platina.uz

Amudaryo ustidan oʻtuvchi avtomobil va temir yoʻl koʻprigi ochildi

Qoʻshma koʻprikning ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. 

Jamiyat
29-fevral, 14:10
Amudaryo ustidan oʻtuvchi avtomobil va temir yoʻl koʻprigi ochildi

Amudaryo ustidan oʻtuvchi temir yoʻl va avtomobil yoʻli qoʻshma koʻprikning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Qoʻshma koʻprikning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Ramziy lenta qirqilgach, davlat rahbari jamoatchilik faollari bilan birgalikda dastlab poyezdda, shundan soʻng avtomobilda yurib, koʻprik sifatini koʻzdan kechirdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan Xorazmni bogʻlaydigan ushbu koʻprik orqali eng yaqin temir yoʻl va avtomobil yoʻli qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Jumladan, koʻprik orqali yoʻlning oʻtkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yoʻlovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz oʻtishi taʼminlanadi.

Koʻprik qurilgan joy yurtimizning eng chekka hududlaridan biri. Shu paytgacha odamlar oʻtgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton koʻprikdan foydalanib kelar edi. Har bahorda muz erib, daryoda suv koʻpayishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu daryoning ikki tomonidagi aholiga juda koʻp qiyinchiliklar tugʻdirardi.

Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qoʻshimcha 180 kilometr yoʻl yurishga toʻgʻri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp koʻprigidan oʻtib kelinardi.

Yangi koʻprik tufayli bu qiyinchiliklar barham topadi, xalqning uzogʻi yaqin boʻladi. U orqali Qoraqalpogʻiston bilan Xorazmni bogʻlaydigan eng yaqin avtomobil va temir yoʻl qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Koʻprikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qoraoʻzak bekatlarini bogʻlaydigan 85 kilometrlik temir yoʻl hamda 3 ta vokzal ham barpo etildi.

Bu inshoot samarasida yoʻlning oʻtkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yoʻlovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz oʻtishi taʼminlanadi.

Koʻprik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlib, bu orqali temir yoʻl masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temir yoʻl orqali Qozogʻiston va Rossiyaga ham yangi yoʻnalishlar ochiladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+