Xorazmda $10 milliardlik mega loyiha boʻyicha muzokara boshlandi
Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish oʻrni yaratiladi, yiliga 2,4 million tonna yuqori qoʻshilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi.
Xorazmda qiymati 10 milliard dollardan ziyod yirik gaz-kimyo majmuasi loyihasini barpo qilish boʻyicha dunyoning shu sohada eng ilgʻor kompaniyalari bilan muzokara boshlandi.
Bu loyiha ishga tushsa, 3 mingta ish oʻrni yaratiladi, yiliga 2,4 million tonna yuqori qoʻshilgan qiymatli polimerlar ishlab chiqariladi. Bu nafaqat Xorazm uchun, balki respublikamiz sanoatining flagmani boʻladi.
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan oʻtkazilayogan yigʻilishda maʼlum qildi.
Shuningdek, prezident bugun muhokama qilinadigan tadbirlarga 1,1 milliard dollar va 10 trillion soʻm yoʻnaltirilayotganini taʼkidladi.
Xorazmda kichik va oʻrta biznesni yanada qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli shartlarda 100 million dollar ajratilishi belgilandi. Buning hisobidan 5,5 ming tadbirkorga koʻmak berilib, 50 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi.