Putin Rossiyaga millionlab ishchilar yetishmayotganini aytdi
Avvalroq Rossiyada markaziy osiyolik migrantlar kamaygani xabar berilgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat mehnat bozoridagi ogʻir yetishmovchilik haqida gapirdi.
Putin Strategik tashabbuslar agentligining “Yangi zamonlar uchun kuchli gʻoyalar” forumida Rossiya mehnat bozorida taxminan 2,5 million kishi yetishmasligini aytdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
RF prezidentining soʻzlariga koʻra, mamlakatda ishsizlar soni 450-460 ming kishiga yetadi.
“Mehnat bozorida ishchi kuchlariga ehtiyoj bor, 2,5 million kishi yetishmayapti. Bu bizning biznesimiz hozir taklif qilishga tayyor boʻlgan oʻrinlardir”, — dedi Putin.
Misol tariqasida u hozirda yuz minglab odamlarni qabul qilishga tayyor boʻlgan qurilish sektori va sanoatni keltirdi.
Avvalroq Rossiyada markaziy osiyolik migrantlar kamaygani xabar berilgandi. Unga koʻra, muhojirlar Yevropa va arab davlatlarini maʼqul koʻrmoqda.
Shuningdek, Rossiya aholisi ham kamayishda davom etmoqda. 2024 yil 1 yanvar holatiga koʻra, aholi soni 146 mln. 203,6 ming kishini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich bir yil avval 146 mln. 447,4 ming kishi edi.