platina.uz

Yaqin Sharq: abadiy shaxmat taxtasi va taqdir charxpalagi

Yaqin Sharq mintaqasida urushlar suroni va qurbonlar faryodi tingani yoʻq. Mintaqa notinchligidan manfaatdor hamda bu mojarolarni oʻt oldirib, uni qoʻllab-quvvatlovchi kuchlarning aksariyati tashqarida.

Tahlil
19-fevral, 20:10
Yaqin Sharq: abadiy shaxmat taxtasi va taqdir charxpalagi

Yaqin Sharq azaldan dunyoning siyosiy, diniy va madaniy tarixida muhim oʻrin tutgan. Bu yerga koʻz tikkanlar, bu makonda oʻz nazoratini oʻrnatishni istaganlar azaldan koʻp boʻlgan. Shu bois Yaqin Sharq mintaqasi har doim turli mojaro va urushlar, buyuk imperiya va siyosiy-diniy kuchlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar maydoni boʻlib kelgan.

Oxiri koʻrinmayotgan shaxmat oʻyini

Hozir ham Yaqin Sharq mintaqasida urushlar suroni va qurbonlar faryodi tingani yoʻq. Eng qizigʻi, mazkur mintaqa notinchligidan manfaatdor hamda bu mojarolarni oʻt oldirib, uni moddiy- texnikaviy va harbiy-siyosiy jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi kuchlarning aksariyati tashqarida. Ularning oʻzaro oʻyinlari va manfaatlari toʻqnashuvidan mintaqaning muqim aholisi jabr chekishi ularga qiziq emas, afususki. Mintaqa ular uchun shaxmat taxtasi, undagi prezident-qirol-sulton-podsholar, hukumat-parlament-kengashlar, isyonchi-separatist-ekstremist-terrorchilar esa shunchaki shaxmat donalari. Qaysi dona qaysi katakda turishini, qaysi dona qaysi katakka yurishini, qaysi piyoda farzinga, hattoki shohga aylanishini ular hal qilishadi: bu yurish asosiy va tepadagi oʻyinchi-“shaxmatchi”ning manfaatiga mos kelsa bas. Mabodo farzinga chiqarilgan piyoda “shaxmatchi”ga boʻysunmay qolsa, taxtadan uloqtiriladi.

Tarixda bunga misollar koʻp. Masalan, XIX asr oxirlarida Usmoniylar imperiyasini yakson qilishga bel bogʻlagan Buyuk Britaniya qirolligi va boshqa Gʻarb kuchlari mintaqadagi arablarni usmoniylarga qarshi “qayradi”, ularga mustaqillik vaʼda qildi. Hatto biz bugun koʻz yoshi toʻkayotgan falastinliklarning ajdodlari ham Usmoniylar xalifasiga qarshi qoʻllariga qurol olishgan. Biroq mintaqa Gʻarb qoʻliga oʻtgach, inglizlar mintaqa xaritasida oʻzlari bilganicha chegaralar chizib, bir necha yangi davlatlarni yaratishdi. 1947 yilda Isroil davlati tuzilgach, Falastin aholisi ularga qaram boʻlib qoldi, “yomgʻirdan qochib, doʻlga duchor boʻldi”.

Oʻzim koʻtardim, oʻzim tushiraman...

Yoki yana bir misol. AQSh Davlat departamentining sobiq xodimi Rojer Morrisning Reuters’ga bergan intervyusida aytishicha, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi 1968 yilda BAAS partiyasi va uning yetakchisi, sunniy musulmon Saddam Husaynning aksariyat aholisi shia boʻlgan Iroq hukumati tepasiga kelishi uchun yoʻl ochgan. Chunki 1963 yilda Saddam Husayn Qohirada huquqshunoslikka oʻqiyotganida MRB tomonidan verbovka qilingan.

Biroq Saddam hokimiyat mazasini tatib koʻrib, oʻzini shaxmat donasi emas - shaxmatchi, deb hisoblab, haqiqiy “shaxmatchi”larga qarshi “osiy”lik qila boshladi. Shuning uchun bir necha murakkab siyosiy-harbiy kombinatsiyalar oʻtkazilib, 2006 yilda uni prezidentlikdan agʻdarib, osib oʻldirishi uchun sharoit yaratib berildi. Uning oʻrniga shialar hukumat tepasiga keltirildi. Endi esa Iroqdagi, umuman butun Yaqin Sharqdagi shialar Eron bilan (demakki Rossiya bilan ham) til biriktirgan holda yana dunyo hamjamiyati (toʻgʻrirogʻi AQSh, Yevropa va Isroil uchun) muammo tugʻdirmoqda. Xusiylarning Qizil dengizdagi “shoʻxlik”larini ham ana shu siyosat natijasi deyish mumkin.

Otadan meros qolgan diktatura

Umuman, tarix va taqdir charxpalagi kutilmagan vaziyatlarni yaratadi. Bugun eng past va haqir boʻlgan shaxs yoki qatlam ertaga podshoga yoki hukumatga aylanishi mumkin. Suriyani yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida uzluksiz boshqarib kelayotgan Asadlar oilasi ham bunga yorqin misol. Ota hukmdor - Hafiz Asad - Suriya, umuman Yaqin Sharqdagi eng xoʻrlangan shialik oqimi – alaviylar vakilidir.

Alaviylar garchi oʻzlarini shia-musulmon hisoblasada, Islom dinidan oʻta uzoqlashib, mustaqil din yaratib olgan. Ular masjidda ibodat qilmaydi, ayollari hijob oʻramaydi, reinkarnatsiya, yaʼni odam oʻlsa, boshqa odam qiyofasida yana dunyoga kelishiga ishonadi, Muhammad paygʻambarning kuyovi Alini xudo deb hisoblaydi, spirtli ichimliklar ichish taqiqlanmaydi, ayollarni odam oʻrniga koʻrmaydi va hokazo. Qolaversa, sunniylarning fikricha, alaviylar Quddusga bostirib kelgan salbchilarga yordam bergan emish. Shu bois sunniy musulmonlar ularni yoqtirmaydi va ularga ishonmaydi.

Alaviylar tarixan taʼqib ostida yashab kelgan. Ular hozirgi Livan va Turkiya janubi oʻrtasida, Oʻrta yer dengizi qirgʻogʻidagi unumsiz yerlarda hadiksirab hayot kechirgan.

Birinchi Jahon urushidan keyin bugungi Livan va Suriya yerlari Usmoniylar qoʻlidan tortib olindi. Biroq yangi istilochilar fransuz va inglizlarga qaram boʻldi.

Fransiya beshta alohida davlat, shu jumladan, Alaviylar davlatini yaratdi. Bu davlat hatto oʻz bayrogʻiga ham ega boʻlgan. Lekin Buyuk Britaniya va Fransiya 1918 yilda Yaqin Sharq xaritasini boshqatdan chizib berdi. Ular mintaqada aynan ozchiliklarga koʻproq hokimiyat va qudrat berdi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, aksariyat mustamlakachilar milliy va siyosiy ozchiliklarni yuqoriga koʻtarishga koʻproq urgʻu beradi. Chunki bu ularning imperialistik va okkupatsion taʼsiri saqlanib qolishiga yordam beradi. Odatda, milliy, siyosiy, diniy ozchiliklar oʻz hukmroni va davlatini yoqtirmaydi. “Jon deb” tashqi kuchlarga yordam beradi. Uni boshqalar bosib olsalar ham mayli, faqat shu dushmanidan qutulsa bas.

Gʻarb istilochilari esa Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaqin Sharq xaritasini yana oʻzgartirishdi. Suriyaning 1946 yilda mustaqillikka erishishi natijasida Alaviylar davlati tugatildi. Biroq alaviylar uchun yangi imkoniyatlar paydo boʻldi. Ular qashshoq alaviy togʻlarini tark etib, barqaror maoshli Suriya armiyasiga yollana boshladi.

Gap shundaki, alaviylar nisbatan kambagʻal hayot kechirgan. Eng past va daromadi kam ishlarni bajarishga majbur boʻlishgan. Shu bois alaviylar farzandlarini harbiy xizmatga, harbiy maktab-internatlarga berishga ishqiboz boʻlishgan. Chunki harbiy maktabda tekin ovqat va harbiy kiyim berilgan. Ertaga “tuzukroq” ish topish imkoniyati ham boʻlgan.

1955 yilga kelib esa, avvaliga Suriya armiyasida ham eng past tabaqa boʻlgan alaviylar mamlakat armiyasining 65 foizini tashkil etdi. Koʻpchilik – baribir koʻpchilik! Garchi alaviylar Suriya aholisining atigi 10 foizini tashkil etsa-da, oz muddatlar ichida avval armiyani, keyin esa davlatni qoʻlga olishdi.

1947 yilda tuzilgan BAAS (Arab sotsialistik uygʻonish) partiyasining 1963 yilda general Abdulkarim Qosim yetakchiligida Iroqda davlat toʻntarishi uyushtirib, davlat tepasiga kelgani (keyinchalik u ham 1968 yilda partiyadosh izdoshi Saddam Husayn tomonidan agʻdarildi) Suriyadagi isyonchilarni ham ruhlantirib yubordi. 1963 yilda BAAS Suriyada ham davlat toʻntarishini amalga oshirdi va hukumat tepasiga keldi. Bu isyonda faol qatnashgan alaviy harbiy Hafiz Asad Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni (1966 yilda esa Mudofaa vaziri) etib tayinlandi. Biroq Asad bir necha siyosiy-harbiy oʻyinlar kombinatsiyasini oʻtkazib, oʻz “ustozlari”ni ham agʻdarib, oxir-oqibat 1970 yilda oʻzi bosh vazir, 1971 yilda esa Suriya prezidenti boʻlib oldi. Va qaysidir maʼnoda Asadlar sulolasiga asos soldi. Mana yarim asrdan ziyod vaqt davomida Suriya xalqi Asadlar sulolasining zulmidan azob chekib kelmoqda.

Hafiz Asad druzlar va nasroniylar kabi boshqa diniy ozchiliklarni ham atrofida toʻpladi. Ularni sunniylar taʼsiridan himoya qilishga vaʼda berdi. Hafiz sunniylarga ishonmadi, ularni oʻziga dushman deb bildi. Suriya hokimiyatidagi milliy xavfsizlik va ichki ishlarga oid muhim lavozimlarni faqat oʻz qarindoshlari va alaviylarga “tarqatib” berdi. “Oy tugʻsa ham, kun tugʻsa ham – alaviylarga” qabilida siyosat yuritildi. Sunniylarga boʻlgan tarixiy, hatto aytish mumkinki, irsiy-genetik adovat siyosiy boshqaruvda ham oʻz ifodasini topdi.

Masalan, 1982 yilda Hama shahrida sunniy musulmonlar hukumatdagi adolatsizlik, tengsizlik, korrupsiya va zulmga qarshi isyon koʻtarishganida, namoyishlar prezident Hafiz Asad armiyasi tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi, taqiqlangan kimyoviy qirgʻin qurollari ishlatilib, 20 mingdan ziyod sunniy musulmonlar qirib tashlandi.

2000 yil 10 iyunda Hafiz Asad ajdodlari huzuriga ravona boʻlganida, Suriya xalqi erkin nafas oldi, quvonchdan yigʻladi. “Nihoyat zolim va vahshiy podshodan” qutuldik, deb oʻylashdi. Biroq Suriya xalqining bu quvonchi uzoqqa choʻzilmadi: diktator Hafiz Asadning oʻgʻli Bashar Asad hokimiyatni, u bilan birga vahshiylik va zolimlikni ham meros qilib oldi. Bashar Asad davrida sunniy musulmonlar yanada koʻproq cheklov va adolatsizliklarga duch keldi. Mamlakatning 80 foizini tashkil etuvchi sunniy musulmonlar 12 foiz alaviylarning haqorat va xoʻrlashlariga chidab yashashga mahkum boʻldi. Bashar Asad yoshi oʻtgani sayin sunniylarga, yaʼniki musulmonlarga adovati kuchayib bordi. Musulmonlarning erkin ibodat qilishlari cheklandi, Bashar Asadni yoqtirmagan musulmonlarni taʼqib qilish kuchaydi, ularni ekstremizmda ayblab, nohaq qamoqqa tiqish holatlari koʻpaydi. 2010 yilda esa hijob oʻrash qonun bilan butunlay taqiqlandi.

2011 yil 15 mart kuni roʻy bergan voqea Suriya xalqining sabr kosasini toʻldirdi. Gap shundaki, sal avvalroq – Darʼa shahridagi mahallalardan biriga Bashar Asadning portreti va musulmonlar eʼtiqodiga zid almoyi-jalmoyi “dono” soʻzlari yozilgan ulkan bannerni ilib ketishadi. (Diktatorlar oʻz suratlari va haykallarini hamma joyga oʻrnatib, zoʻraki mehr olishga intilishadi, doimo. Bu xuddi itlarning hamma joyga peshob qilib, oʻz hududlarini “belgilash”iga oʻxshaydi.)

Aytishlariga qaraganda, mahalladagi yoshlar bu bannerni yirtib tashlagan. Yana bir versiyaga koʻra, yoshlar hukumat binosi devorlariga Bashar Asadga qarshi shiorlar yozib ketishgan. Nima boʻlganda ham, ertasi kuni harbiylar mahallaga kelib, yoshlarni ayovsiz kaltaklagan, bir necha yigitni terrorchilikda ayblab, qamoqqa olgan.

Natijada, yillar davomida tengsizlikdan jabr koʻrib, sabr kosasi toʻlib boʻlgan Suriya xalqi 18 mart kuni koʻchalarga namoyishga chiqdi. Qonxoʻrlikni Hafizdan meros olgan, xuddi otasi kabi siyosiy repressiyalar va qalbaki saylovlar yordamida 10 yildan beri noqonuniy ravishda (konstitutsiyaga tinimsiz oʻzgartirishlar kiritib) prezidentlikka “saylanib” kelayotgan diktator Bashar Asad bu namoyishchilarni ham ayovsiz qirib tashlashni buyurdi. Bu esa nafaqat dunyo hamjamiyati, balki xalq gʻazabini ham qoʻzgʻatdi. Namoyishlar toʻxtamadi. Bashar Asad esa oʻz xalqiga qarshi terrorni yanada kuchaytirdi, Darʼa shahriga tank va ogʻir harbiy texnikalarni olib kelib, shaharni qamal qildi.

Shunday ham yarim asrlik korrupsiya va nepotizm (oʻz qarindoshlariga lavozimlar berish) tufayli karaxt holga kelgan iqtisodiyot va ijtimoiy siyosat battar inqirozga yuz tutdi. Qurolli toʻqnashuvlar va qurbonlar soni koʻpaydi. Suriyaning sunniy aholisi Bashar Ashad zulmidan qochib, jonini saqlash uchun boshqa davlatlarga qochishga majbur boʻldi. Yopirilib kelayotgan suriyaliklar oqimi tufayli Yevropada muhojirlar inqirozi yuzaga keldi.

Suriyada siyosiy va harbiy muxolifat shakllandi hamda ularni qoʻllab-quvvatlovchi kuchlar paydo boʻldi. Dunyo hamjamiyati va arab davlatlari qonxoʻr Bashar Asad bilan aloqa va hamkorlikni uzishdi. Gʻarb esa 2011 yildan boshlab, Bashar Asadga qarshi sanksiyalar eʼlon qildi.

Suriya qurolli mojarolar oʻchogʻiga aylandi. Paytdan foydalanib, DAISh (Islomiy davlat) jangari-terrorchilari bosh koʻtardi. (Qizigʻi shundaki, ayrim tahlilchilarning taʼkidlashicha, bu “davlat” biror marta ham Isroil manfaatiga zid xatti-harakatlar qilmagan, Isroil askarlari va siyosiy elitasiga qarshi harbiy amaliyotlar oʻtkazmagan. Hattoki DAIShning yuqori lavozimli yetakchilari Isroil hududida davolangan, degan taxminlar ham mavjud. DAISh janglarida faqat sunniy musulmonlar – mahalliy aholi va xorijdan kelgan yollanma “mujohidlar” qirilgan xolos). Suriyada AQSh, Rossiya va Turkiya askarlari paydo boʻldi. Gʻarb Saddam Husayn kabi Basharni ham “taxt”dan olib tashlashga urindi. Biroq Rossiyaning faol aralashuvi va Bashar Asadga yordami bois buning imkoni boʻlmadi.

Afsuski, Suriyada hamon vaziyat yaxshilanmagan: Bashar Asadning asosan alaviylardan iborat armiyasi hamon sunniylarni qirgʻin qilishda, musulmonlar koʻp yashaydigan shaharlarni Rossiya yordamida bombalashda davom etmoqda.

Oʻzing ochding urush olovin...

Yaqin Sharq deb atalmish shaxmat taxtasida oʻyin toʻxtagani yoʻq. Bu rostmana turnirga aylanib ketgan, hatto. Oʻyinchilar koʻpaygan, oq va qora donalar oʻrniga bir necha rangdagi koʻplab kurashuvchi taraflar paydo boʻlgan.

Bugungi oʻyinni esa “Isroil va yangi voqelik” deb atasa boʻladi. Ayrim tahlilchilarning (hattoki Isroillik sobiq amaldorlarning) ishontirishicha, bugun yahudiylar armiyasi qirgʻin qilayotgan Gʻazo sektori “hukmdori” HAMAS Isroil qoʻli bilan yaratilgan emish.

Boisi, 1980 yillar oxirida AQSh va Yevropa, shuningdek, SSSR ham Isroil- Falastin mojarosidan “charchab”, nihoyat Falastin davlatini tashkil etishga, AQSh va Yevropa esa uni tan olishga yaqin boʻlishgan. Bu esa Isroilga yoqmagan. Turli provokatsiyalar va siyosiy oʻyinlar yordamida alal-oqibat falastinliklar uchun ajratilgan yerlarni ham bosib olishni reja qilgan Isroil hukumati bu kelishuv imkoniyatlarini yoʻqqa chiqarishga uringan. “Boʻlib tashlab, hukmronlik qil” shioriga amal qilgan Isroil FATH boshchiligidagi Falastin maʼmuriyatiga qarshi chiqadigan va falastinliklarni “yomonotliq” qilib turadigan buzgʻunchi tizimga ehtiyoj sezgan. Va turli yoʻllar bilan, bilvosita HAMAS tuzilishiga erishgan.

HAMAS esa (bilib yoki bilmasdan) oʻziga “yuklatilgan” vazifalarni aʼlo darajada bajardi: FATHga boʻysunmasligini aytib, Gʻazo sektorida alohida “davlat” tuzib oldi. FATH xalqaro maydonda biror kelishuvga erishsa, darrov qarshi chiqaverdi. Natijada koʻpgina foydali xalqaro va siyosiy, hattoki tarixiy imkoniyatlar boy berildi.

Yoki boʻlmasa, aytaylik, endigina tinchlik oʻrnatilib, Falastinni davlat sifatida tiklash masalasi koʻtarilganida, HAMAS “pirt” etib birorta raketa yoki oʻq otib qoʻyardi. Bitta-yarimta isroillikning hojatxonasini buzishdan boshqasiga yaramaydigan bu hujumni bahona qilgan Isroil esa intiqom olish uchun falastinliklar yashovchi hududlarga shiddat bilan bostirib kirardi. Bu yerda qatliom oʻtkazib, “mana, hamma ayb shularda, men qordek oppoqman” deb, avval erishilgan barcha tinchlik kelishuvlarini buzar, turli xalqaro shartnomalardan “arazlab” chiqib ketardi. Natijada shu paytgacha erishilgan barcha siyosiy ilgari siljishlar “nollashib”, hammasi yana qaytadan boshlanardi.

1993 yilda erishilgan Oslo kelishuvlari ham Isroil hukumatini qoʻrqitib yuborgan. Garchi oʻzi imzolagan boʻlsada, bu pirovardida Falastin davlati tuzilishiga olib kelishidan xavotir olgan. Yaxshiyamki HAMAS bor ekan: u mazkur kelishuvlarni tan olmasligini bildirdi. FATHni obroʻsizlantiruvchi “qitmirliklarini” davom ettirdi.

Ayrim ekspertlarning aytishiicha, 2023 yil 17 oktabrda HAMASning Isroil hududida bostirib kirib, odamlarni garovga olgani ham 1980-yillarda boshlangan loyihaning davomi xolos. Oʻtkirligi bilan maqtalib kelingan Isroil razvedkasi bu amaliyotni “sezmay” qolgani, HAMAS jangarilarining qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishgani ham gʻalati. Bu voqealar ham falastinliklarni jahonga yomon koʻrsatish, ijtimoiy fikrni Isroil tarafga koʻproq ogʻdirish, Gʻazo sektorini batamom bosib olish uchun bahona yaratish uchun kerak boʻlgan xolos. HAMASning yuqori lavozimdagi koʻplab rahbarlari Isroil razvedkasining agentlari ekani haqidagi maʼlumotlar fonida bu unchalik ham gʻalati tuyulmaydi. “HAMAS mavjud ekan, Falastin davlati tuzilmaydi”, degan taxminlar ham asoslidek koʻrinadi. Zero, HAMAS saqlanib qolsa, yana avvalgi siyosatini davom ettiradi: “BMT 1967 yilda belgilab bergan chegaralarda emas, Isroil hududlarini ham qoʻshib olgan holda Falastin davlatini tuzamiz, boshqa har qanday loyihaga rozi emasmiz” deb, qaysarlik qilib, depsinib turaveradi. Shifokor ham kasalni davolasa, butun organizm uchun dori beradi. Tananing yarmi dorini qabul qilmasa, davolash samara bermaydi.

Teskari aylangan charxpalak

Biroq taqdir charxpalagi “syurpriz”larga boy. HAMASning hujumini bahona qilib, Gʻazo sektoriga bostirib kirgan Isroil armiyasining hozirgacha 30 mingga yaqin tinch falastinlikni (aksariyati ayollar va bolalar) oʻldirgani Isroil hukumatining asriy rejalariga xilof vaziyatni paydo qildi. Endilikda dunyo hamjamiyatining falastinliklarga rahmi kela boshladi. Oʻq otishni zudlik bilan toʻxtatish, Falastin davlatini tan olishga chaqiriqlar tobora koʻproq va keskinroq yangramoqda. Bir paytlar fashistlardan azob chekkan yahudiylar hukumatining endi “jabrdiyda va rahm qilishga muhtoj” emasligi fosh boʻlib qoldi.

Yaqin Sharq mintaqasida boshqa oʻzgarishlar ham bisyor. Shia Eron va sunniy Saudiya Arabistoni Xitoy (!) vositachiligida “yarashib” olishdi. Bashar Asad va arab davlatlari yetakchilari oʻrtasida aloqalar tiklanmoqda. Mintaqada Xitoy va Turkiya kabi yangi oʻyinchilar paydo boʻlmoqda, oʻyindan chetlatilgan oʻyinchilar (masalan, Rossiya) “katta sportga” qaytmoqda. Hatto HAMAS hujumi ham Rossiya tarafidan, Gʻarbni Ukrainaga yordam berishdan chalgʻitish maqsadida uyushtirildi, degan bayonotlar paydo boʻldi.

Demakki, Yaqin Sharq shaxmat taxtasidagi oʻyin hali-beri tugamaydi. Faqat bu oʻyinga tomoshabin boʻlib turganlar ham oʻyinga qiziqib, taxtaga chang solishmasa boʻlgani. Unda “Yaqin Sharq shaxmat oʻyini”ga emas, “Uchinchi jahon shaxmat chempionati”ga guvoh boʻlib qolamiz. Aniqrogʻi, shu ulkan oʻyinning donalariga aylanamiz...

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+