DXX Toshkent xalqaro aeroporti nazoratchisini qoʻlga oldi
U jabrlanuvchining qarindoshini aeroportga ishga kiritib qoʻyish evaziga 2 ming dollar talab qilgan.
Toshkent xalqaro aeroportining nazoratchisi 1800 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent xalqaro aeroportining Aviatsiya xavfsizlik xizmati qoʻriqlash nazoratchilar boʻlinmasi nazoratchisi A.B. xizmat mavqeidan foydalangan holda oʻzganing ishonchiga kirib, uning pul mablagʻini noqonuniy tarzda oʻzlashtirishni reja qiladi.
Dastlab u ijtimoiy tarmoq orqali jabrlanuvchi bilan tanishadi va uning qarindoshini Toshkent xalqaro aeroportining Aviatsiya xavfsizlik xizmati qoʻriqlash nazoratchilar boʻlinmasiga nazoratchi sifatida ishga kiritib qoʻyish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qiladi. Lekin, jabrlanuvchi 1800 AQSh dollari berishini maʼlum qiladi.
2023 yilning 6 dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, A.B. 1800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan A.B. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi tomonidan esa A.B. ga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
DXX avval Andijonda prokuror va sobiq tergovchini qoʻlga olgandi.