DXX Toshkent va Buxoroda ikki mansabdorni ushladi
Qurilish nazorati inspeksiyasi vakili tadbirkordan 12 ming dollar talab qilgan.

DXX Toshkent viloyatida bosh mutaxassisni, Buxoroda esa arxitektorni qoʻlga oldi.
Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi mahalliy tadbirkor tomonidan Oʻrtachirchiq tumanida qurilgan 3 qavatli savdo majmuasi binosini foydalanishga qabul qilib berish va boshqa hujjatlarini tegishli tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 12 ming AQSh dollari talab qiladi.
U soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.
“Oʻzbekiston shaharsozlik boʻyicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti” arxitektori oʻz xizmat mavqeidan foydalanib hamda Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasidagi tanishlari orqali, Buxoro shahrida qurilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi MChJga tegishli 8 sotix yer maydonida bino-inshootlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashga yordam berishga 5 ming AQSh dollari talab qiladi va soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.
Avvalroq DXX uch marotaba sudlangan shaxsni giyohvand moddalar bilan qoʻlga olgandi.