Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi davom etmoqda

Prezident tashrif davomida Xivadagi mahallalardan birida boʻldi, faollar bilan uchrashdi, quvvati 100 megavattlik stansiya qurilishining ochilishida qatnashdi. 

Jamiyat
1-mart, 9:11
Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi davom etmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida “Xiva klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatining toʻqimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda xomashyoni chuqur qayta ishlab, qoʻshilgan qiymat yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, agrosanoatda klasterlar tomonidan zamonaviy korxonalar qurilib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish kengaymoqda.

“Xiva klaster” ham Xiva tumanida shunday fabrika tashkil etdi.  Turkiya, Germaniya va Xitoydan ilgʻor uskunalar keltirib oʻrnatildi. Oʻtgan yil noyabrda ishga tushirilgan korxonada 500 kishining bandligi taʼminlandi.

Korxona yiliga 7 ming tonna ip-kalava, 4 ming tonna trikotaj mato, 10 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatga ega. Eng muhimi, ularning sifati xalqaro standartlarga javob beradi. Shu bois ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar toʻliq eksportga yoʻnaltiriladi. Korxonanning yillik eksport salohiyati 15 million dollar atrofida.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi, tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi bugungi tendensiyadan kelib chiqib, bu korxonada ham energiya tejamkorlikka eʼtibor qaratilgan. Masalan, kuz-qish oylarida xonalar ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan issiq suv yordamida isitiladi. Natijada katta miqdoragi tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, majmua tomlariga umumiy quvvati 60 kVt boʻlgan quyosh panellari ham oʻrnatilgan. Bularning hisobiga mahsulot tannarxi raqobatchilarnikiga nisbatan past boʻlmoqda.

Korxonada xorijiy hamkorlar talabiga asosan sifat nazorati, kasb oʻrgatish markazi tashkil etilgan. Chiqindilarni qayta ishlab, foydalanish ham yoʻlga qoʻyilgan.

Toʻqimachilik klasteri oʻtgan yili qariyb 20 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirgan. Shundan 1 ming 545 gektarda tomchilab sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan.

Umuman, klaster tomonidan 2018-2023 yillarda 105 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 50 million dollarlik eksport quvvati yaratilgan. Klaster jami 800 dan ortiq yigit-qiz ishlamoqda. Jumladan, hozirda boshqa korxonalar bilan hamkorlikda yogʻ, sovun, tuxum, sut mahsulotlari, poyabzallar kabi 20 ga yaqin tovarlar ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimiz mazkur klaster tizimidagi istiqbolli rejalar bilan ham tanishdi. Jumladan, yangi loyihalar hisobiga paxta yetishtirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish, qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar olish, kichik hajmli yuk mashinlarini mahalliylashtirish moʻljallangan. Shuningdek, yaqin yillarda chiqindisiz ishlab chiqarishga oʻtish rejalashtirilgan.

Klaster bu istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali 10 mingdan 30 minggacha ish oʻrni yaratishni maqsad qilib olgan.

Shuningdek, prezident Xorazm viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Viloyatda chet ellik investorlar bilan hamkorlikda mashinasozlik, shaharsozlik, kimyo, toʻqimachilik, qurilish materiallari, tibbiyot, oziq-ovqat kabi muhim tarmoqlarda umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik oʻnlab loyihalar ishlab chiqilgan. Taqdimotda shundan umumiy qiymati 660 million dollardan ziyod 18 ta loyiha haqida axborot berildi.

Xususan, yuk elektromobillari, akkumulyatorlar uchun nikel sulfat, arxitektura oynalari, shisha idishlar, qurilish materiallari, lak-boʻyoqlar va mato ishlab chiqarish kabi loyihalar hudud iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qoʻshib, minglab ish oʻrinlari yaratishi bilan ahamiyatli. Mehmonxona, shifoxona, koʻngilochar maskanlar va yoʻllar qurish, ekoturizmni va baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar aholi farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari ularning tashabbuskorlari boʻlgan chet ellik investorlar va mahalliy tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi haqida fikr almashilib, ularni jadallashtirish, tadbirkorlarga qoʻshimcha sharoit yaratish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati Xiva tumanidagi  Istiqlol mahallasida boʻlib, aholining yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Mahallada 3 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Bu yerda 10 ta ishlab chiqarish korxonasi, 30 ga yaqin xizmat koʻrsatish shoxobchasi, yondosh hududda fermer xoʻjaliklari mavjud. Odamlar asosan tadbirkorlik va dehqonchilik bilan shugʻullanadi.

Yaqinda mahalla idorasi binosi taʼmirlanib, toʻliq jihozlandi. Hududdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktab va tibbiyot maskanida barcha sharoitlar bor.

Mahalla faollari Prezidentimizga odamlarning turmush tarzi, daromadi, yoshlarning muvaffaqiyati haqida soʻzlab berdi. Mahallada ishsiz aholini doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan individual ishlash tizimi samara bermoqda. Ishsizlarga dehqonchilik uchun yer berish tajribasining Xorazm uchun ahamiyati kattaligi aytildi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi farmoniga muvofiq, mahalla institutining jamiyatimizda va aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatidagi roli oshirildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat “mahalla yettiligi” tashkil etildi.

Ushbu tizim vakillari bilan muloqotda xalqni rozi qilishda mahalla tizimidagi samarali faoliyat, hamjihatlik muhimligi qayd etildi. Bunda quyi boʻgʻindagi davlat vakillari oʻzlariga berilgan vakolatdan foydalanib, odamlarni rozi qilishi kerakligi taʼkidlandi.

Viloyatda ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratish doimiy vazifa ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahallalarda boʻlganida biror xonadonda mehmon boʻlishi yaxshi anʼanaga aylangan. Bu odamlar bilan yanada yaqin boʻlib, samimiy suhbatlashishga xizmat qiladi.

Bu gal ham shunday boʻldi. Prezident mahallada yashovchi Sobirjon Matjonov xonadoniga tashrif buyurdi. Oila boshligʻi qishloq xoʻjaligi ilmini yaxshi biladi. Xonadon sohiblari moʻjazgina tomorqada issiqxona qurib, qulupnay yetishtiradi. Shuningdek, uy sharoitida baliqchilikni yoʻlga qoʻygan. Parvarish qilinayotgan parranda – yuzdan ortiq tovuq, mingga yaqin bedana oilaga qoʻshimcha daromad keltirmoqda.

Suhbatda aholini tadbirkorlikka jalb etish, yoshlarni mehnatga oʻrgatib, kasb berish muhimligi, buning uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 fevral kuni Xorazm viloyatiga tashrif doirasida «Voltalia» kompaniyasi bosh direktori Sebasten Kler bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Fransiyaning ushbu kompaniyasi qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi inshootlarni qurishda boy tajribaga ega. Hozirda dunyoning 20 mamlakatida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.

Uchrashuvda oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar tufayli keng qamrovli tus olgan Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidenti 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrif doirasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shu maʼnoda, “Voltalia” bilan hamkorlikda Tuproqqalʼa tumanida quvvati 100 megavattli quyosh elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasidagi ishlar boshlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Kelgusida agrovoltaika yechimlarini joriy qilgan holda uning imkoniyatlarini yanada kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari kompaniya bilan hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan Xorazm viloyatida akkumulyatorlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va Buxoro viloyatida gibrid turdagi elektr stansiyasini qurish rejalarini qoʻllab-quvvatladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida 29 fevral kuni “Voltalia” kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi boʻldi.

Maʼlumki, davlatimiz tomonidan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda hududlarda birgina quyosh va shamol generatsiya quvvatlarini ishga tushirish uchun 2 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Natijada Buxoro, Jizzax, Qashqdaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 2,6 Gigavatt boʻlgan 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi.

Yana bir muhim jihati, bu loyihalar Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Fransiya kabi taraqqiy etgan mamlakatlar bilan sheriklikda amalga oshirilayotir.

Marosimda davlatimiz rahbari bu sohaning strategik ahamiyatini qayd etdi.

– Energetika sanoatida barqarorlikka erishish global integratsiya sharoitida har bir davlatning strategik maqsadi. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi generatsiyalar – zamonaviy taraqqiyotga erishish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kuch-quvvat boʻladigan asosiy “drayver”lardan biridir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muqobil energetika hisobiga bu yil respublikaning elektr generatsiyasida “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi taʼkidlandi. 2030 yilga borib, aholisi 40 milliondan ortadigan Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun zarur boʻlgan energiyaning 40 foizini “yashil energiya” hisobidan qoplash maqsad qilingan.

Bu borada aholi manfaatdorligini oshirish uchun oʻtgan yili “Quyoshli xonadon” dasturi boshlandi. 14 milliard soʻm imtiyozli resurslar ajratildi, soliq imtiyozlari berildi. Shuningdek, ehtiyojdan ortiqcha elektrni davlat tomonidan kafolatli xarid qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Bu oʻz samarasini bera boshladi. Jumladan, Xorazmda ham 2 mingdan ziyod xonadon va 855 ta tadbirkorlar 15 megavattli quyosh panellarini oʻrnatib, ular tomonidan ehtiyojidan koʻp ishlab chiqarilgan 320 ming kilovatt-soat elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olindi.

Endi bu sohada yana bir majmua – Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi tomonidan Tuproqqalʼa tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda.

Bu Xorazmdagi ilk shunday yirik loyiha boʻladi. Uning natijasida yiliga 254 million kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Bu esa Xorazm viloyati yillik elektr energiyasi isteʼmolining 11 foizini qoplaydi. Ushbu stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan.

Umuman bu loyiha ishga tushsa, Xorazm viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 30 foizga oshib, 424 mega-vattga yetadi. Xususan, Tuproqqalʼa tumanining elektrga boʻlgan yillik 135 million kilovatt soat talabi toʻliq qondiriladi.

Shu bilan birga, isteʼmoldan ortgan 40 foiz energiyani qoʻshni tumanlarga uzatish imkoniyati paydo boʻladi. Yaʼni, 85 ming xonadonni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlashga erishiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi “Khorezm Insulation Group” qoʻshma korxonasini borib koʻrdi.

Mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami keng. Soʻnggi yillarda barcha loyihalarda energiya tejamkorlik vazifasi qoʻyilmoqda. Shu bois bazalt xomashyosiga talab oshib borayotir. Tahlillarga koʻra, mamlakatimizda bunday mahsulotdan tayyorlangan plitalarga yillik talab 80 ming tonna.

Shu jihatdan “Khorezm Insulation Group” qoʻshma korxonasi bozor konʼyunkturasi asosida tashkil topdi, deyish mumkin. Qiymati 41 million yevrolik ushbu loyihada bazalt xomashyosidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqariladi. Xomashyo Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoratau togʻidan olib kelinadi.

Korxonaning yillik quvvati 30 ming tonna boʻlib, qurilish sanoatiga talab yuqori mahsulotlar yetkazib beriladi. Shuningdek, Rossiya va qoʻshni davlatlarga 10 million dollarlik eksport qilish imkoniyati yaratiladi.  

Buning uchun Germaniya, Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilmoqda. Korxonada 300 ta yangi ish oʻrni ochiladi.

Prezident korxona bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash, mahalliylashtirish darajasini oshirishga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.

Ayni paytda bu yerda yiliga 15 ming tonna polipropilen va polietilen tola ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Natijada 80 ta yangi ish oʻrni yaratilishi, yana 10 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi moʻljallangan.

Xorazm viloyatiga tashrifning birinchi kuni yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Energetika vazirligi, "Oʻzkimyosanoat" AJ va yirik xorijiy investitsiya kompaniyasi rahbariyati bilan yigʻilish oʻtkazdi.

Xorazm viloyatida umumiy investitsiya hajmi 10 milliard dollardan ziyod boʻlgan yirik gaz-kimyo loyihasini birgalikda amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Boʻlajak quvvatlar yiliga 2,5 million tonna mahsulot ishlab chiqarishi va 3 ming ish oʻrni yaratishi kutilmoqda. Loyihani amalga oshirish muddati - 2024-2028 yillar.

Loyiha gaz-kimyo tarmogʻi rivojiga yangi surʼat bagʻishlaydi va Yangi Oʻzbekiston sanoatining flagmanlaridan biriga aylanadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+