Oʻzbekistonda ishsiz ayollar soni ochiqlandi
Ishsizlikning eng past darajasi Toshkent shahri, Namangan va Toshkent viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik va uning sabablari boʻyicha tadqiqot oʻtkazdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda hozirgi vaqtda jami ayollar soni 18,2 mln. kishidan oshiq va ular orasida ishsizlik 13,4 foizni tashkil etadi.
"Oʻzbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi soʻnggi paytlarda ortib borayapti. Ayollar orasidagi yuqori ishsizlik koʻrsatkichlari va past iqtisodiy faollik darajasi bir tomondan yuqori tugʻilish koʻrsatkichlari va ayollarning uy ishlariga koʻp vaqt ajratishi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan aholi mentaliteti bilan ham bogʻliq. Xususan, 2023 yilda respublikada 961 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu esa oʻz navbatida ayollarning mehnat bozoridan vaqtincha boʻlsada chiqib ketishi va iqtisodiy nofaol maqomiga tushishiga olib kelmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonda ayollar vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi (erkaklar 9 soat vaqtini uy ishlariga sarflaydi)" deyiladi tadqiqotda.
Dunyoda ayollar orasidagi oʻrtacha ishsizlik darajasi 5,3 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich Qozogʻistonda 5,5 foizni, Rossiyada 4 foizni, Ozarbayjonda 6,5 foizni, Belarusda 2,8 foizni, Bangladeshda 6,5 foizni, Xitoyda 4,3 foizni tashkil etmoqda.
2022 yil natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 13,4 foizni tashkil etdi (ushbu koʻrsatkich erkaklar orasida 5,4 foizga teng). 2018 - 2022 yillarda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 1,8 foiz punktiga oʻsgan. Ayollar orasida ishsizlikning eng past koʻrsatkichlari Toshkent shahri (7,9), Namangan (11,9) va Toshkent (12,8) viloyatlarida kuzatilmoqda.