OAV: Bayden Putinni qattiq haqorat qildi
Kreml AQSh prezidentining soʻzlariga javob qaytargan.

AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga nisbatan haqoratli soʻzlarni aytdi. Uning soʻzlarini Oq uy jurnalistlariga asoslanib RIA "Novosti" iqtibos qilib keltirgan.
San-Fransiskodagi saylovoldi tashviqoti tadbiridagi chiqishi chogʻida Bayden yana Putinga nisbatan haqoratli soʻzlarni ishlatdi va uni "aqldan ozgan" deya atadi.
"Bizda Putin va boshqalarga oʻxshagan aqldan ozgan itning bolalari (!) bor va ular sabab biz doimo yadroviy mojaro haqida qaygʻurishimiz kerak, ammo insoniyat uchun ekzistensial tahdid - iqlim oʻzgarishidir", - degan Amerika rahbari.
Bu AQSh rahbarining Putin haqida aytgan birinchi haqoratli bayonoti emas.
Avval ham Bayden Rossiya rahbarini "diktator", "qotil","harbiy jinoyatchi" deya atagandi.
Oʻz navbatida Kremlning javobi ham koʻp kuttirmadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Baydenning gaplarini "sharmandali bayonot" deb atadi.