Taqdir hazili: rizqi qiyilayotgan bolalar

Ayollar va bahor bayramlari arafasida ayollar va bolalarni yanada “xursand” etadigan qaror eʼlon qilindi.

Tahlil
12-mart, 20:39

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 martdagi 110-sonli qaroriga koʻra, 1 apreldan boshlab, farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzand uchun barchaga, ikkinchi farzand uchun esa farzand tugʻilgan paytda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oila aʼzosi boʻlgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan holatlarda “suyunchi” pulini rasmiylashtirish rad etiladi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning hisoblab chiqishicha, “hukumat mazkur byudjet manevridan 2024 yilda naqd 415 mlrd. soʻmgacha tejab qoladi (kelasi yillarga iqtisod qilingan mablagʻ yanayam kattaroq koʻrinish oladi)”.

Yangi tugʻilgan chaqaloq uchun bir martalik yordam puli berish va har oyda toʻlanadigan toʻlovlar borasida xorij tajribasiga toʻxtalsak, bola tugʻilganda beriladigan bir martalik pul miqdori bizdagi “suyunchi” puli Oʻzbekistonda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 70,3 foizi, yaʼni 738 150 soʻmga teng. Bu esa Markaziy bank kursi boʻyicha (12503.11) 59 AQSh dollariga teng.

Masalan, baxtiyorlik va farovonlik boʻyicha shundoq ham sayyoramizda peshqadam boʻlayotgan Finlyandiyada bolalar va onalar oʻlimi dunyoda eng past koʻrsatkichga ega. Hozirgi davrda bu mamlakatda yangi chaqaloq dunyoga kelsa, ota-ona yoki 140 yevro (140 dollardan koʻproq) yordam puli yoki chaqaloq uchun toʻplam (zarur buyumlar va kiyim-kechak) toʻplamini tanlashadi.

Davlat esa bu bilan cheklanmaydi: bola toki 17 yoshga yetgunicha har oyda nafaqa puli berib turiladi. Birinchi bola uchun oyiga – 94,88 yevro, 2, 3, 4 farzandlar uchun mos ravishda 104,84, 133,79, 153,24 yevro, undan keyingi farzandlar uchun oyiga 172,69 yevro toʻlab turiladi.

Shuning uchun boʻlsa kerak, bu mamlakat aholisi dunyodagi eng baxtli xalqlar reytingida 1-oʻrinda turadi. “Bolalarni qutqaring” xalqaro tashkilotinning reytingiga koʻra, Finlyandiya onalik va bolalik uchun eng yaxshi mamlakat hisoblanadi. Bolali oilalarning moddiy ahvoli boʻyicha Finlyandiya Yevropada ham peshqadam.

Taʼkidlash kerak, bola tugʻilganda va keyingi davrda beriladigan davlat nafaqalari borasidagi reytingda birinchi oʻrinda Rossiya turadi. Albatta, birinchi farzandga toʻlanadigan bir martalik toʻlov taxminan 19 000 rublni (2 mln. 615 ming soʻm) tashkil etadi. Shuningdek, rasmiy ish haqi darajasining 50% -80% gacha yetishi mumkin boʻlgan pullik tugʻruq taʼtillari mavjud. Garchi bolalar uchun oylik nafaqalar kam boʻlsa-da, Rossiyada “onalik kapitali” dasturi mavjud. Birinchi bolaga 631 ming rubl (Rossiya MB valyuta kursi boʻyicha – 6 ming 957 dollar, Oʻzbekiston MB valyuta kursi boʻyicha - 86 mln.876 ming soʻm), ikkinchi bolaga 834 ming rubl (114 mln. 825 ming soʻm) beriladi.

Reytingdagi 2-oʻrinda Fransiya turadi. Bu yerda bola uchun 1200 dollar toʻlashadi. Oylik nafaqa esa, agar oilaning umumiy daromadi maʼlum darajadan oshmasa, 200 dollarga yetadi. Yolgʻiz ota-onalar uchun bola 20 yoshga toʻlgunga qadar har oyda 120 dollardan toʻlab boriladi.

Yaponiyaliklar har bir tugʻilgan bola uchun 400 dollar olishadi. Onalik toʻlovi onaning ish haqining 50 foizini tashkil etishi mumkin.

Argentinada chaqaloq tugʻilganda 750 dollar olish mumkin.

Chexiyada bolalar uchun koʻplab nafaqa dasturlari mavjud. Chaqaloq uchun bir martalik nafaqa 630 dollarga teng. Oylik nafaqa toʻlovlari 150 dollardan beriladi.

Avstraliyada bola uchun 523 dollar olish mumkin. Shu bilan birga, birinchi bola uchun 2000 AQSh dollari va keyingi barcha bolalar uchun 1000 AQSh dollari miqdorida qoʻshimcha bir martalik subsidiya mavjud. Oylik nafaqa 106 dollardan 152 dollargacha boʻladi.

Shuningdek, Qozogʻistonda chaqaloq 1,5 yoshga yetguniga qadar oylik toʻlovlar: 1-bola uchun 19 872 tenge, 2-bola uchun 23 495 tenge, 4-bola uchun 27 083 tenge; va 4-va undan keyingi farzandlar uchun 30 705 tengega teng.

Xulosa qilishni har kimning oʻziga qoldiramiz. Bu qaror qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini vaqt koʻrsatadi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+