Rossiyaga doʻst davlatlar reytingida Oʻzbekiston bir pogʻona pastlatildi
Reytingni tuzishda 14 ta sobiq sovet respublikalaridagi tadbirlar, 2023 yilga moʻljallangan hukumat hujjatlari, davlat rahbarlarining bayonotlari va media manbalar tahlil qilingan.

2023 yilda "Rossiyaga doʻst davlatlar" reytingi eʼlon qilindi.
Reytingni tuzishda 14 ta sobiq sovet respublikalaridagi tadbirlar, 2023 yilga moʻljallangan hukumat hujjatlari, davlat rahbarlarining bayonotlari va media manbalar tahlil qilingan. Natijalar ballarda hisoblanib, Moskvaga "doʻstlik darajasi" aniqlangan.
Mazkur reytingga Rossiyaga "doʻst boʻlgan" 10 ta davlat kiritilgan. Reytingda Janubiy Osetiya tan olinmagan davlati yetakchi boʻlib turibdi. Eng oxirgi qatordan esa Armaniston joy olgan. Aftidan, oxirgi kunlarda Armaniston xalqi hamda hukumatining aksilrossiya chaqiriqlari kuchaygani shunga sabab boʻlgan.
Reytingga kirgan davlatlar orasida Oʻzbekiston ham mavjud. Biroq u avvalgi reytingga nisbatan bir pogʻona pastga tushirilgan: yurtimiz 2022 yilgi reytingda 59,3 ball bilan 3-oʻringa qoʻyilgan edi:
- Janubiy Osetiya – 93,5 ball;
- Belarus – 87,6 ball;
- Abxaziya – 81,4 ball;
- Qirgʻiziston – 60,3 ball;
- Tojikiston – 58,7 ball;
- Oʻzbekiston – 55,2 ball
- Ozarbayjon – 50,1 ball;
- Qozogʻiston – 50 ball;
- Turkmaniston – 47,1 ball;
- Armaniston – 46 ball.
Shuningdek, Rossiyaga doʻst boʻlmagan davlatlar reytingi ham tuzilgan boʻlib, undan 5 ta davlat Moldova, Estoniya, Litva, Latviya, Ukraina joy olgan.
Taʼkidlash kerakki, bunday "doʻstlik" reytingi Rossiyada yagona emas. Rossiya 2014 yilda Qrimni bosib olgani, Ukrainaning Donbass va Lugansk viloyatlaridagi hamda Suriyadagi vaziyatga harbiy aralashuvi, shuningdek, turli kiberhujumlari va umuman, Gʻarb demokratiyasiga qarshi harakatlari bois 2018 yilda AQSh moliya vazirligi Rossiyaning bir qator kompaniya va shaxslariga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi.
Bunga javoban Rossiyada ham doʻst va doʻst boʻlmagan mamlakatlar roʻyxatlari tuzila boshlandi. Ayrim roʻyxatdagi "nodoʻstona" davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar oʻrnatish, jumladan, ularning valyuta va birja savdolarida qatnashishi taqiqlanadi. Ayrim roʻyxatlardagi "nodoʻstona" davlatlar bilan esa aviaqatnovlar tavsiya etilmaydi.
2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin, Moskva taʼbiri bilan aytganda, "maxsus harbiy operatsiya"ni qoʻllamagan yoki unga qarshi boʻlgan davlatlarning roʻyxatlari ham paydo boʻldi. Bunday roʻyxatlar har yili yangilanib turadi va shu mamlakatlar bilan davlat darajasidagi aloqalar sifatiga salbiy taʼsir qiladi.
Qayd etish joiz, bu roʻyxatlardagi neytral davlatlar maqomi ham bor. Bu kabi davlatlar "dushman" hisoblanmaydi.
Ammo eng jiddiy "temir roʻyxat" – Rossiya hukumati qarori bilan tasdiqlangan "Rossiyaga doʻst boʻlmagan davlatlar roʻyxati"dir. Qiziqigʻi shundaki, 2022 yil 29 oktbyarda shakllantirilgan bu roʻyxatga Rossiyaning Ukraina yerlarini istilo qilishiga qarshi turgan 49 davlat kiritilgan boʻlib, ularning barchasi (Ukraina va Chernogoriya kabi davlatlarni hisobga olmaganda) dunyoning eng peshqadam, iqtisodiy jihatdan rivojlangan va demokratik davlatlaridir.