Sayxunobod tumaniga yangi hokim tayinlandi
Shuningdek, Sirdaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari ham almashdi.

Sayxunobod tumani hokimi Anvar Karimov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Bugunga qadar “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali boshligʻi sifatida faoliyat yuritib kelgan Mullajanov Komiljon Xusan oʻgʻli tumanga hokim etib tayinlandi.
Komiljon Mullajanov 1990 yilda Sayxunobod tumanida tugʻilgan. 2012 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2017 yil Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
U faoliyati davomida “Oʻzsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki bosh mutaxassisi, boʻlimi boshligʻi, bankning Sirdaryo mintaqaviy filiali boshligʻi lavozimlarida ishlagan.
Abdurahim Umarov Sirdaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.
Rahimjon Boboyev boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari vazifasidan ozod etildi.
U 2023 yil aprelida ushbu lavozimga kelgan, ungacha Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Uning oʻrniga Umarov Abdurahim Abdulxamidovich viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.
Abdurahim Umarov 1985 yilda Sayxunobod tumanida tugʻilgan. 2008 yil Guliston davlat universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Aksiyadorlik tijorat Xalq banki Sirdaryo viloyati filialida turli masʼul lavozimlarda, mazkur tayinlovga qadar esa filial boshligʻi sifatida ishlab kelayotgandi.