Metan zapravkalar bugundan bosqichma-bosqich ochiladi
18 fevralda respublikadagi barcha zapravkalarga cheklov oʻrnatilgandi.
Bugundan Oʻzbekistondagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda.
Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
"Metan zapravkalar bilan bogʻliq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar axborot resurslarida, shuningdek, “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining rasmiy axborot manbalari orqali xabar qilib boriladi.
Kecha mamlakatimizdagi 407 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar – tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa obʼektlarga tegishli avtomobillarga 2 million 607 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi" deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, vazirlik ochiqlagan maʼlumotga koʻra, 21fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 246,8 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz koʻp elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 41,9 mln kubometr tabiiy gaz, 23,5 ming tonna koʻmir hamda 12 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmanistondan 20 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.
Eslatib oʻtamiz, 18 fevral kuni ob-havoning keskin sovishi oqibatida zapravkalarga cheklov joriy etilgandi.