Putin yadro urushiga tayyor ekanini aytdi
Rossiya rahbari mamlakat suvereniteti va mavjudligiga putur yetsa qurollardan foydalanishni istisno qilmadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “RIA Novosti” agentligiga bergan intervyusida mamlakat harbiy-texnik nuqtai nazardan yadro urushiga tayyor ekanini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina hududidagi urush davomida hech qachon taktik yadro qurolini qoʻllash zarurati boʻlmagan.
“Harbiy-texnik nuqtai nazardan, biz, albatta, tayyormiz. Ular (yadro kuchlari) doimo jangovar shay holatda”, — dedi Vladimir Putin. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya yadroviy triadasi boshqalarga qaraganda zamonaviyroq.
Putinga koʻra, agar Rossiya davlati mavjudligi va uning suvereniteti va mustaqilligiga zarar yetkazadigan boʻlsa, Rossiya Federatsiyasi yadro qurolidan foydalanishga tayyor.
Yadro triadasi uchta komponentni oʻz ichiga oladi: strategik aviatsiya, qitʼalararo ballistik raketalar va yadroviy raketa suv osti kemalari.
Putinning aytishicha, Qoʻshma Shtatlar hozirda oʻz yadroviy kuchlarining zamonaviyligini oshirish maqsadlarini qoʻymoqda va uning barcha tarkibiy qismlarini rivojlantirmoqda. "Biz ham shunday qilamiz", dedi Vladimir Putin, Rossiya yadroviy qurol sinovlarini oʻtkazishini istisno etmadi.
9 mart kuni CNN telekanali amerikalik ikki yuqori martabali amaldorga tayanib, 2022 yil oxirida Qoʻshma Shtatlar Rossiyaning Ukraina hududiga ehtimoliy yadroviy zarbasiga “puxta tayyorgarlik koʻra boshlagani” haqida xabar bergandi. Telekanal suhbatdoshlarining soʻzlariga koʻra, Vashington bu ssenariyni razvedka xizmatlari “baʼzi maʼlumotlar” olganidan keyin koʻrib chiqa boshlagan.
Shuningdek, 29 fevral kuni Federal Majlisga murojaat yoʻllagan Putin yadroviy kuchlar tayyor holatda ekanini aytgandi.