Idish tozalovchi kimyoviy vositalar saratonga sabab boʻlmoqda

Yuvilgan idishlar kamida 30 soniya davomida oqib turgan, qaynoq suvda chayilmasa, idish yuzasida qolgan gel sizning oshqozoningizga tushadi.

Jamiyat
14-mart, 16:06
Idish tozalovchi kimyoviy vositalar saratonga sabab boʻlmoqda

Inson salomatligi bevosita ovqatlanish sharoiti bilan bogʻliq. Buning uchun esa mahsulotlar tabiiy va eng muhimi, mahsulot solinayotgan idish toza boʻlishi lozim. Idishlar toza boʻlishi uchun ular maxsus idish yuvuvchi vositalardan keng foydalanamiz. Bakteriyalarni oʻldiruvchi ushbu vositalarning inson organizmiga, ayniqsa, yosh bolalarga qanchalik zarari borligi bilasizmi?

Shifokor-gastroenterolog M.Cherenkovning ogohlantirishicha, agarda gelda yuvilgan idishlar kamida 30 soniya davomida oqib turgan, qaynoq suvda chayilmasa, idish yuzasida qolgan gel sizning oshqozoningizga tushadi. Inson 1 yilda kamida 250 gramm, yaʼni bir stakan gelni yeydi. Vaqt oʻtishi bilan unda oshqozon-ichak, onkologik, xattoki nafas yoʻllari kasalliklari paydo boʻladi. Ayniqsa bolalarda bu tezda koʻrinadi.

 

Atrofimizda juda koʻpchilik turli tuman allergiyalardan aziyat chekadi. Mutaxassislar fikriga tayanadigan boʻlsak, allergiyaning ham asosiy sabablaridan biri kimyoviy moddalar bilan doimiy bogʻliqlikdir. Masalan, yuqoridagi idish yuvish vositasi yoki uni hisobga olmagan taqdirimizda ham keng isteʼmoldagi mahsulotlarning ham aksariyat qismi kimyoviy modda va elementlardan tashkil topgan.

Asosan, idishlar yuvilgandan koʻp vaqt oʻtmay turib ulardan yana qayta foydalana ketamiz, xolbuki, ularda saqlanib qolgan suvda, oz miqdorda boʻlsa ham butunlay kimyoviy moddalardan tashkil topgan idish yuvish vositasi saqlanib qoladi. Aynan shu ham inson organizmi ayniqsa, oshqozoniga qattiq taʼsir oʻtkazib, faoliyati buzilishiga sabab boʻladi. Qolaversa, bu bolalarda tezroq oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Bundan tashqari, faqat idish yuvish vositasi emas, “gupkalar” ham inson hayoti uchun xavflidir. Mutaxassislarning aniqlashicha, “gupka”ning 90% dan ortigʻi bakteriyalar bilan qoplangan ekan. Aslini olganda, nam va yumshoq narsalar turli bakteriyalarni oʻziga jalb qilishi barchaga maʼlum. Endi bir oʻylab koʻraylik, doimiy nam yoki baʼzi hollarda geldan yaxshi tozalanmagan, yuzasida pufakchalar hosil boʻlib turgan gupkaning oʻzi qancha mikropga “boshpana” ekan.

 

Eng ayanchlisi, koʻp hollarda yoshga toʻlmagan chaqaloqlar uchun ishlatiladigan idishlarni avval qaynagan suvda qaynatib, bakteriyalarini oʻldiramiz-u, keyin uni gupka yoki oshxona sochigʻi bilan artib yana mikropga “toʻyintiramiz”.

Bugun oshqozon rakining, ayniqsa ichakdagi turli muammolarning ham sababi aynan shu bakteriya va mikroblar emasmikin?

Jahon statistik maʼlumotlariga koʻra, ushbu kasallik bosqichidan qatʼi nazar, tashxis qoʻyilgandan keyingi birinchi yilda bemorlarning atigi 25 foizi tirik qoladi. Shu bilan birga, 6 foizidan koʻp boʻlmagani 5 yil yashaydi, ammo agar saraton dastlabki bosqichlarda aniqlansa va operatsiya oʻtkazilsa, bu koʻrsatkich 22 foizgacha koʻtariladi.

Apple asoschisi Stiv Jobs, aktrisa Lyubov Orlova, Luchano Pavarotti, aktyorlar Patrik Suyeyzi va Oleg Yankovskiy oshqozon osti bezi saratonidan vafot etgan.

JSSTga koʻra, 2050 yilga borib dunyoda saraton kasalligiga chalinganlar soni 35 milliondan oshadi. Eng koʻp tarqalgan saraton turi 3 ligi ichida yoʻgʻon ichak saratoni — 900 ming oʻlim bilan 2 oʻrinni, oshqozon saratoni — 660 ming oʻlim bilan 5 oʻrinni egallaydi. Birinchi oʻrinda esa oʻpka saratoni u sabab hayotdan koʻz yumganlar soni jami 1,8 millionni tashkil etadi. Bunga nafaqat tamaki isteʼmoli yoki havoning ifloslanishi, balki notoʻgʻri ovqatlanish va sanitariya qoidalariga umuman mos kelmaydigan oshxona buyumlaridan foydalanish ham sabab boʻladi.

Qadimda esa idish-tovoq yuvish uchun bu kabi yumshoq, bakteriyalarni tez tortib oluvchi gupkalardan emas, balki tabiatda uchraydigan, qovunning bir turi boʻlgan lyufa oʻsimligidan foydalanishgan. Oʻsimlik nisbatan qattiq boʻlgani uchun idishlarni tozalay olgan va teshiklari sabab ayrim bakteriyalardan holi boʻlgan.

 

Yoʻgʻon ichak va oshqozon saratoning keskin ortib borayotgani ham tabiiy va ishonchli mahsulotlardan koʻproq foydalanish va ularni yetishtirishni taqazo qilmayaptimikin?

Maftuna Yodgorova tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+