Oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar boʻyicha loyiha qabul qilindi
3 milliondan ortiq fuqarolarning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechimini kutmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga egalik huquqi boʻyicha loyihani bir oʻqishda qabul qildi.
2018 yilda Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq oʻtkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida 621 ming nafardan ortiq fuqarolarning oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida tegishli ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylariga nisbatan egalik huquqi eʼtirof etilib, ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan edi.
Shunga qaramasdan, bugungi kunga qadar 3 milliondan ortiq fuqarolarning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechimini kutmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilingan qonun loyihasida yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga boʻlgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilgan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini eʼtirof etish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini eʼtirof etish asoslari nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ijara huquqi eʼtirof etilgan yer uchastkasining yer fondi toifasini oʻzgartirish, koʻchmas mulk obʼektiga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ijara huquqi eʼtirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish tartiblari oʻz aksini topmoqda.
Loyihada oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlar eʼtirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilishi koʻzda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.