Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Vazirlik rahbariyati va ular haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni taqdim qilamiz.

Siyosat
2-fevral, 20:03
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbariyatini tanishtiramiz va ular haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni taqdim qilamiz.

Vazir Umarova Hilola Oʻktamovna 1988 yil Germaniyada dunyoga kelgan. 2020 yilda Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori lavozimiga tayinlangan. 2022 yil 30 dekabrda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri boʻlgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – tashqi iqtisodiy faoliyat. Oʻzbek, rus, ingliz tillarini mukammal biladi.

Mehnat faoliyati

  • 2014-2016 – Toshkent shahridagi Inha universiteti hujjat taʼminoti va nazorati guruhi 1-toifali mutaxassisi;
  • 2016-2018 – Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorlikni rivojlantirish va homiylarni jalb etish boʻlimi yetakchi mutaxassisi;
  • 2018 – Toshkent shahridagi Inha universiteti xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari;
  • 2018 – Davlat boshqaruvi akademiyasi tadqiqotchisi;
  • 2018-2020 – Toshkent shahridagi Inha universitetining faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha bosh menejeri;
  • 2018-2020 – Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabining direktori;
  • 2020-2022 – Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori;
  • 2022 yil 30 dekabrdan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri.

Qiziq maʼlumot

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabi direktori boʻlib ishlagan paytida Umarovaning qizi shu maktabga oʻqishga kirolmagan.

Oʻrinbosarlar

Birinchi oʻrinbosar Agrippina Vasilevna Shin (1958 yil 29 dekabr, Sirdaryo viloyati) – 2017 yil 19 oktabrda Maktabgacha taʼlim vaziri etib tayinlangan, bugunga kelib vazir oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

U 1980 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) tamomlagan.

Matbuot eʼtibori

Agrippina Shin 2022 yil 19 avgust kuni OAV xodimining “Maktabgacha taʼlim vaziri ayollar eng kam maosh oladigan tarmoq vaziri sifatida Oʻzbekistondagi gender tengligiga qanday baho beradi?” degan savolini eʼtiborsiz qoldirishi internetda keng muhokamalarga sabab boʻlgan.

Oʻrinbosar Usmon Ulfatovich Sharifxoʻjayev 1986 yil 9 iyulda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2007 yilda Toshkent moliya institutini, 2011 yilda Xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan.

Oʻrinbosar Komilov Temurjon Kalandarovich 1983 yil 14 yanvar kuni Buxoro viloyati, Peshku tumanida tavallud topgan. 2004 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr hamda 2006 yilda magistratura yoʻnalishini tamomlagan.

Axborot xizmati rahbari Sobirova Dilfuza Azimjonovna Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Jamoatchilik va OAV bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi – vazir matbuot kotibi lavozimida ishlaydi.

U "Darakchi" va Soliq plyus” gazetalarida bosh muharrir, “Yoshlar media markazi” boshqaruv raisi oʻrinbosari va Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktorining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritgan.

Maftuna Yodgorova tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+