Ipoteka kreditlari uchun qoʻshimcha pul ajratiladi
Bundan buyon ipoteka kreditlari boʻyicha garovga olinadigan uyni sugʻurtalash talabi bekor qilinadi.
Bu yil ipotekani moliyalashtirish uchun barcha manbalardan 22,5 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Jumladan, ipoteka kreditlari uchun qariyb 10 trillion soʻm, daromadi yuqori boʻlmagan 20 ming oilaga boshlangʻich badal va foiz toʻlovini qoplash uchun 2,3 trillion soʻm beriladi.
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni uy-joylar hamda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishi boʻyicha oʻtgan yigʻilishda aytdi.
Pudrat tashkilotlarining aylanma mablagʻini koʻpaytirish uchun 500 milliard soʻm resurs yoʻnaltiriladi. Bunda yillik 16 foiz stavkada 12 oylik imtiyozli davr bilan 18 oyga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Qurilish ishlari hamda aholining uy-joy sotib olishi uchun ham qoʻshimcha yengilliklar yaratiladi. Xususan, endi 5 qavatli uylarni barpo etishga kamida “qoniqarli” va 9 qavatli uylarga “oʻrta qoniqarli” reytingiga ega boʻlgan pudratchilar jalb qilinadi. Bu – qoʻshimcha 2 mingga yaqin pudratchiga yoʻl ochib beradi.
Turar joylar qurilishida “yashil” standart joriy qilinadi. U asosida bunyod etiladigan uy uchun pudratchilarga kreditlar bir foiz past, yaʼni yillik 15 foiz stavkada beriladi.
Pudratchilarga kreditlar boʻyicha kafillik berish va foiz xarajatini qisman qoplashga Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan 200 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Uy qurilishi uchun maxsus texnikalar importi boʻyicha berilgan bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi.
Bundan buyon ipoteka kreditlari boʻyicha garovga olinadigan uyni sugʻurtalash talabi bekor qilinadi.
Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kirgan va turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga, “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida, oʻz hovlisida uy qurish va taʼmirlashga 120 million soʻmgacha ipoteka krediti ajratish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda kreditning 15 foizi va dastlabki besh yilda foiz stavkasining 6 foizgacha bandi byudjetdan qoplab beriladi.