsiyasi bilan “Kosmosni, shu jumladan, Oyni va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlatlarning faoliyati tamoyillari toʻgʻrisidagi shartnoma” qabul qilindi. Undan avvalroq, 1963 yil 17 oktabrda chiqarilgan XVIII rezolyutsiya esa barcha davlatlarni Yerga yaqin orbitaga yadro quroli tashuvchi, umuman ommaviy qirgʻin qurollari mavjud apparatlarni chiqarmaslik va fazoviy jismlarga (jumladan, Oyga ham) bunday qurollarni oʻrnatmaslikka chaqirgan edi.

Biroq konspirologik qarashlarga koʻra, AQShlik asronavtlar Oyda turli nomaʼlum uchar jismlarni koʻrishgan, hatto hayot alomatlariga duch kelishgan. Yana ayrim taxminlarga koʻra, bizdan rivojlanganroq madaniyat vakillari Oyga boshqa kelmaslik, Oy “band” ekani haqida ogohlantirgan emish.

NASA apparatlari Oy sirtidan olgan suratlar orasida mana bunday tushuntirish qiyin obʼektlar surati ham uchraydi.

Biroq real taxminlarga koʻra, koʻplab fazoviy hamda Oyga yoʻnaltirilgan deyarli barcha missiyalar barbod boʻlgan. Negadir barcha urinishlar besamar ketgan va shundan keyin parvozlar toʻxtatib qoʻyilgan.

Hatto 2023 yil 19 avgustda Rossiyaning (SSSRni hisobga olmaganda) birinchi va yagona jiddiy loyihasi – “Luna-25” missiyasi ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Rossiya apparati Oyga yumshoq qoʻna olmasdan, falokatga uchradi.

Biroq K.E.Siolkovskoy nomidagi Rossiya kosmonavtika akademiyasi akademigi, «Roskosmos» davlat goskorporatsiyasi jamoatchilik kengashi aʼzosi, ANO «Roskosmos Media» ilmiy muharriri Igor Marininning aytishicha, 1976 yilda sobiq Sovet Ittifoqi Oyga oxirgi stansiya – «Luna-24»ni uchirgan edi. U Oydan ilmiy tekshiruvlar uchun Oy tuprogʻining uchinchi partiyasini olib tushgan. Shundan keyin asosiy fazoviy davlatlar SSSR va AQSh ham Oy bilan qiziqmay qoʻygan. Chunki Oy tuprogʻida olimlarni qiziqtira oladigan biror yangilik topishmagan.

Oʻn yil oldin hamma narsa oʻzgardi. Rossiya Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar institutida ishlab chiqilgan va Amerika Oy stansiyasiga oʻrnatilgan qurilma koʻp miqdorda suv alomati – muz mavjudligini tasdiqladi. Keyinchalik boshqa joylarda suv belgilari topildi, ayniqsa, qutblar yaqinida koʻp uchragani aytiladi. Bu esa shuni anglatadiki, hayot kechirish uchun asosiy va zarur modda – suvni ajratib olish va uni kosmonavtlar isteʼmol qilishi mumkin. Yaʼni Oyda odam yashaydigan statsionar bazalar qurilsa, ular uchun suvni Yerdan raketa yordamida yetkazish shart boʻlmaydi. Chunki fazoga chiqariladigan har bir kilogramm yuk katta xarajat talab qiladi.

Shuningdek, Oydagi suv oʻzlashtirilsa, suvni vodorod va kislorodga parchalash ham mumkin. Bu esa nafas olish uchun Oyga kislorod chiqarish majburiyatini ham kun tartibidan olib tashlaydi. Suvdan ajratib olingan vodorod esa raketa dvigatellari hamda elektr quvvati ishlab chiqarish generatorlari uchun yoqilgʻi sifatida ishlatilishi mumkin.

Qolaversa, hozirgi davrga kelib, hamma xarajat xalq va parlament nazoratida turuvchi AQSh uchun Oy, umuman fazoga parvozlar zaruriyatini isbotlab berish juda mushkul. Biroq millarder tadqiqotchi Ilon Maskning Space X tashkiloti hamda Amazon kompaniyasi asoschisi Jeff Bezosning xususiy Blue origin fazoviy loyihasi fazoga tijoriy parvozlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ular esa olamshumul ilmiy rejalarni maqsad qilishmoqda. Shu bois hozir Oyga uchish arzonroq va u yerda baza yaratish 1960-1970-yillardagiga qaraganda realroq boʻlib qoldi.

Sayohatga borish mumkin, doimiy yashashga emas

Koʻpchilik mutaxasislarning taʼkidlashicha, inson hech qachon Oyda doimiy yashamaydi. Bu insoniyatga kerak ham emas. Yer yoʻq qilingan yoki turli tabiiy falokatlar tufayli insoniyatni boshqa sayyoraga yoki Oyga koʻchirish rejalari ham hozircha faqat fantastik filmlar uchun syujet boʻlishga yaraydi xolos.

Chunki Oyda doimiy hayot kechirish uchun sharoit juda ogʻir. Oy atmosferasida kislorod yoʻq, suv bemalol emas. Shuningdek, Oy changi ham mavjudki, uni shisha changi bilan qiyoslash mumkin. U teshish va tirnab tashlash xususiyatiga ega. Oy changi kiyim, hatto germetik skafandr orqali va turli mexanizmlarning germetik rezina birikmasi orqali kirib keta oladi. Bundan tashqari, Oy changi nafas olish tizimi uchun ham zararli.

Bundan tashqari, Oyda kuchli fazoviy nurlanish mavjud. Undan himoyalanish uchun zirh olib borish mushkul. Shu bois kelajakda Oyda quriladigan binolarning poydevori yerga koʻmiladi. Yaʼni Oy koloniyalari aholisi faqat gʻorlarda yashab, ishlay oladi xolos.

Buning oʻrniga, Oyda ishlaydigan va noyob metallarni qazib oladigan mashinalarni yaratish va takomillashtirish ularga xizmat koʻrsatish uchun baza yaratish mumkin. Maʼlumki, Oyda geliy-3 elementini qazib olish qimmatga tushadi va iqtisodiy jihatdan nomaqbul loyiha. Toʻgʻri, Oy changida juda koʻp temir moddasi mavjud. Ammo temir Yerda ham koʻp. Biroq sayyoramizda noyob metallar, jumladan, platina guruhi metallari unchalik koʻp uchramaydi. Qolaversa, Yerda elektronika sanoati uchun bu eng muhim element zaxiralari tugab bormoqda. Shuning uchun Oyni oʻrganish nafaqat ilmiy, balki iqtisodiy ahamiyatga ham ega.

Oy yuzasidan Yer sayyorasining koʻrinishi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+