Insoniyat yangi texnologik inqilob ostonasida turibdi
Bu voqeaga shunchaki ilmiy sensatsiya sifatida qarash yaramaydi. Bu xuddi telefon yoki kompyuter ixtiro qilinganidan keyingi davr kabi keskin burilish qilishi mumkin.

Rivoyatlarda aytilishicha, oʻrta asrlarda ikki soʻfiy olim bir-birini bahsga chorlabdi. Nihoyat ular uchrashibdi. Shogirdlaru tanishlar – bahsning juda qiziq va qizgʻin boʻlishini kutgan holda ularning tevaragini oʻrab olishibdi. Biroq oradan bir osh pishgudek vaqt oʻtgan boʻlsa-da, ikki shayxdan ham sado chiqmabdi: ular yerga qaragancha sukut saqlab oʻtiraverishibdi. Nihoyat ular yerdan koʻz uzib, bir-birlariga qarab, “juda ajoyib suhbat boʻldi, rahmat sizga”, deya xayrlashib, uylariga ravona boʻlishgan ekan. Ular yetishgan komil inson boʻlgani sababli gapirmasdan, zamonaviy fanda telepatiya deb atalgan usulda – oʻzaro fikrlarini oʻqib, suhbatlashishgan ekan.
Albatta, ular bu xislatga maxsus ilmlar va ruhiy tarbiya vositasida erishgan boʻlishlari mumkin. Biroq bu uslub hammaga ham toʻgʻri kelmaydi, hammada bunga qobiliyat yoʻq. Biroq hozirgi olimlar insoniyatning telepatiyaga erishish orzusini roʻyobga chiqarib, keng omma uchun taqdim etishga urinmoqda: oʻtgan hafta AQShdagi Neuralink kompaniyasi inson miyasiga chip oʻrnatish muvaffaqiyatli kechganini xabar qildi.
Olimlarning ishontirishicha, miyasiga chip oʻrnatilgan odam oʻzini yaxshi his qilmoqda, boshidagi jarohatlari tuzala boshlagan.
Ilon Mask oʻzining X ijtimoiy tarmogʻida shu haqda rasman maʼlum qilgan.
Aslini olganda, Ilon Mask asos solgan Neuralink uzoq vaqtdan beri odamlar ustida klinik sinovlarni oʻtkazish huquqini olishga urinib kelayotgan edi. Tegishli ruxsat olgan kompaniya bir bemorning miyasiga kompyuter bilan oʻzaro aloqada boʻlish imkonini beruvchi chip implantatsiyasi oʻrnatish boʻyicha dastlabki jarrohlik amaliyotini amalga oshirdi.
Tashkilot vakillari 2024 yilda jami 11 nafar koʻngilli bemor miyasida shunday operatsiyalar oʻtkazilishini xabar qilgan.
Albatta, tajriba quyonchasidan farqli oʻlaroq, aqli raso odam oʻz ustida oqibati hali noaniq bunday jiddiy tajribalar oʻtkazilishiga rozi boʻlib, tavakkal qilishi qiyin.
Biroq “choʻkayotgan odam xasga ham yopishadi”, deganlaridek, salomatligiga jiddiy putur yetgan ayrim bemorlar bunday eksperimental tajribalarga oʻzlari rozilik berishadi. Masalan, hozircha davosi yoʻq OITS va saraton kabi xastaliklarga chalingan bemorlar aynan shunday eksperimental davolash usullarini oʻzlari qidirib yurishadi. Odatiy va keng tatbiq etilgan choralardan farqli oʻlaroq, bunday tajribalar mutlaqo tekin va hatto tovon puli ham toʻlanadi. Ertaga baribir oʻladigan odam uchun bunday tajribalar hech boʻlmasa 50 foizli imkoniyat boʻlib koʻrinadi.
Neuralink kompaniyasining miyaga chip oʻrnatish borasidagi xavfli tajribalariga esa oʻz oyoq-qoʻllarini mustaqil ravishda harakatlantira olmay qolgan odamlar rozilik berishgan. Masalan, oyoq-qoʻlidan ajralgan bemorlar bionik protezlar yoki ekzoskeletlarni samarali boshqarishi uchun bu qurilma hamda miya oʻrtasida aloqa oʻrnatilishi lozim. DSP yoki umurtqa iligi – orqa miyada uzilishlar bois falajlanib, toʻshakka mixlanib qolganlar ham bu uslub vositasida deyarli sogʻlom odam kabi harakatlana olishlari mumkin.
Kompaniya xodimlari tajribalar natijasida inson miyasi va turli protez qurilmalari oʻrtasidagi interfeysni sozlashga umid qilishmoqda.
Tajriba davomida inson bosh suyagidagi teshikka kichik silindrsimon implant oʻrnatildi va u miya neyronlariga judayam ingichka elektrodlar orqali ulandi. Kompaniya rejasiga koʻra, bunday operatsiyalarni ixtisoslashgan robotlar amalga oshiradi.
Ilon Maskning maʼlum qilishicha, dastlabki natijalar quvonarli, chunki implant allaqachon bemor miyasidagi neyronlarining faolligini qayd eta boshlagan.
Kompaniya oʻz implantiga Telepathy (telepatiya, yaʼni fikr vositasida boshqarish yoki muloqot qilish) deya nom qoʻydi. Agar klinik sinovlar muvaffaqiyatli oʻtsa, uni ommaviy ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu qurilmadan nafaqat bemorlar, balki sogʻlom odamlar ham oʻz imkoniyatlarini oshirish maqsadida foydalanishlari mumkin. Masalan, chip vositasida faqatgina fikr kuchi bilan smartfon, kompyuter yoki boshqa qurilmalarni boshqarish imkoniyati paydo boʻladi. Tasavvur qiling, uzoqdagi bir doʻstingizga qoʻngʻiroq qilish fikri miyangizga keladi. Shu zahoti (agar u ham ruxsat bersa, albatta) uning boshidagi chipga ulanasiz va u bilan suhbatlashasiz. Yoki siz bora olmaydigan makonda yurgan, aytaylik, Everest choʻqqisiga chiqqan odamning koʻziga ulanasiz va atrofdagi manzarani xuddi oʻz koʻzingiz bilan koʻrgandek taassurot olasiz! Yoki uyingizda oʻchirilmay qolgan televizorni fikr kuchi bilan oʻchirasiz. Yoki miyangizdagi chip orqali internetga ulanib, filmlarni xuddi tush koʻrgandek yoki oʻz koʻzingiz bilan koʻrgandek tomosha qilasiz. Yoki koʻzi ojiz odamlar bionik koʻz – mitti kameraga ulanib, bu yorugʻ olamni koʻrish baxtiga erishishlari mumkin. Yoki kitob va bilimlarni bevosita ish jarayonida oʻqib, oʻrganib olasiz – bilimlar va gʻoyalar xuddi miyangizga quyilib kela boshlaydi... Xullas, mazkur texnologiya ish bersa, kelajakda yaratiladigan keng imkoniyatlarni tasavvur qilish ham qiyin. Bu ketishda davom etsa, inson, umuman tirik organizmlar bilan kompyuter sxemalari – chiplarining birga ishlovchi simbiozlari yaratilishi ham osonlashadi.
Masalan, hozirdanoq Yaponiyadagi olimlar kalamush mushaklariga chiplar va batareya oʻrnatib, oʻzi yuradigan mitti robotchani yaratishdi. Chunki kichik robotlarda elektromotor qoʻyib harakatlantirish jismonan imkonsiz, bu ilmiy toʻsiqni faqat organik toʻqimalar yordamida bartaraf etish mumkin.
Biroq hozircha Neuralink kompaniyasi oʻtkazayotgan tajribalarning yaqin kelajakdagi asosiy maqsadi, Maskning soʻzlariga koʻra, miyaning asab tizimida ogʻir buzilishlar mavjud odamlarga yordam berishdir.
Eslatib oʻtamiz, bu boradagi eng birinchi tajribalar aqliy va miya tuzilishi jihatidan odamga koʻproq yaqin boʻlgan maymunlarda oʻtkazilgan edi. Miyasiga chip oʻrnatilgan maymunlar miya signallari yordamida kompyuter oʻyinlaridagi obʼektlarni boshqara olish qobiliyatiga ega boʻlishgan. Misol uchun, miyasiga chip oʻrnatilgan makaka maymuni kompyuter displeyida stol tennisi oʻynadi.
Kompaniya 2019 yildayoq bu implantni odamlarda sinab koʻrmoqchi edi, biroq ruxsat olishning imkoni boʻlmadi.
Tajriba oʻtkazilayotgan bemor miyasidagi yarim korteksiga kiradigan elektrodlar 2 millimetrdan kamroq chuqurlikka joylashadi, ammo bu koʻplab boshqa ilmiy yechimlardan afzalroq koʻrinmoqda. Besh yoki oʻn nafar bemorning birinchi guruhida implantlarni sinab koʻrish odatda olti oy davom etadi. Agar ushbu bosqichda hammasi yaxshi ketsa, kompaniya sinovlarni kengaytirishi mumkin. Biroq Neuralink ilmiy maslahatchilari kompaniyaning miya implantlari ommaviy foydalanishga ruxsat berilguniga qadar yillar oʻtishini aytishdi.
Aslini olganda, Neuralink miyaga chip oʻrnatish loyihasi borasida 2020 yil avgustdayoq ijobiy ilmiy natijalarga erishgan. Oʻshanda, Ilon Maskning aytishicha, kompaniya olimlari Gertruda laqabli choʻchqaning miyasiga chip oʻrnatib, uni kompyuterga simsiz (toʻlqin) texnologiyalari yordamida ulashgan. Bu natija haqida chiqarilgan videotaqdimotda Ilon Mask tajriba ostidagi choʻchqaning miyasida yuz berayotgan faolliklarni bemalol kompyuter orqali kuzatib borish mumkinligini namoyish etgandi.
Albatta, bu boradagi tajribalarga qarshilar ham bor. Xususan, dastlabki tajribalarda miyasiga chip oʻrnatilgan 15 maymunning jarrohlik operatsiyasidan soʻng tuzalmasdan oʻlib qolgani yoki ahvoli ogʻirligi bois yoʻq qilingani haqida xabarlar tarqaldi.
Jumladan, 2017 yildan 2020 yilgacha Neuralink tajribalarida ishtirok etgan tashkilot – Kaliforniya universitetining Primatlarni oʻrganish milliy markazi (CNPRC) tajribalar natijasida maymunlarning ahvoli ogʻirlashganini oshkor qildi. Shuningdek, yuqumli kasalliklar boʻyicha mutasaddi ilmiy-tadqiqot markazlari ham Neuralink kompaniyasi xodimlari maymunlar miyasini operatsiya qilishda ishlatilgan xirurgik anjomlarni tozalashga befarq boʻlishgani, bunday sharoitda maymunlar miyasidagi turli patogen organizmlarning tarqalib ketish xavfi tugʻilishi haqida bong urdi.
Avvaliga Ilon Mask buni tan olmadi. Biroq oʻtgan yilning 10 sentabrida u X tarmogʻida maymunlar oʻlganini tan oldi. Lekin maymunlarning oʻlimi chip oʻrnatish amaliyoti bilan bogʻliq emasligini taʼkidladi.
Oʻshandayoq u Neuralink kompaniyasi ishlab chiqayotgan innovatsion chip odamlarga turli qurilma va gadjetlarni simsiz, uzoq masofadan boshqarish, hatto insonlarning oʻzaro muloqot qilishiga imkon yaratishni vaʼda bergan va maymunlardan soʻng odamlar ustida tajribalar boshlanishini aytgandi.
Mana, nihoyat, odamlar miyasiga ham chip oʻrnatish muvaffaqiyatli kechgan koʻrinadi. Bu voqeaga shunchaki ilmiy sensatsiya sifatida qarash yaramaydi. Insoniyat tamadduni, ehtimol, xuddi telefon yoki kompyuter ixtiro qilinganidan keyingi davr kabi keskin burilish oldida turibdi. Odamzod yangi imkoniyatlar va aqlga sigʻmaydigan ixtirolar davriga qadam qoʻymoqda. Bir paytlar – atigi 30 yil oldin yozuv mashinkasi, fotoapparat, magnitofon, videokamera, kalkulyator, telefon, kitoblar va hokazolarni bitta kichkina qutiga – smartfonga jo qilib, choʻntagimizda olib yuramiz, deyilsa, ishonish tugul, tasavvur qilishi ham qiyin edi. Biroq ilm-fan taraqqiyoti yildan-yilga tezlashib ketmoqda. Buning ustiga innovatsion chiplar va ayni paytda rivojlanib borayotgan sunʼiy aql texnologiyalari birlashsa, insoniyat hozircha tasavvur ham eta olmaydigan yangi imkoniyatlar va innovatsion texnologiyalar zamoni ostonasida turgani ayon boʻladi. Faqat ungacha urushlaru, ekologik talafotlar vositasida Yer sharini va undagi hayotni yoʻq qilib yubormasak boʻlgani...
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.