Rus shovinistlarining axborot hurujlari ortida nima bor?

Bugun 21 fevral, Xalqaro ona tili kuni. 

Jamiyat
21-fevral, 20:00
Rus shovinistlarining axborot hurujlari ortida nima bor?

Xalqaro ona tili kuni 1999 yil noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YuNESKO) Bosh konferensiyasi tomonidan eʼlon qilingan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2002 yilgi rezolyutsiyada ushbu kunning eʼlon qilinishini olqishlashdi.

2007 yil 16 mayda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi oʻzining rezolyutsiyasida aʼzo davlatlarni "dunyo xalqlari foydalanadigan barcha tillarni saqlash va himoya qilishga koʻmaklashish"ga chaqirdi. Xuddi shu rezolyutsiya bilan Bosh Assambleya 2008 yilni Xalqaro Tillar yili deb eʼlon qildi, bu koʻp tillilik va multikulturalizm orqali xilma-xillik va xalqaro hamjihatlikda birdamlikni taʼminlash etib tayinladi.

Dunyoda 7000 dan ortiq tillar mavjud boʻlib, ularning yarmiga yaqini yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida. Bu turli omillar - globallashuv, aholi migratsiyasi, siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Xalqaro ona tili kuni til xilma-xilligini saqlash muammosiga eʼtiborni qaratish hamda ona tilini oʻrganish va asrab-avaylash muhimligini taʼkidlashga qaratilgan.

Tan olish kerak, yildan yilga ona tilimiz (davlat tili!) rivoji haqida qaygʻuradiganlar, uning qamrovini kengaytirishga xizmat qilayotganlar koʻpayapti. Ammo bu bilan muammoni hal qildik deya olmaymiz. Koʻpchilik davlat hujjatlari hali hamon rus tilida yuritilyapti, poytaxt maktablarida oʻzbek tilidan koʻproq rus tili oʻqitilishi, koʻchada rusiyzabon oʻzbeklarning oʻz tilini bilmasligidan uyalmayotganiga ham guvoh boʻlamiz. Bu faktorlar bora bora ona tilimizning yoʻqolib ketishiga olib kelmasligi uchun harakat qilish kerak. Xususan, shu mavzuda yaqinda Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi rahbari va OʻzJOKU rektori Sherzodxon Qudratxoʻja YouTube dagi “Alter Ego” loyihasi, Kiro Altmanga intervyu berib, unda oʻzi yashayotgan mamlakat tilini bilmaydiganlar “bosqinchi yoki ahmoq” boʻlishini aytgandi. Intervyuda boshqa koʻplab fikrlar ham aytilgan, lekin aynan til bilan bogʻliq qismlari keng muhokama boʻldi.

Hattoki Rossiyaning shovinistik propagandachilaridan biri, “Rossotrudnichestvo” tashkilot rahbari Yevgeniy Primakov Sherzodxon Qudratxoʻja bilan har qanday muloqot va aloqalarni toʻxtatganini eʼlon qildi. 

“Ishonchim komilki, janob Qudratxoʻja nafaqat oʻzi, balki yaqinlari ham Rossiyada oʻqish, u bilan foydali biznes yuritish, stajirovkada qatnashish va boshqa imkoniyatlarni qoʻlga kirita olmasa, hatto oʻzi yoqtirmaydigan davlatga shunchaki tashrif buyura olmasa ham, xafa boʻlmaydi”, — deb yozgan Yevgeniy Primakov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Sherzodxon Qudratxoʻjaning Oʻzbekistonda yashab turib, oʻzbek tilini bilmaydigan insonlar haqida aytgan gapi uchun Oʻzbekiston elchisini chaqirtiribdi. 

Elchimizni taklif qilishmagan, balki chaqirishgan. Butun boshli “Oʻzbekistonni bosib olaylik” deyilgan gapdan keyin bizning TIV Rossiya elchisini taklif qilgan edi. Maʼlumot oʻrnida shuni aytish kerakki, yaqinda rus tele boshlovchisi Tina Kandelaki Qozogʻistondagi poyezd stansiyalarining ruscha nomini qozoq tilidagi nomga almashtirishganiga nisbatan norozi boʻlgani va hattoki qozoq jamoatchiligini manqurtga chiqargani tufayli hukumat unga Qozogʻistonga kirishni taqiqlab qoʻydi.

Rossiya TIVning fikriga koʻra, Sherzodxon Qudratxoʻjaning keskin soʻzlari ikki tomonlama doʻstona munosabatlarga zarar yetkazishi mumkin ekanini aytgan. Rus propagandasi Sherzodxon Qudratxoʻjaning gaplariga 1 kun oʻtmasdanoq javob qaytarishdi, vaholangki u yerda Rossiyaga qarshi biror gap yoʻq edi. Ular Oʻzbekiston TIVdan shu holat boʻyicha izoh talab qilishgan.

Ammo Oʻzbekistonda yashaydiganlardan oʻzbek tilini hurmat qilishni soʻrash, qanday qilib Oʻzbekiston-Rossiya aloqalariga zid boʻlishi mumkin?

“Oʻzbek, qozoq va ozarbayjonlar hech qachon mavjud boʻlmagan?”

Joriy yil 22-yanvarda Rossiyaning NTV telekanalida “Uchrashuv joyi” dasturida tarixchi, imperiyachi va ashaddiy monarxiyachi Mixail Smolin bilan Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi mintaqaviy siyosat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, kommunist Mixail Matveyev oʻrtasida bahslar boʻldi. Mixail Smolin “Vladimir Leninning tartibsiz ravishda milliy respublikalarni tuzganligi, uning natijasida “unitar Rossiya imperiyasi” inqirozga yuz tutgani, postsovet hududi muammolar ostida qolgani” haqida soʻzladi. Uning fikricha, “oʻzbek, qozoq va ozarbayjonlar hech qachon mavjud boʻlmagan, inqilobdan keyin Leninning panohida volyuntaristik tarzda xaritalarni oʻzgartirishlar boshlandi, RSFSR parchalandi, undan millatlar yasaldi”.

Smolinning ashaddiy millatchi-shovinist ekanligini istilochi va bosqinchi Mixail Skobelev toʻgʻrisidagi fikridan ham bilsa boʻladi: “1868 yilda Skobelev Turkistonga safarbar qilinganidan keyin rus armiyasi inglizlar koʻz tashlab turgan Oʻrta Osiyoni zabt etdi... 1873 yilda yosh Skobelev Xivaga yurishlarda bitta jangda yetti marta jarohat olsa ham jangdan chiqmasdan koʻzga tashlandi. 1875-1876 yillardagi Qoʻqonga yurishlarda oz sonli rus otryadi bilan koʻpmingli lashkar ustidan gʻalaba qozondi. General mayor unvonini olishga erishib, Fargʻona shahriga asos soldi, Fargʻona viloyatini boshqardi”. Undan tashqari bu imperiyachi-monarxist Smolinning millatlar tarixiga hurmatsizligi, bosqinchilik va totalitar siyosat davrini qoʻmsab oʻtirishining oʻzi uning qanday mafkura asosida yashayotganini yaqqol koʻrsatib beradi. 

Maʼlumot oʻrnida, Skobelev - rus generali, ashaddiy shovinist va mustamlakachi. U Turkistondagi tub xalqlarga past nazar bilan qaragan. Uning imperiya manfaatlari yoʻlida oʻzbek xalqi uchun qilgan zolimliklari behisob. Skobelev tarixiy shaxs va bosqinchi sarkarda sifatida oʻzbek xalqining ashaddiy dushmani ekaniga shubha yoʻq, albatta. 

Chor Rossiyasining millatni yoʻq qilishdagi targʻibotlari

Mustamlakachilar Turkistonnning nafaqat moddiy boyliklariga tajovuzona munosabatda boʻlmay, balki uning asriy tarixiy-madaniy va maʼnaviy ilmiy qimmatiga molik nodir boyliklarini ham talon-taroj qildilar va Rossiyaga tinimsiz olib ketishni yoʻlga qoʻyganlar. Ularning koʻpchiligi jahon ahamiyatiga ega boʻlgan tarixiy sanʼat asarlari edi. Natijada xalqlarni ming asrlik tarixiy yodgorliklaridan, maʼnaviy xazinasidan ajratib qoʻydilar. Ushbu ishlarni rejali tashkil etish uchun mustamlakachilar qator ilmiy jamiyat va muassasalar tashkil qildilar. Masalan, 1870 yilda tashkil etilgan kutubxona nodir tarixiy-badiiy, ilmiy asarlarni jamlab joʻnatsa, 1876 yilda Toshkentda ochilgan muzey tarixiy osoru-atiqalar, madaniyatga oid noyob durdonalarni, tangalardan tortib sanʼat buyumlariga qadar mamlakat hududidan olib chiqib ketilgan.

Umumiy aytganda, chor Rossiyasining Markaziy Osiyoni bosib olishi va shu hududda uzoq yillar davomida mustamlakachilik siyosatini yurgizishi xalqlar hayotiga katta salbiy koʻrsatdi. Mustaqillikdan mahrum boʻlgan xalqning butun turmushi agʻdar-toʻntar qilib yuborildi, iqtisodiyot bir tomonlama rivojlandi, yerli xalqlarning urf-odatlari, tili, madaniy negizlari zoʻravonlik bilan toptaldi.

Mustamlakachilar oʻzlarining birinchi rus-tuzem maktabini 1884-yilda Toshkentda ochdi va 1891-yilga kelib ularning soni 89 taga yetdi. Rus maʼmuriyati mazkur maktablarda vakillardan tarjimonlar va umuman aytganda oʻzlariga sodiq xizmatkorlarni tayyorlashni rejalashtirgan edi. Mahmudxoʻja Behbudiy ularni "rus-tuzem maktablarida oʻqiganlarni tugun xiyoli ham hisoblanadurlar. Ular faqat ruscha chalasavod kishilardir" – deya taʼtiflagan edi. Rossiya mustamlakachilari Turkiston aholisini tobelik, itoatgoʻylik muhitida tarbiyalash, milliy qadriyatlarni rivojlantiradigan maʼnaviyat oʻchoqlarini asta-sekinlik bilan siqib chiqarish, milliy anʼanalariga loqayd, oʻzligini anglashga qodir boʻlmagan, manqurtsifat qullar tayyorlashga qaratilgan edi. Biroq oʻlkaning maʼrifatparvarlari, ayniqsa, jadidlar, bu maqsadlarga qrashi jim turmadilar, eski boshlangʻich maktablar va madrasalarga dunyoviy fanlar kiritildi, yangi usul maktablari ochildi. 

Faollar tomonidan bir necha marta mustamlakachilarga qarshi qoʻzgʻolonlar uyushtirilgan. Xususan, 1898 yil 17  maydagi “Dukchi Eshon qoʻzgʻoloni” boshchisi Madali eshondan sudda, chor maʼmurlari qoʻzgʻolon boshligʻi: “Nega xalqni qoʻzgʻolonga koʻtarding?” deb soʻraganida u, Rossiya Turkistonni bosib oliganidan soʻng bu yerda axloqsizlik, foxishabozlik, har xil oʻyinlar, aroqxoʻrlik keng avj olib ketganligi, umuman milliy urf-odatlar oyoq osti qilinganligi, bunday axloqsizlik paytida Makkaga xajga borishni taʼqiqlanishi, xalq oʻrtasida maʼnaviy tushkunlikni yanada avj olib ketishiga sabab boʻlganligi, Ozod Turkistonning ozodligi yoʻq qilinganligi kabi sabablar uni xalqni qoʻzgʻolonga koʻtarishga olib kelganligini aytdi. Rus propagandasi esa bu bosqinlarni Markaziy Osiyoga madaniyat olib kelganini aytishadi. Ammo koʻrinib turibdiki, yuqorida Madali eshon sanab oʻtgan jirkanchliklar oʻzbeklarda imperiyadan ancha oldin rivojlanib ulgurgan madaniyatga faqatgina tahdid boʻlgan xolos.

Mixail Smolinga qaytsak, uning tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻla turib “oʻzbeklar, qozoqlar va ozarbayjonlar hech qachon mavjud boʻlmagan”, qabilidagi ochiqchasiga tuhmati har qanday odamni hayron qoldiradi. Oʻzbek xalqining etimologiyasi shakllanishi ikki ming yillik tarixga ega ekani ham aniq dalillar asosida koʻrsatilgan. Xususan, taniqli olim Shamsiddin Kamoliddinning yozishicha “XVI — XIX asrlarda Oʻzbekistonning barcha aholisi uning kelib chiqishidan qatʼi nazar, “oʻzbek” deb atalgan. Vaholanki, oʻsha davrda Oʻzbekistonda turli xil xalqlar va qabilalar, shu jumladan, uygʻur, qozoq, qirgʻiz, qipchoq, turkman va qoraqalpoqlar yashagan. Ularning hammasi oʻzlarini oʻzbek deb hisoblaganlar. Oʻzbeklar hech qachon oʻzlarining nomini boshqalarga berishga harakat qilmaganlar. Aksincha, boshqa xalqlar oʻzlarini “oʻzbek” deb koʻrsatishga intilganlar, chunki oʻsha davrda “oʻzbek” boʻlish sharafli hisoblanar edi. Albatta, bu faktlar bilan Smolinning gaplari xato ekanini isbotlashdan yiroqmiz, bunga hojat ham yoʻq, chunki tarixdan ozgina xabari bor inson bunday beʼmani farazni butun ommaning qarshisiga chiqib olib gapirmaydi.

Lekin boshqa tarafdan rus shovinistlarining axborot hurujlari endi boshlangani yoʻq. 2023 yil 20 oktabrda Mixail Delyagin ismli rus deputati Oʻzbekiston oʻz fuqarolarini Rossiyadan olib ketishini taklif qilib, u migrantlar Rossiya uchun katta xavf ekanini aytgan. Shu yilning 16 noyabrida esa, yana bir deputat Petr Tolstoy rus tili davlat tili boʻlmagan mamlakat fuqarolari bizning ijtimoiy sohalarda ishlamasligi kerak deb chiqqan edi.

“Chindan ham shunday boʻlsa, yaxshi, albatta. Chunki oʻtgan yilning oktabridan boshlab Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari hamda xalqlariga nisbatan turli igʻvolar va gʻiybatlar boshlangani, ularning mualliflari, asosan, taniqli shaxslardan iborat ekanligi kishini oʻylantiradi. Qolaversa, bularning hammasi yirik telekanallar efirlari orqali tarqatilmoqda. Goʻyoki, ularning orqasida qandaydir siyosiy guruhlar turgandek. Har holda millatimizga nisbatan har qanday tahdidga oʻz vaqtida javob berilmasa, kech boʻladi, tahdidlar oʻzaro aloqalarning sovishiga sabab boʻladi” – deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, siyosiy fanlar doktori Muqimjon Qirgʻizboyev.

Bu kabi holatlar shunchaki tasodif ekanligiga ishonish qiyin. Tafakkur qila olgan odam bularning barchasi nima uchun ketma-ket sodir boʻlayotganini yaxshi biladi. Chunki Ukrainaga bosqin ham aynan mana shu kabi umumiy tezislar asosida boshlangan. Yaʼni uzoq yillar shovinistik propaganda mashinasi tomonidan Ukrainaning davlatchilik tarixi yoʻqligi, millat sifatida mavjud emasligi, Lenin yaratgan sunʼiy davlat ekanligi haqidagi choʻpchaklar rus xalqi ongiga singdirilgan va bugun buning oqibatini hammamiz koʻrib turibmiz.

“Ukrainadan keyin Oʻzbekistonni bosib olishga hech kim qarshilik qilolmaydi!”

Rossiyalik siyosatchi, yozuvchi Zaxar Prilepin 2023-yil 20-dekabr kuni Moskvada oʻzining “qoʻmondonlar kengashi” faoliyati yuzasidan oʻtkazgan matbuot anjumanida sobiq SSRga tegishli boʻlgan barcha hududlarni tiklash va uning aholisiga rus tilini oʻrgatish taklifi bilan chiqqan edi. Bu harbiy amaldor Oʻzbekistonni Rossiyaga qoʻshib olish, u yerda rus tilini oʻrgatish kerakligi haqida “2 mln odami bizda ishlayaptimi, demak, bizda ularning yerini bosib olishga haqqimiz bor”, deb daʼvo qilgan. Bu fikrni zaldagi boshqa ruslar ham gulduros qarsak chalib tasdiqlashgan. Koʻrinadiki, aksariyat rus amaldorlarining asl koʻnglidagi xohishi deyarli bir xil.

Prilepin ruslar Kiyevda gʻalaba qozonib, parad oʻtkazganidan soʻng Oʻzbekiston kabi davlatlarni bemalol bosib olishiga hech kim qarshilik qila olmasligini taʼkidlagan.

Zaxar Prilepinning Oʻzbekiston hududini Rossiyaga qoʻshib olish zarurligi haqidagi taklifi mamlakatimizda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilindi. 2023 yil 21 dekabr kuni Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya Federatsiyasining Respublikadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oleg Malginov taklif etildi.

Bunga javoban Rossiya bu holat Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligini va bu Prilepinning oʻta subʼektiv fikri ekanini maʼlum qilindi. 

Ammo, Oʻzbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq daʼvat qilish JK 159-moddasi bilan sirtdan jinoyat ishi qoʻzgʻatish kerak edi. Jinoyat-protsessual kodeksining 322-moddasiga koʻra, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar jinoyat ishini qoʻzgʻatish uchun sabab boʻla oladi. Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston mustaqilligini shubha ostiga qoʻyadigan har qanday targʻibotga ayovsiz chora koʻrilishi kerak. 
  
Gulnoza Qodirova tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+