Universitetlar monopoliyasi: aybsiz aybdor yoshlar

Xususiy OTMlarni toʻp-toʻp qilib litsenziyadan mahrum qilishayotgani, ularga qoʻyilayotgan talablarning yil sayin ogʻirlashib borayotganini qanday tushunish mumkin?

Maqola
22-fevral, 19:29
Universitetlar monopoliyasi: aybsiz aybdor yoshlar

Rossiyada tahsil olayotgan xorijlik talabalar orasida Oʻzbekistondan borgan tolibi ilmlar soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi. 2024 yil holatiga 63 ming oʻzbekistonlik tahsil olish uchun Rossiya taʼlim dargohlarini tanlagan boʻlib, bu 5 yil avvalgi koʻrsatkichdan 2 marta koʻp.

Qoʻshni Qirgʻizistonda esa birinchi oʻrindamiz. Bu yerda jami xorijlik talabalar 71,7 ming boʻlib, ularning 40282 nafari oʻzbekistonliklar.

Qozogʻistonda ham birinchi oʻrindamiz: pandemiyadan oldin jami 30 ming xorijlik talabaning 53,79 foizini oʻzbekistonliklar tashkil etgan. Toʻgʻri, keyinchalik ularning koʻpchiligi Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalariga (OTM) qaytarildi. Biroq oʻshanda ham TOP-5 talikdan tushganimiz yoʻq.

Janubiy Koreyada 2023 yil holatiga jami xorijlik talabalar (118 ming) miqdori reytingida oʻzbekistonliklar 3-oʻrinda turadi.

Xoʻsh, bu bilan faxrlanishimiz kerakmi? Munozarali va ritorik savol!

Nega xorijni tanlashyapti?

Sir emas, baliq chuqurroq suvni qidirsa, odam yaxshiroq makonni qidiradi. Mehnat migrantlarimiz jonini garovga qoʻyib, xorijga oshiqayotganining sabablari tushunarli. Biroq tahsil olish uchun xorijga ketayotgan yoshlarimizni nima bunday qarorga undayapti? Maʼlum boʻlishicha, hamma talabaning sabablari har xil.

Sirdaryolik Orifxoʻja ham Rossiyadagi 63 ming talabaning biri. Moskva davlat yuridik institutini tamomlash arafasida. Oʻqishdan boʻsh vaqtlarida ishlab, shartnoma pulini toʻlashning ham uddasidan chiqadi.

– Oʻzbekistonda oʻqishga topshirib kira olmaganman, – deya eslaydi Orifxoʻja. – Tarixdan rosa tayyorlanganman. Lekin kontraktga tushdim. Shu ball bilan boshqa OTMga kirsam boʻlardi, lekin bizning paytimizda faqat bitta universitetga topshirish mumkin edi. Uydagilarimning sharoiti koʻtarmagani bois, “kontrakt”ga oʻqimasdan, Rossiyaga ishlash uchun keldim. Ishlarim va topish-tutishim yaxshilanib, uyimga ham pul joʻnata boshladim. Hamma qatori uy solish, oila qurish va albatta bitta mashina olishni dilimga tugib yurardim, niyatlarimga deyarli erishdim. Qurbim yetganicha, qarib, kuchdan qolgunimcha shu yerda ishlab yuraveraman, degan fikrga ham koʻnikdim. Lekin 3 yilcha avval Vologda shahridagi Oʻzbekistonliklar milliy-madaniy markazi raisi Abduxoliq Allaberdiyev bilan uchrashuvimizda uning bir gapi menga qattiq taʼsir qildi. “Qachongacha shunday yurmoqchisan? Biliming durustgina ekan, ilmingni xor qilmasdan, oliy maʼlumot olib, oʻzingga mos ishlarda mehnat qilsang boʻlmaydimi?”, deya menga tanbeh berdi. Vaziyatni tushuntirgandim, “Moskva yuridik institutining Vologda shahridagi filiali xorijliklar uchun faqat suhbat asosida oʻqishga qabul eʼlon qilibdi. Baxtingni sinab koʻr”, deya yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi, – deydi Orifxoʻja.

Rus tilini va tarixni yaxshi oʻrgangani, qolaversa, tirishqoqligi bois, Orifxoʻjaning oʻqishga kirishi qiyin boʻlmadi. Buning ustiga futbolni yaxshi oʻynagani uchun universitet futbol jamoasiga qabul qilindi. Futbol musobaqalarida universitet sharafini himoya etayotgani uchun doim ustozlar alqoviga musharraf boʻlib kelyapti.

Talab koʻp, taklif-chi?

Oʻzbekiston aholisi katta surʼatlar bilan 40 millionga yaqinlashib bormoqda. Har yili 800 ming aholi safimizga qoʻshilmoqda. Aholining 60 foizdan ziyodi yoshlar, har yili deyarli 500 ming oʻquvchi maktabdan uchirma boʻladi va ularning kamida 60 foizi qalbida OTMda oʻqish istagi boʻladi. Masalan, 2023-2024 oʻquv yilida 1 mln. 18 ming kishi bakalavriat yoʻnalishiga hujjat topshirgan. (2023 yil bitiruvchilaridan tashqari, avval maktabni bitirganlar ham topshiradi – mual.) Ularning 888,5 mingi test imtihonlarini topshirgan.

Kim aybdor?

Yosh yurtdoshlarimiz avvalo mamlakatimizda talabalar oʻrnining kamligi bois, yuzaga kelgan mashaqqatli raqobat sababidan xorijda oʻqishni maʼqul koʻrishadi. Buning ustiga ayrim guruhlar uchun ming xil imtiyozlar berib tashlanganki, ularning kasriga hatto testdan maksimal ball olgan talabalar ham 2023 yilda “kontraktga tushib qolishdi”.

Oʻqishning sifati alohida mavzu. Rossiyada oʻqiyotgan Orifxoʻjaning aytishicha, Rossiya va Oʻzbekistondagi OTMlar orasidagi bitta asosiy farqqa eʼtibor qaratgan: Rossiyadagi universitetlarga kirish oson, lekin oʻqishni davom ettirish, bitirib diplom olish qiyin.

– Oson oʻqishga kirganim bilan, oʻqib ketishim oson boʻlmadi, – deydi Orifxoʻja. – Bu yerda taʼlim berish darajasi va bilim olish ustidan nazorat oʻta yuqori. Tanish-bilish, sovgʻa-salom degan gaplar yoʻq. Zoʻr bilim berishadi va jiddiy talab qilishadi. Men bilan birga oʻqishga kirgan yurtdoshlarimiz koʻp edi. Hozir 3-4 kishi qoldik xolos. Ayrimlari oʻqish va ishni baravar olib borishga qiynalishdi, ayrimlari imtihonlardan oʻta olmadi. Oʻzbekistonda oʻqiyotgan doʻstlarimning aytishicha, ularning oʻqishga kirishi qiyin boʻlgan. Chunki talabgor koʻp, OTMlar va ulardagi joy esa juda kam. Lekin doʻstlarim oʻqishga kirib olgach, hech qiynalmasdan oʻqishni tugatishdi. Juda havas qildim ularga. Biz esa (MDYuIni nazarda tutyapti – mual.) sessiyalar oldidan uxlamasdan turli loyihalar tayyorlab chiqamiz, tinmay oʻqiymiz. Aks holda oʻqishdan haydashlari juda oson. “Rahm” qilib oʻtirishmaydi, – deydi Orifxoʻja.

Albatta, Oʻzbekistonda ham talabalarga katta eʼtibor berishadi. Toʻgʻri, hozircha faqat ularning davomati, turli ijtimoiy tadbirlardagi ishtiroki, badanida qancha tuki borligi va qanday kiyim kiyishiga koʻproq eʼtibor qaratishmoqda. Lekin qachondir taʼlimga ham eʼtibor berib qolishar, degan umidimiz hali soʻnmagan...

Muammo aniq, yechim aniq, biroq...

Taʼlim sifatini yaxshilashga-ku, davlat darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Eng avvalo, yangi Oʻzbekistonda talabalarni majburan paxta terimiga olib chiqishga chek qoʻyilgani katta yutuq boʻldi. Bir yilda 5 ta OTMga ariza topshirish imkoniyati yaratilgani, xorijiy OTMlarning filiallari ochilayotgan, xususiy OTMlar ochishning osonlashtirilgani va boshqa imkoniyatlar kelajakda oʻz samarasini berishi shubhasiz. Lekin talabalik oʻrnini oshirish masalasi nega hamon dolzarbligicha qolmoqda?

Yaxshiyamki, bozor iqtisodiyotiga oʻtganmiz, OTMlar ochish esa daromad olish uchun yaxshi biznes-loyiha. Tadbirkor fuqarolarimiz tepadan otashin chaqiriq va buyruqlarni kutib oʻtirmasdan, OTMlar ochishga qiziqish bildiryapti. Zero, taʼlim sohasi serdaromad soha, ayniqsa tibbiyot yoʻnalishini yoʻlga qoʻysangiz. Masalan, Rossiyada hamda bizga qoʻshni davlatlarda xorijlik, asosan hindistonlik talabalar aynan tibbiyot sohasi uchun bu yerda oʻqishga kelishgan. Chunki Hindistonda va umuman boshqa davlatlarda taʼlim, ayniqsa tibbiyotni oʻrganish juda qimmat. Ular oʻqishning va albatta yashashning arzonligi uchun sobiq sovet davlatlarini tanlashgan.

Misol uchun, Project Atlas loyihasi maʼlumotlariga koʻra, 2022 yilda tibbiyot yoʻnalishini tanlagan xoijliklar Rossiyada 76 029 kishini tashkil etgan. Ularning 20 mingga yaqini hindistonlik, 3150 nafari esa oʻzbekistonlik talabalar boʻlgan.

Toʻgʻri, Oʻzbekistonda ham koʻp yillik muzlik davridan soʻng siyosiy-iqtisodiy erkinlik shabadalari esgach, juda koʻp xususiy OTMlar ochildi. Ularning ayrimlari davlat standartlariga javob bermagani bois yopilib ham ketdi. Buni tushunish mumkin. Bundan investorlar ham kerakli xulosalar chiqarishgan, albatta. Lekin hozirgi zamonda xuddi sochma oʻq bilan kaptar toʻdasini otgandek, xususiy OTMlarni toʻp-toʻp qilib litsenziyadan mahrum qilishayotgani, ularga qoʻyilayotgan talablarning yil sayin ogʻirlashib borayotganini qanday tushunish mumkin?

Masalan, kuni kecha Turkiston innovatsiyalar universiteti va Namangan xalqaro universiteti sud ularning ishini 15-20 daqiqada koʻrib, litsenziyasini bekor qilib tashlagani haqida maʼlumotlar tarqaldi. “Yosh ziyokor” nodavlat taʼlim muassasalari uyushmasi raisi Rasul Kusherbayevning aytishicha, “vakolatli organ nodavlat OTMga litsenziya beryapti. Va davlat oliy taʼlim tashkilotlari haq-huquqini himoya qilish bilan ham shugʻullanyapti. Mana shu jarayonlarda vazirlik xususiy taʼlim tashkilotlariga begona koʻz bilan qarash tendensiyasi kuzatilyapti. Yaʼni xususiy taʼlim tashkilotlari davlat OTM bilan raqobat qila olib, kerak boʻlsa, yaxshi narx taklif qilib, u yerdagi eng yaxshi kadrlarni oʻziga chaqirib olyapti. Nodavlat OTMdagi sharoit, dars sifatidan koʻplab odamlar rozi boʻlyapti", – deydi Kusherbayev.

U nodavlat OTMlarda kamchiliklar aniqlangan tekshiruvlarni “tirnoq ostidan kir qidirish” deya taʼriflagan. Xususiy OTMlarga sunʼiy toʻsiq qoʻyilayotgani davom etaversa, oʻzbek talabalari va investorlarning xorijga “oqib ketishi” keskin koʻpayishi mumkin.

Qolaversa, yana bir muammo ham qonunan hal etilmagan: litsenziyadan mahrum etilgan OTMlarning sobiq talabalari qanday tartibda boshqa OTMlarga oʻqishini koʻchirishi mumkin? Ularni qaytadan kirish imtihoni topshirishga yoki qaytadan, 1-kursdan boshlab oʻqishga majburlamaslikalariga kim kafolat beradi?

Oʻzi umuman, avval-boshda xususiy OTMlarga “sabr” qilgan litsenziyalovchi idoralar nega soʻnggi paytlarda ularga oʻgay koʻz bilan qaraydigan boʻlib qolishdi?

Sababi oddiy. Taxmin qilishimizcha, ayrim amaldorlarimiz miyasida sovetdan qolgan bir fikr hamon hukmron: davlat OTM yaxshi, xususiylari shubhali!

Jahondagi eng mashhur va obroʻli, taʼlim sifati va standartlari butun dunyoga namuna boʻlayotgan, prezidentlaru, Nobel mukofoti sovrindorlarini, buyuk innovator va kashfiyotchi tadbirkorlarni yetishtirib chiqarayotgan OTMlarning deyarli barchasi xususiy universitetlar, baraka topgurlar, deydigan odam yoʻq.

Lekin xususiy universitetlarga shubha bilan qarayotgan amaldorlarning maqsadlari baribir tushunarsiz. Ehtimol ular “taʼlim sifatini oshirish uchun shunday qilishimiz shart” deyishar. Biroq bu bahonalari mamlakatimizdagi ayrim monopolist korxonalarning “yurtimizga kirayotgan tovarlarning sifati yaxshi boʻlishi uchun bojxona toʻlovlarini koʻtarib qoʻydirishga majburmiz” degandek eshitiladi quloqqa. Lekin, shuni unutmaslik kerakki, bitta eski kinofilm qahramoni aytganidek, karvon bir, rizqi boʻlak – bu bir, raqobat bor joyda sifat yaxshilanadi, taraqqiyot uchun turtki paydo boʻladi – bu ikki! Shaxsiy injiqliklar bilan xalq manfaatlarini aralashtirmaslik kerak – bu uch!

Afsuski, ayrim amaldorlarning injiqliklari bu bilan tugamasligining ehtimoli katta. Bu ketishda “yoshlarimizning xorijga oʻqishga ketishini cheklash kerak” degan fikrni ilgari surib, turli toʻsiqlarni oʻylab topishsa va bu meʼyorni qonun yoki qonunosti aktlariga kiritib yuborishsa ham hayron boʻlmaymiz.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+