Gaz zapravkalariga qisqa muddatli cheklovlar kiritildi
Bunga ob-havo haroratining keskin sovishi sabab sifatida koʻrsatilgan.

Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi maʼlumot berdi.
Respublika hududlarida havo haroratining pasayishi natijasida magistral gaz quvurlarida bosimning kamayishi holatlari kuzatilyapti.
Shuni inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obʼektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida respublikadagi barcha avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda.
AGTKShlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlarni hisobga olgan holda respublikadagi barcha benzin “zapravka”larga avtobenzin mahsulotlarini qoʻshimcha miqdorlarda yetkazib berilishi taʼminlanadi.
"Isteʼmolchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr soʻragan holda, vaziyat barqarorlashgunga qadar imkon qadar tejamkorlikka rioya qilishlarini soʻraymiz" deyiladi xabarda.
Avvalroq, 18 fevral kuni soat 06.00 dan boshlab Buxoro viloyatidagi barcha avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha toʻxtatilishi maʼlum qilingandi.