Armaniston Rossiyadan uzoqlashmoqda

Armaniston Gʻarb davlatlari, birinchi navbatda, Fransiya bilan diplomatik aloqalarni kengaytirishda davom etmoqda.

Jahon
26-fevral, 11:10
Armaniston Rossiyadan uzoqlashmoqda

Armaniston va Rossiya munosabatlari yangi, keskin bosqichga kirmoqda: avvalroq xabar berganimizdek, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning “asosan Rossiya yetakchilik qiluvchi” Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi (KXShT) ishtiroki “muzlatilgan”ligini aytdi.

Bosh vazir Fransiyaning France 24 telekanaliga bergan intervyusida bayonot berishicha, bunday qadamga Armanistonga nisbatan kollektiv xavfsizlik shartnomasi talablari bajarilmagani sabab boʻlgan. Ayniqsa bu 2021-2022 yillardagi voqealarda namoyon boʻldi, degan Pashinyan.

SSSR tarqalganidan keyin, bir necha sobiq sovet respublikalari  - Armaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston 1992 yil 15 mayda Toshkentda Kollektiv xavfsizlik shartnomasini imzolashgan. Shu bois bu shartnoma “Toshkent shartnomasi” yoki “Toshkent pakti” deb ham ataladi. 2012 yil 28 iyunda rasmiy Toshkent Oʻzbekistonning KXShTdagi aʼzoligini toʻxtatgani haqida nota yuborgan. Shu yilning 19 dekabridan Oʻzbekistonning KShXTga aʼzoligi rasman toʻxtatilgan.

Armanistonning KXShTdan koʻngli sovumoqda

Eslatib oʻtamiz, 2021 yil may, 2022 yil sentabr oylarida Armaniston va Ozarbayjon chegaralarida bir necha qurolli toʻqnashuvlar roʻy berdi. 2023 yil 19 sentabrda Ozarbayjon Qorabogʻda antiterror operatsiyasini boshladi va oʻziga tegishli hududlarni – 1990-yillarda Armaniston armiyasi tomonidan bosib olingan Togʻli Qorabogʻ viloyati va Ozarbayjonga tegishli 7 ta tumanni qaytarib oldi. Armanistonning KXShTdan yordam soʻrab qilgan murojaatlari esa besamar yakunlandi.

Zero, KXShT Nizomining 4-moddasiga koʻra, agar aʼzo davlatlarning birortasi boshqa har qanday davlat yoki davlatlar guruhi tomonidan agressiyaga uchrasa, bunga  Shartnomaning barcha aʼzo davlatlariga qilingan agressiya sifatida qaraladi. Agar Ozarbayjon Armanistonning xalqaro tan olingan chegaralarini buzib kirganida, ehtimol KXShT munosib javob qaytargan boʻlishi mumkin edi.

Bosh vazir Nikol Pashinyanning munosabatlarni “muzlatish” haqidagi bayonotiga javoban, KXShT kotibiyati Armaniston tashkilotga aʼzolikni muzlatish haqida rasmiy xabarnoma yubormaganini maʼlum qildi.

“Ishtirok etishni muzlatish haqidagi masalaga kelsak, aftidan, Armaniston Respublikasining tashkilot tomonidan yaqinda oʻtkazilayotgan bir qator tadbirlarda ishtirok etmasligi haqida gap ketmoqda”- deya fikr bildirgan KXShT kotibiyati.

Aslini olganda  Armaniston va KXShT oʻrtasidagi munosabatlar 2022 yil oxiridan yomonlashuvni boshlagan edi. Ushbu ikki subʼekt oʻrtasidagi “siyosiy” jarlik oʻtgan yilning yanvarida yanada chuqurlashgan, oʻshanda rasmiy Yerevan “mamlakat hududida ayni paytdagi vaziyat” tufayli Armaniston hududida KXShT rejalashtirgan harbiy oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazmasligini eʼlon qilgan edi.

2022 yil 10 mart kuni esa Armaniston KXShT bosh kotibi oʻrinbosarini tayinlash uchun oʻz kvotasidan foydalanishdan voz kechgani haqida KXShT rahbariyatini xabardor qilgan.

2023 yil 22 may kuni matbuot konferensiyasida esa Pashinyan “agar Armaniston KXShTni layoqatsiz deb hisoblasa, bu tashkilotdan chiqishini” maʼlum qildi. “Shunda biz oʻz xavfsizligimizni taʼminlash masalasini oʻzimiz hal qilamiz”, degan Pashinyan.

Oʻtgan yilning noyabr oyida Armaniston rahbariyati KXShTning Minskda oʻtgan navbatdagi sammitida ham qatnashmaslikni lozim topgan edi.

Shu bois KXShT kotibiyati Armanistonning tashkilotga aʼzoligini “muzlatish” haqidagi kechagi bayonoti butun tashkilotga aʼzolikni toʻxtatishni emas, balki avvalgi amaliyotda koʻrilgani kabi faqat oʻquv mashgʻulotlari va boshqa tashkiliy masalalardagi ishtirokini toʻxtatish deya qabul qilayotgan boʻlishi ham mumkin.

Rasmiy Moskva esa Yerevandan bu soʻzlarning maʼnosiga aniqlik kiritishni soʻradi. “Armaniston tomoni bu borada hech qanday rasmiy chora koʻrmadi. Biz hamkasblarimiz bilan muloqot qilish va ushbu bayonotlarning maʼnosiga aniqlik kiritish niyatidamiz. Bu yerda tafsilotlarni tushunish juda muhim va arman doʻstlarimiz bizga hammasini tushuntirib berishlariga umid qilamiz”— degan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Muammo faqat KXShTda emas

Uch yildan beri kuchayib kelayotgan noroziliklar fonida Armanistondagi Rossiya harbiy bazasini (Armaniston va Rossiya oʻrtasida 1992 yil 21 avgust va 1995 yil 16 martda imzolangan shartnomalar assosida faoliyat yurituvchi 102-harbiy baza) saqlab qolish masalasi kun tartibida emasligiga ishontirgan.

Biroq Armanistonda umuman rus armiyasidan butunlay xalos boʻlishga intilish kayfiyati Rossiya harbiy bazasiga ham tegishli boʻlishi mumkin.

Xususan, Armaniston OAVlarining hukumatdagi manbalariga tayanib maʼlum qilishicha, tez orada Rossiya chegarachilari Yerevandagi «Zvartnots» xalqaro aeroportidan chiqarib yuboriladi. Manbalarning aytishicha, arman hukumati oʻtgan yilning 29 dekabridayoq shunday qarorga kelgan.

Maʼlumki, rus chegarachilari 1992 yil 30 sentabrida Armaniston va Rossiya oʻrtasida imzolangan kelishuvga binoan Armanistonda xizmat oʻtab kelishayotgan edi.

“Rossiya Federatsiyasining Armaniston Respublikasi hududida joylashgan Chegara qoʻshinlarining maqomi va ularning faoliyat yuritish sharoitlari haqidagi  Rossiya Federatsiyasi va Armaniston Respublikasi oʻrtasidagi kelishuv”ga binoan rus chegarachilari Armanistoning umumiy hisobda 375 km. uzunlikdagi davlat chegaralarini qoʻriqlashi belgilangan. Jumladan, 330 km. – Turkiya bilan, 45 km. – Eron Islom Respublikasi bilan davlat chegaralaridir.

Bundan tashqari, rossiyalik chegarachilar zimmasiga arman chegarachilari bilan birgalikda havo oʻtkazish pukti – Yerevandagi "Zvartnots" xalqaro aeroportida ham tekshiruv-nazoratni amalga oshirish yuklatilgan.

Hukumatdagi manbalarning aytishicha, endilikda Armaniston havo chegaralarini qoʻriqlab kelayotgan rus chegarachilari tez orada mamlakatdan chiqarib yuborilib, faqat armanistonlik chegarachilar xizmatga chiqishi kutilmoqda.

Joriy yilning 23 fevral kuni esa Armanistonning «Milliy-demokratik qutb” harakati millatchilari Armanistondagi Rossiya chegara qoʻshinlari bosh shtabi oldida norozilik namoyishi oʻtkazishgan.

Miting qatnashchilari ramziy tarzda oʻrtaga bir poy yirtiq harbiy etikni tashlab qoʻyib, “Rus etigini Armanistondan uloqtiramiz”, “Rus istilochilari – Armanistondan yoʻqol”, “Rossiya tinchlikparvar kuchlari oʻlim olib keladi”, “Harbiy jinoyatchilar- yoʻqol” degan shiorlarni aytib qichqirishgan.

Taʼkidlash lozim, miting oʻtkazilgan sana ham ramziy – 23 fevral  - Rossiyada Vatan himoyachilari kuni sifatida nishonlanadi.

“Jarlik” yanada kengayishi mumkin

Ayni kunlarda esa Rossiya va KXShT Armaniston siyosiy “kemasi”ning borgan sari Rossiya manfaatlari deya atalmish qirgʻoqdan uzoqlashib ketayotganini kuzatib turibdi. Bu kema esa Gʻarb tomonga yoʻnalgan. Buni Armaniston hukumati rasman tan olmasada, uning xatti-harakatlari shundan darak bermoqda.

Jumladan, Pashinyan 2023 yil noyabrida parlamentdagi chiqishi chogʻida Armanistonning KXShTning soʻnggi sammitlarida ishtirok etishdan bosh tortganini izohlar ekan, bu alyans mamlakat xavfsizligi masalalariga zarur reaksiya koʻrsatmaganini aytdi. Shu sababli Yerevan “xavfsizlik sohasida muqobil hamkorlar izlamoqda. Biz bu sheriklarni qidiramiz va topamiz, bitimlar tuzamiz, qurol va harbiy texnika olishga harakat qilamiz”, degan Armaniston bosh vaziri.

Biroq oʻshanda Pashinyan Armanistonning KXShTdan chiqish boʻyicha qaror qabul qilmaganini maʼlum qilgan edi. Oʻz navbatida KXShT Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov ham Armanistonning tashkilotdan chiqishi boʻyicha muzokaralar olib borilayotgani haqidagi maʼlumotlarni rad etdi. U Armanistonning KXShT doirasidagi faoliyati davom etishiga umid bildirdi.

Rossiya tomoni esa Armanistonni “ommaviy dahanaki tahdidlar va tanqidlar oʻrniga, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi vaziyatni muhokama qilishni boshlashga” chaqirdi.

Biroq, Moskva va KXShT rahbariyatining bunday chaqiriqlariga qaramasdan, Armaniston Gʻarb davlatlari, birinchi navbatda, Fransiya bilan diplomatik aloqalarni kengaytirishda davom etmoqda. Bundan tashqari, Armaniston va Fransiya mudofaa vazirlari Yerevanda yangi hamkorlik bitimlarini imzoladilar. Hujjatlar Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyuning Armanistonga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.

Tashrif davomida, shuningdek, Yerevanda Fransiyaning doimiy harbiy maslahatchisi faoliyat yuritishiga ham kelishib olingan.

Umuman olganda, Fransiya Armaniston qurolli kuchlarini rivojlantirishga jiddiy bel bogʻlagan. Jumladan, Lekornyuning soʻzlariga koʻra, Fransiya 2024 yildan boshlab, arman harbiylarini qayta tayyorlash dasturlarini boshlaydi. Jumladan, arman kadetlari Fransiyadagi harbiy maktablarda “Fransiya bergan qurollarni ishlatishga” oʻrgatiladi.

Shuningdek, u Fransiyadan Armanistonga tungi koʻrish moslamalarining birinchi partiyasi kelganini, “Bastion” zirhli mashinalari ham yetkazib berilishini aytgan.

Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, Yerevanda Lekornyu va Armaniston Mudofaa vaziri Suren Papikyan oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda hamkorlikning bir qator yangi yoʻnalishlari belgilab olingan: harbiy taʼlim, jangovar tayyorgarlik, oʻquv mashgʻulotlari, maslahat va ekspert yordami masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Qayd etilishicha, vazirlar Armaniston qurolli kuchlarida olib borilayotgan islohotlar va uni uzoq muddatli institutsional asosda qayta tuzishga qaratilgan saʼy-harakatlar doirasida arman-fransuz harbiy-texnik hamkorligi muhimligini taʼkidlashgan.

Tarixga qaytib esga olsak, Yerevan 2023 yildayoq Parijdan harbiy yordam olishni boshlagan. Armaniston armiyasi uchun zirhli texnikalarning birinchi partiyasi Gruziya orqali respublikaga yetkazilgan edi.

2023 yil oktabr oyining oxirida Fransiya mudofaa vaziri Lekornyu Parij Armanistonga uchta Ground Master 200 (GM200) radar tizimini sotish niyatida ekanligini eʼlon qildi va MBDA raketa tizimlari ishlab chiqaruvchisi bilan Mistral mobil zenit raketa kompleksini yetkazish boʻyicha shartnoma imzolanishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, Fransiya arman harbiylarini havo hujumidan mudofaa sohasida ham oʻqitishni rejalashtirmoqda.

Rossiyaning noroziligi ortmoqda

Butun sobiq sovet respublikalarini oʻz siyosiy manfaatlari hududi deb hisoblovchi Rossiya Armanistonning Moskva orbitasidan chiqishga urinayotgani va bu borada ayrim natijalarga erishayotganiga albatta jim qarab turmaydi. Hozircha faqat neytral yoki doʻstona diplomatik iboralar bilan gaplashayotgan Moskva ritorikasi “sabr kosasi”ni toʻldiruvchi ulkan voqeani kutayotgan koʻrinadi.

Aslini olganda, Pashinyan Rossiya rejalariga zid ravishda, inqilob natijasida 2018 yil 8 mayda Armaniston hokimiyati tepasiga kelgan siyosatchi hisoblanadi (2019 yilda 14 yanvarda qayta tayinlangan).

Pashinyan hali muxolif deputat paytida – 2013 yildayoq Armanistonning Rossiya tuzgan Yevroosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Ittifoqiga aʼzo boʻlishiga qarshi ovoz bergan. U mazkur ittifoqqa aʼzolik Armaniston milliy xavfsizligi va suverenitetiga tahdid soladi, shuningdek, Yerevanning Gʻarb hamda qoʻshni hamkor davlatlar – Eron va Gruziya bilan munosabatlarini yomonlashtiradi, deb aytgan. “Armaniston bu tashkilotga ixtiyoriy emas, majburlab kiritildi” degan. Pashinyan oʻsha davrdagi prezident Serj Sarkisyanni “Rossiya aralashuvi bois” harbiy qudrat muvozanatida Ozarbayjonga yutqazib qoʻyishda aylab tanqid qilgan.

Pashinyan, shuningdek, 2016 yilda Kavkazda Rossiya bilan birgalikda Havodan mudofaa tizimini yaratish masalasiga qarshi ovoz bergan. U Rossiyani “Armaniston xavfsizligining haqiqiy kafolati, deb hisoblab boʻlmasligini” aytgan edi.

Biroq hukumat tepasiga kelgach, Pashinyan oʻz qarashlarini oʻzgartirdi. Jumladan, u 2018  yil aprelda Armaniston KXShT va YeOIHT ni tark etmasligi va Rossiya harbiy bazasi bilan muammo yoʻqligi haqida bayonot berdi. Turkiya bilan munosabatlar yomonligi bois, Armaniston-Turkiya chegarasini qoʻriqlovchi ushbu baza Yerevan uchun kerakligini taʼkidladi.

2018 yil dekabrda esa Armaniston NATOga aʼzo boʻlmasligini, lekin bu tashkilot bilan munosabatlarni rivojlantirishini maʼlum qilgan.

Biroq, yuqorida keltirilganidek, Togʻli Qorabogʻ bilan bogʻliq voqealar zanjiridan soʻng, Pashinyan ritorikasi oʻzgardi. Xususan, oʻtgan yili u “Armanistonning xavfsizlik sohasida faqat bitta davlat - Rossiyaga bogʻligi “strategik xato” boʻlganini bildirgan.

Qolaversa, 2020 yilda Pashinyan Armanistondagi islohotlarning aossiy hamkori, umuman oʻz siyosatining muhim yoʻnalishi sifatida Yevropa Ittifoqini tilga olgan edi.

Albatta Pashinyan va unga bogʻliq koʻplab “mayda” qadamlar ham Moskvaning jigʻishga tegib kelayotgan edi. Masalan, 2023 yil 6 sentabr kuni uning xotini Ukrainada “birinchi xonimlar va jentelmenlar” forumi doirasida Zelenskiy va boshqa Gʻarb rahbarlarining xotinlari bilan uchrashdi. Garchi Pashinyan bunga siyosiy tus bermaslik va Rossiyaga qarshi maʼno izlamaslikni uqdirgan boʻlsada, bu uchrashuv Rossiya media olamida katta gʻazab bilan sharhlandi.

2023 yil oxiri va 2024 yil boshiga kelib, Armanistonning Rossiya orbitasidan uzoqlashayotganidan darak beruvchi signalar koʻpayib va tezlashib ketdi.

Masalan, France24 nashriga bergan intervyusida Pashinyan Gʻarb bilan munosabatlarni buzmaslik uchun Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarga qoʻshilishini ham eʼlon qildi.

Undan avvalroq – 1 fevral kuni Armaniston Xalqaro jinoyat ishlari sudining Rim statutiga qoʻshildi. Endi bu sud qarorlariga Armaniston hududida ham amal qilinadi. Jumladan, Haaga sudi 2023 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni (Ukrainadagi jinoyatlari bois) qamoqqa olish haqida order bergan edi. Armanistonning bu statutni imzolashi, agar Putin Armaniston hududiga kiradigan boʻlsa, Yeravanga uni qamoqga olish majburiyatni yuklaydi.

Albatta Rossiya Armanistonning bu qadamini “doʻstona boʻlmagan akt” deya qattiq tanqid qildi. Oʻz navbatida Nikol Pashinyan Armanistonning ushbu xatti-harakatlari Moskvaga qarshi qaratalmagani haqida bir necha bor bayonot berdi.

Biroq oxirgi mashhur intervyusida Nikol Pashinyan Rossiya rasmiylarining pozitsiyasini qattiq tanqid qilgan. Uning taʼkidlashicha, Rossiya bir necha oy oldin "Armaniston aholisini hukumatni agʻdarishga ochiq chaqirgan". Pashinyanga koʻra, "Moskvadan unga qarshi bu tashviqot toʻxtovsiz davom etmoqda". “Biz oʻz hududimizdagi noqonuniy harakatlarga toqat qila olmaymiz”, dedi Nikol Pashinyan va “Yerevan talablari javobsiz qolsa, oqibatlari” bilan tahdid qilgan.

Yerevanni qanday kelajak kutmoqda?

Armanistonning Hraparak gazetasi tushuntirishicha, Rossiya va Armaniston oʻrtasidagi munosabatlar Gʻarb talabi bilan keskinlashib ketgan.

Xususan, Pashinyan va boshqa arman mansabdor shaxslarining 16-18 fevral  kunlari Myunxenda Gʻarb yetakchilari bilan uchrashuvi Armanistonning oxirgi kunlardagi keskin qadamlarini belgilab bergan. Gazetaning yozishicha, Gʻarb aynan shunday yoʻl tutishni talab qilmoqda.

Bu talablar bilan bogʻliq ravishda, gazetaning rasmiy manbalarga tayanib maʼlum qilishicha, Armaniston bosh vaziri oʻrinbosari Mger Grigoryan ham tez orada lavozimidan ozod qilinishi mumkin. Chunki Grigoryan Rossiyaga moyil amaldor hisoblanadi va Gʻarbning Armanistondagi rejalariga xalaqit berishi mumkin.

Albatta bu gazetaning rossiyaparast emasligiga kafolat yoʻq. Biroq shunday boʻlgan taqdirda ham bu nashrdagi mavola Rossiyaning Armaniston xatti-harakatlarini qanday baholayotgani uchun yaxshi va haqqoniy indikator boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Bir narsa aniqki, Moskva, aniqrogʻi uning hozirgi hukumati, yanayam aniqrogʻi, Putin kechirishga moyil rahbar emas. Putin oʻziga qarshi qaratilgan harakatlarga zudlik bilan va shafqatsizlarcha javob berishi bilan maʼlum va mashhur. Lekin Ukrainaga qarshi urush bilan “ovoralik” uni keskin javoblardan tiyilishga majbur qilayotgan boʻlishi yoxud “arqonni uzun tashlab qoʻyganidan” darak berishi ham mumkin.

Agar Armanistonning hozirgi harakatlarini Rossiya orbitasidan uzoqlashish deya baholansa, Rossiyaning reaksiyasini ancha aniqroq taxmin qilish mumkin. Gruziya, Ukraina, Moldova bilan boʻlgan mojarolar ular uchun oʻz hududlarining maʼlum qismidan ajralish bilan yakun topgan. Biroq, yuqorida aytilganidek, “ikkinchi front”ni ochish Rossiya uchun hozircha nomaqbul yoʻl. Shu bois Moskva avvaliga “yumshoq kuch”dan maksimal foydalanishga harakat qilishini taxmin qilsak boʻladi. Bu boradagi ishlar Pashinyan hokimiyatga kelgan kundanoq avj olgani ehtimolga yaqin.

Shu jihatdan olib qaraganda, Nikol Pashinyanning Rossiya bir necha oy oldin "Armaniston aholisini hukumatni agʻdarishga ochiq chaqirgani", "Moskvadan unga qarshi bu tashviqot toʻxtovsiz davom etayotgani” haqidagi bayonotlari asossiz emas va taxminimizni quvvatlaydi.

Qolaversa, Rossiyaning Kavkaz hududida va Qora dengiz boʻyi mintaqalarida koʻplab arman millatiga mansub aholi istiqomat qilishi, Armanistondagi koʻplab aholining Rossiya fuqaroligiga egaligi, Rossiyada arman diasporasi va biznes vakillari hamda arman mehnat muhojirlarining koʻpligi, qolaversa Rossiya siyosiy elitasida ham arman millatiga mansub shaxslarning mavjudligi Moskva uchun yaxshigina dastak boʻlib xizmat qiladi.

Shu jihatdan olib qaraganda, Togʻli Qorabogʻ mojarosining uzoq yillar hal etilmay kelgani ham Rossiya manfaatlariga mos kelgan. Shu bois Ozarbayjon Togʻli Qorabogʻni toʻla qaytarib olishiga bir bahya qolganida (Stepanakert-Xankendi shahri qolganida) Rossiya vaziyatga aralashib sulh tuzilishiga erishib, mojaroni yana “muzlati qoʻygan” edi. (Biroq, bundan qanoatlanmagan Boku Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin  xalqaro maydonda, xususan, Rossiya-Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarning oʻzgarishi hamda Turkiyaning siyosiy-harbiy yordamidan unumli foydalanib, mojaroni yana qayta ochdi va oʻz maqsadiga erishdi).

Boshqa jihatdan, Rossiya elitasidagi arman lobbisi Moskvani Armanistonga nisbatan keskin va qahrli harakatlardan toʻxtatib turishga urinayotgan boʻlishi ham mumkin. Lekin ular ham bevosita harbiy harakatlarga zimdan qarshi boʻlsada, Armaniston hukumatining Rossiyaga moyil boʻlishiga qarshilik qilishmaydi.

Moskvaning amaliy harakatlariga kelsak, avvalo, tez orada Armaniston hukumatini Rossiyaga “ogʻdirishga” yoki  hukumat va mansabdorlarni  almashtirishga urinishlarga guvoh boʻlishimiz mumkin. Bu esa eng sinalgan va samarali usul – norozi siyosiy kuchlarning Armaniston ichida turli namoyish, ommaviy tartibsizliklar va kerak boʻlsa inqilob uyushtirishini taʼminlash orqali amalga oshiriladi. Armaniston xalqi orasida Pashinyandan Qorabogʻni sotishda ayblab norozi boʻlayotganlar koʻpligi va ularning tez-tez norozilik namoyishlari uyushtirayotgani ham bu rejalar uchun asos boʻlib xizmat qila oladi.

Agar bu usul ham qoʻl kelmasa, xalqaro maydonda va iqtisodiy jihatdan Armanistonni iskanjaga olish boshlanadi. Iqtisodiy va logistika jihatidan Rossiyaga qaramligi pasaymagan Armaniston uchun bu juda ogʻriqli boʻladi, xalq norozligi kuchayadi. Aybdor qilib esa albatta Pashinyan va uning atrofidagi siyosiy muhit koʻrsatiladi. Bir oʻzbek maqolida aytilganidek, “kambagʻalni urma, soʻkma – yoqasini yirt”.

Yoki boʻlmasa, Armaniston chegaralarida turli harbiy provokatsiyalar kuzatilishi mumkin. Armanistonga Eron, Turkiya va Ozarbayjonning qoʻshni ekanligi esa bu borada ham Rossiya uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Aytaylik, avvalgi Arman-Ozar kelishuvlariga koʻra, Ozarbayjonning Naxichevan hududiga oʻtishi uchun Zangeuzer koridorini ochish masalasi ham qayta koʻtarilishi mumkin. Agar Boku, avval bayonot berilganidek, kuch bilan, harbiy yoʻl bilan boʻlsada, bu koridorni ochishga urinsa, Rossiya xuddi Qorabogʻ masalasida boʻlgani kabi yana “koʻr va kar” boʻlib oʻtiraveradi. (Pashinyanning Qorabogʻ qaytarib olinishi bilan bogʻliq urushlardan oldin Rossiyaga “nodoʻstona” ishoralar bergani ham Moskvaning “jazo” tariqasida bu masalada neytral qolganiga sabab boʻlgan, ehtimol).

Albatta Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mavjud reallikni toʻgʻri baholab, yuzaga kelgan geopolitik imkoniyatdan (Rossiya-Ukraina urushi fonida Rossiyaning kuchsizlanishi va ihotalanishi fonida) tezroq foydalanib qolishga harakat qilayotgan va Armaniston kelajagini yaxshilash uchun intilayotgan boʻlishi ham mumkin. Lekin Rossiya omili inobatga olinsa, Pashinyan uchun bu oʻyin “va-bank” bosqichiga oʻtgan: u (va Armaniston ham) ushbu keskin qarorlar natijasida yoki koʻp narsaga erishishi yoki koʻp narsani yoʻqotishi mumkin.

Lekin, Armaniston uchun eng yaxshi ssenariyda, Yevropa Itifoqi vaʼda berayotganidek, YeI bilan vizasiz bordi-keldilar yoʻlga qoʻyilishi, YeIga aʼzolikka nomzod maqomini olishi va pirovardida NATOga ham aʼzo boʻlishi kutilmoqda.

Eng yomon ssenariyda esa Armanistonning ayrim hududlari “oʻz kelajagini Rossiya tarkibida koʻrishini” eʼlon qilib qolishi mumkin. Biroq bu darajaga bormasligi ehtimolga yaqinroq.

Shu boisdan, Pashinyanning zoʻr berib Armaniston xavfsizligi ustida boshqa qotirayotgani, qurolli kuchlarni takomillashtirishga, boshqa harbiy hamkorlar topishga urinayotgani ham bejiz emas. Aynan Fransiyaga yuzlanish esa bu mamlakatda kuchli arman lobbisining mavjudligi bilan bogʻliq.

Xullas, voqealar rivojining qaysi taraf foydasiga hal boʻlishi Yevropa, xususan, Fransiyaning Armaniston uchun qanchalik uzoq “turib bera olishiga” bogʻliq boʻlib qolmoqda. Ayni vaziyatda esa Gʻarbning bu masaladagi uzoq muddatli yordamini unchalik ishonchli deb boʻlmaydi.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+