platina.uz
Jamiyat

Bosh ogʻrigʻidan endi dorisiz qutulish mumkin

Kimyoviy tarzda olingan dori vositalariga rujuʼ qoʻyish tanaga katta zarar keltiradi. Vaqt oʻtishi bilan bu dorilar muhim aʼzolarning ishlash tartibini buzadi. 

Bosh ogʻrigʻidan endi dorisiz qutulish mumkin

Bosh ogʻrigʻi koʻpchilikni bezovta qiladigan dard. U oddiy charchoq yoki oʻta jiddiy xastalik simptomi boʻlishi mumkin. Odam tanasi shu tarzda oʻzida kechayotgan yoki boshlangan xastaliklar haqida miyaga signal beradi, ogohlantiradi va bizda ogʻriq shaklidagi diskomfort va noqulaylik hissini yaratadi. Shu bois bosh ogʻrigʻining har bir holatida avvalo uning sabablarini davolash talab etiladi. Biroq koʻpchilik bemorlar ogʻriq qoldiruvchi dorilarga oʻrganib qolgan. Mazkur farmatsevtik vositalarning dorixonada retseptsiz sotilishi ham bunga sabab boʻlmoqda.

Biroq mutaxassislarning aytishicha, kimyoviy tarzda olingan dori vositalariga rujuʼ qoʻyish tanamizga katta zarar keltiradi. Vaqt oʻtishi bilan bu dorilar oshqozon, jigar, yurak, buyrak va boshqa muhim aʼzolarning ishlash tartibini buzadi, ularga jiddiy zarar keltiradi, hatto ishdan chiqaradi. Ayrim ogʻriq qoldiruvchi dorilarga esa tanamiz oʻrganib qoladi, xuddi shu dori yoki uning ayni miqdori taʼsir qilmay qoʻyadi. Qolaversa bunday dorilar koʻngil aynishi, qayt qilish, bosh aylanishi, uyquchanlik kabi nojoʻya taʼsirlarga ham ega.

Pain ilmiy jurnalida chop etilgan maqolada maʼlum qilinishicha, olimlar bosh ogʻrigʻidan dorisiz xalos boʻlishi yoʻlini topishgan.

Ular miyaning ogʻriqqa taʼsirchan boʻlakchasiga ultratovush toʻlqinlari bilan taʼsir qilish uslubini oʻrganishmoqda. Yaqinda 23 nafar koʻngillida oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar doirasida mutaxasisslar ushbu bemorlar bosh miyasining orolcha boʻlakchasiga ultratovush bilan taʼsir qilishgan. Aytish joiz, bosh miyaning orolcha boʻlakchasi ogʻriqqa ishlov berishda, shuningdek, hissiyotlarni boshqarish, ishtahani tartibga solish, ong va ijtimoiy munosabatlarni shakllantirishda muhim oʻrin tutadi.

Tajriba davomida bosh miyaning orolcha boʻlakchasiga ultratovush – inson qulogʻi eshita olmaydigan diapazondagi tovush toʻlqinlari yoʻnaltirilgan. Natijada ushbu boʻlakchaning faolligi oʻzgargan, bosh ogʻrigʻi yengillashgan. Shuningdek, bemorlarning yurak urish chastotasi oʻzgargan. Bundan kelib chiqib, olimlar yurak urishi va ogʻriqni his qilish oʻrtasida qandaydr bogʻliqlik boʻlishi mumkin, degan xulosaga ham kelishdi.

Albatta bosh ogʻrigʻini ultratovush bilan davolash hali ibtidoiy koʻrinishda. Hali koʻplab sinovlar oʻtkazilishi va vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanishi lozim. Biroq yaqin kelajakda surunkali, toʻxtovsiz ogʻriqdan azob chekuvchi bemorlar uchun mazkur usul yangi va yagona najot yoʻliga aylanishi mumkin. Chunki nevrologik xastaliklar, saraton va boshqa jiddiy kasalliklar, shuningdek, turli jarrohlik va travmatologik amaliyotlardan soʻnggi ilk davrda paydo boʻladigan kuchli ogʻriqlarni qoldirish uchun oʻta qimmat va kamyob dorilar qoʻllaniladi. Lekin baʼzan ular ham samara bermay qoladi. Narkotik moddalar asosida yaratilgan ogʻriq qoldiruvchi vositalar esa oʻrganib qolish – kuchli qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois ultratovush bilan ogʻriq qoldirish usuli hozircha anchayin samarali, nojoʻya taʼsirlarsiz va arzon uslub boʻlib koʻrinmoqda.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid