Putinning shov-shuvli intervyusi eʼlon qilindi: tafsilotlar
Rossiya rahbari NATO bilan toʻqnashuv, Ukraina urushining tugashi haqida gapirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amerikalik jurnalist Taker Karlson bilan intervyusi eʼlon qilindi. Ushbu intervyu turli shov-shuvlarga sabab boʻldi.
Intervyu dastlab jurnalistning saytida berildi, ayni damda rus OAVlari uni faol tarqatmoqda.
Hatto Yevropa Ittifoqida Karlsonni Rossiya hukumati bilan aloqa oʻrnatganlikda ayblab, cheklovlar joriy etish, uni ittifoq hududiga qoʻymaslik masalasi koʻtarildi.
Oʻz oʻrnida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Ukrainadagi vaziyatni muzokaralar yoʻli bilan hal etishga erishmoqchi ekanligini maʼlum qildi. Unga koʻra, Ukraina va Rossiya ertami kechmi, bir toʻxtamga keladi.
Putinning iddao qilishicha, Ukraina Vashington koʻrsatmasi bilan Rossiya bilan muzokaralardan bosh tortishga qaror qildi, endi Qoʻshma Shtatlar bu xatoni tuzatishi kerak.
2022 yilda Ukraina bilan muzokaralar deyarli toʻliq yakunlandi, biroq qoʻshinlar Kiyevdan olib chiqilgach, Ukraina tomoni barcha kelishuvlardan voz kechdi, deydi Putin.
Shuningdek, Rossiya rahbari NATO bilan urush masalasiga oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, Rossiya Polsha, Latviya yoki boshqa davlatlar bilan urushmoqchi emas (agarda ular tomonidan hujum boshlanmasa).
Karlsonning Shimoliy oqimlarni kim portlatgan degan savolida Kreml xoʻjayini "siz" (AQSh) deya javob berdi.