Navbatga yozilish uchun navbatga yozilishdan oldin navbatga yoziling
Sogʻliqni saqlash tizimida qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarayotganlar
Bugun oilaviy poliklinikaga ishim tushdi. Rosti, anchadan beri bormagandim. 2 yillar avval qaysi shifokor kerak boʻlsa, roʻyxatxonadan navbat raqamini olib kirib ketilar edi. Hozir ancha oʻzgaribdi.
Bir boshdan tushuntiraman. Deylik, tomogʻingiz ogʻrib, lorga kirmoqchisiz. Avval shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan roʻyxatxonadan talon olasiz. Bu talon umumiy poliklinikaga kirish uchun. Lor qabuliga yozilish uchun pediatr sizga yoʻllanma yozishi kerak. Pediatrga kirish uchun esa uning yordamchisi (boshqa xonada oʻtiradi) yoʻnaltirishi lozim. Lekin siz faqat lorga kirmoqchisiz xolos.
Ishga vaqtliroq borish maqsadida ertaroq harakat qilasiz. Chunki poliklinikalarda navbatlar koʻpligini bilasiz. Ammo hozirgi holatni koʻrib, yanada dahshatga tushasiz. Avvalo talon olishga bir olam navbat bor. Eplab talon olingach, pediatr yordamchisiga kirish uchun yana navbatga turasiz. "Jivoy" navbat, urush-toʻpolon, xullas, tushundingiz.
Bir amallab yordamchidan onlayn yoʻllanmani olib, pediatrga kirasiz. Albatta, u yerga kirishda ham yana navbat kutasiz. Pediatr sizga navbat yozib bergach, lor xonasiga oshiqasiz. Eng katta navbat oʻsha yerda. Kirguningizcha tushlik vaqti boʻladi.
Eng yomoni, agar navbatlar navbatidan kech qolsangiz, pediatr yozgan lorning smenasi tugaydi va navbatingiz kuyib ketadi. Ertasiga yoki tushlikdan keyinga yana boshqatdan oʻsha jarayonni boshdan oʻtkazasiz.
Agar omad kulib, vaqtli borib qolsangizu siz yozilgan lor qabuli hali boshlanmagan boʻlsa, navbatda hech kim qolmasa-da, vrach kelishini kutishga majbursiz. Chunki u yerdagi boshqa lor sizni koʻrib qoʻyolmaydi.
Men shifokordan buning sababini soʻradim, nega bunday sharmandalik, odamlarga aksincha qiyin qilib tashlabsizlar, dedim. U esa xotirjam "tepadan shunday tizim tuzishgan, bizni urishmang", dedi.
U chet elni misol keltirib, odamlar uyida oʻtirib, telefonda navbatga yoziladi va oʻsha vaqtda keladi. Bizda hozir bu imkonsiz, odamlarimiz tayyormas, deb qoʻshimcha ham qildi.
Aytgancha, ana shu jarayon orqali kompyuterga ism-sharifingiz kiritilishi kerak. Har bir odam uchun oʻrtacha 20 daqiqadan vaqt qoʻyilganda ham bir kunda shuncha odamni koʻrikdan oʻtkazish imkonsiz.
Poliklinikalarni raqamlashtirishni topshirganda davlat rahbari xalqqa qulay va oson boʻlishini nazarda tutgan edi. Hozirgi vaziyatdan koʻpchilik norozi, ayniqsa, yosh bolali va keksalar. Chunki bir joyga kirish uchun kamida 3 ta joyda navbatda turib, keyin navbatga yozilish kerak. Dahshat-a!
Bir paytlar bir jurnalist oʻlib ketgan shifokor qabuliga onlayn navbatga yozilgan edi. Bu tizim haligacha toʻliq ishlamayapti yoki Sogʻliqni saqlashda yaxshi mutaxassislar yoʻq. Prezident ham aytdi: "Soʻnggi yetti yilda tizimda 7 ta vazir almashdi, lekin sohani raqamlashtirish, tibbiy sugʻurtani joriy qilish sust kechmoqda".
Bobur Jalolov,
Platina.uz sayti bosh muharriri