platina.uz

Samarqandda ham gaz boʻyicha uyushgan jinoiy toʻda aniqlandi

Ular oʻz mansab vakolatini suisteʼmol qilib, davlatga oʻn milliardlab zarar keltirgan. 

Jamiyat
23-fevral, 16:14
Samarqandda ham gaz boʻyicha uyushgan jinoiy toʻda aniqlandi

Samarqandda davlatga oʻn milliardlab zarar keltirgan bir guruh mansabdorlariga hukm oʻqildi. 2023 yil 13 fevral kuni jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida gaz taʼminoti sohasiga aloqador oʻn nafar mansabdorga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi.

Platina.uz saytida nusxasi bor sud hukmiga koʻra:

- Samarqand gaz taʼminoti filialida ishlagan O.R avval uch marotaba sudlangan, JKning 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiʼstemol qilish, juda koʻp zarar yetkazgan holda) hamda 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik qarash) bilan ayblangan.

Jumladan, O.R 2022 yil oktabr oyidan 2022 yil dekabr oylarida tabiiy gaz uchun toʻlovlarni oldindan amalga oshirmagan hamda debitor qarzdorligi boʻlgan Samarqand shahridagi 210 ta ulgurji isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berishni toʻxtatmasdan, qasddan mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilib, umumiy qiymati 1 mlrd. 279 mln. 470 ming 276 soʻmlik tabiiy gazni yetkazib bergan va “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filialining juda koʻp miqdorda debitor qarzdorligi yuzaga kelishiga yoʻl qoʻygan. Oqibatda 2022 yil oktabr-dekabr oylarida qabul qilingan va taqsimlangan tabiiy gaz oʻrtasida 27 mln. 761 ming. 300 m3 yoki 9 mlrd. 300 mln. 20 ming soʻmlik tafovut manfiy farq yuzaga kelgan.

- “Samarqandshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimi gaz taqsimlash qutilarini nazoratga olish boʻlimi ustasi J.M, muqaddam ikki marotaba sudlangan, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 1-qismi bilan ayblangan. U Samarqand shahridagi 577 ta ulgurji isteʼmolchilar tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnoma shartlarini bajarmaganligi sababli ularga tabiiy gaz yetkazib berishni toʻxtatmasdan, qasddan mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilib, umumiy qiymati 9 mlrd. 132 mln. 306 ming344 soʻmlik tabiiy gazni yetkazib bergan va davlat va jamiyat manfaatlariga katta ziyon yetkazgan.

- “Samarqandshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimi maishiy xizmat koʻrsatish boʻlimi chilangari, “Samarqandshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimi ulgurji isteʼmolchilar bilan ishlash xizmati boshligʻi lavozimida ishlagan Yu.I avval uch marotaba sudlangan, JKning 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblangan. U shartnoma shartlarini bajarmagan 775 ta ulgurji isteʼmolchilarga gaz bilan taʼminlashda davom etib, ularga 6 mlrd. 706 mln. 287 ming 952 soʻmlik tabiiy gazni yetkazib bergan.

- “Pastdargʻomtumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan A.A Oʻzbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan ayblangan. A.A oʻz vakolatlaridan foydalanib, davlat bilan shartnoma shartlarini bajarmagan 145 ta isteʼmolchiga gaz yetkazib bergan va 10 mlrd. 97 mln. 453 ming 472 soʻmlik zarar keltirgan.

- “Pastdargʻomtumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi ulgurji isteʼmolchilar bilan ishlash xizmati boshligʻi lavozimida ishlagan S.D. esa gaz yetkazib berish boʻyicha shartnoma shartlarini bajarmagan korxona va tashkilotlarga 21 mlrd. 406 mln. 102 ming 588 soʻmlik tabiiy gazni yetkazib bergan.

- “Paxtachitumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi ishlagan E.I esa shartnoma shartlarini bajarmagan ulgurji isteʼmolchilarga gaz yetkazib berishni toʻxtatmasdan, ularga 1 mlrd. 266 mln. 616 ming 632 soʻmlik tabiiy gazni yetkazib berib, zarar keltirgan.

Qolgan ayblanuvchilar ham 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblangan.

Sud eʼlon qilgan hukmga koʻra, fuqaro O.R.ga nisbatan JKning 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan, JKning 45-moddasini qoʻllab, 1 (bir) yil muddatga davlat ishtirokidagi korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining
300 baravari, yaʼni 90.000.000 (toʻqson million) soʻm jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek unga har oylik ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga undirish sharti bilan 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishi jazosi belgilandi.

Yana bir sudlanuvchi J.M . ga JKning 59-moddasi 2-qismiga asosan tayinlangan yengilroq jazoni ogʻirrogʻi bilan qoplash yoʻli bilan uzil-kesil 1 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi Yu.I.ga esa sudining 2023 yil 13 iyundagi hukmi boʻyicha tayinlangan jazoning oʻtalgan qismini sud tomonidan tayinlangan jazoga qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil ikki yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, yana bir ayblanuvchi D.S.ga JKning 59-moddasi 8-qismiga asosan jinoyat ishlari boʻyicha 2 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud hukmi bilan boshqa aybdorlarga ham jazolar eʼlon qilindi.

Avvalroq "Hududgaz" Fargʻona viloyati filiali va bir nechta tuman boʻlimlari rahbar xodimlari oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilib, soxta hujjatlar yasagan, korxonalarning yirik qarzlariga koʻz yumgan va davlatga katta miqdorlarda zararlar yetkazgani aniqlangandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+