Magic City’ning yangi egasi kim?
Jahongir Ortiqxoʻjayev 7 ta kompaniyasi va Magic City’ni sotganini aytgan edi.
Jahongir Ortiqxoʻjayev 7 ta kompaniyasi va Magic City’ni sotganini aytgan hamda yangi egasi uning kuyovining akasi boʻlib chiqdi.
“Intellektual mulk” axborot-qidiruv tizimidagi maʼlumotlarga koʻra, Magic City savdo belgisini 2020 yil 27 sentabrda Jahongir Ortiqxoʻjayevga tegishli J-United Group MChJ roʻyxatdan oʻtkazgan. Ayni paytda bu savdo belgisiga nisbatan huquqlar Stargate Systems MChJga tegishli.
Magic City’ga bugungi kunda Stargate Systems MChJ egalik qilmoqda. Ushbu kompaniyaga esa 99 foiz ulush bilan Tashkent Aquarium MChJ, qolgan 1 foiziga esa Abduvaxitov Alisher Abdujabarovich egalik qilmoqda.
Tashkent Aquarium 2019 yil 21 yanvarda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, unga 100 foiz ulush bilan Abduvaxitov Alisher Abdujabarovich egalik qilmoqda. Yaʼni Magic City’ning bevosita va bilvosita egasi bugungi kunda Abduvaxitov Alisher Abdujabarovich hisoblanadi.
Bu shaxs Ortiqxoʻjayevga begona emas, uning kuyovining akasi boʻladi. Qolaversa, Alisher Abduvaxitov prezidentning sobiq maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitovning oʻgʻlidir.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 sentabrdagi qarori bilan Milliy bogʻning 20,79 gektar hududi oʻsha vaqtda Ortiqxoʻjayevning AKFA kompaniyalari guruhi tarkibiga kirgan, bugungi kunda Alisher Abduvaxitov egalik qilayotgan Stargate Systems MChJga 49 yil muddatga ijaraga berilishi belgilangan.