Toshkentda tigʻiz vaqtlarda ayrim yuk mashinalar harakati cheklanadi
Shuningdek, 2030 yilga qadar markaziy shaharlarda "YeVRO – 5" va undan yuqori standartlariga muvofiq boʻlmagan mashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni eʼlon qilindi.
Mamlakatimizda chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida:
a) 2024 yil 1 martdan boshlab:
- hududlarda chang boʻroni sodir boʻlayotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori boʻlgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yoʻllari kasalliklariga chalingan hamda sogʻligʻi havoning ifloslanishiga taʼsirchanligi yuqori boʻlgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar toʻgʻrisida doimiy xabardor qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
- oʻlchami 500 metr kvadrat va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish boʻyicha majburiy talablar joriy etiladi;
- Toshkent shahrida yuk tashish uchun moʻljallangan, ruxsat etilgan toʻla vazni 10 tonnadan yuqori boʻlgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tigʻiz vaqt oraliqlarida taqiqlansin. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xoʻjaligi, obodonlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilanadi;
b) 2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida "YeVRO – 5" va undan yuqori standartlariga muvofiq boʻlmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.
Mazkur bandning toʻliq, sifatli va soʻzsiz bajarilishi uchun masʼullar etib tegishincha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A.Abduxakimov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B.Zakirov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) va Transport vazirligi (I.Maxkamov) belgilandi.
27. Keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli taʼsirini kamaytirish uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan "Avtomobilsiz kun" jamoatchilik loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanmoqda.
Bunda, binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna koʻrsatib boradi.
Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishi doirasida:
2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar koʻchatlarini, qalamchalarini ekish, respublikada 444 ta yashil bogʻlar barpo etish nazarda tutilmoqda;
2024 yil 1 martga qadar suv kanallarini rekonstruksiya qilish ishlariga Davlat byudjetidan qoʻshimcha ajratilgan 500 milliard soʻm mablagʻlar doirasida kamida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlash ishlarini yakunlash choralari koʻriladi.
2024 yil aprelga qadar “yashil energiya” sertifikatlari aylanmasi bozor tamoyillari asosida yoʻlga qoʻyilishi taʼminlanadi;
xalqaro issiqxona gazi savdosi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish tartibi tasdiqlanadi;
b) 2024 yil 1 apreldan boshlab iqlim oʻzgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimi (MRV) va maʼlumotlar bazasi bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi belgilanmoqda;
v) 2024 yil yakuniga qadar xorijiy investorlar ishtirokida Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 2 700 MVt boʻlgan 6 ta yirik quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish taʼminlanadi.