“Xitoy bilan hamkorlik qaramlikmi?”
Internetda oʻzaro hamkorlik Oʻzbekistonni Xitoyga qaram qilib qoʻyishi bilan bogʻliq fikrlar paydo boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi. Tashrif davomida qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Oʻzbekiston – Xitoy tashqi savdo aylanmasi 2022 yilda 8,9 mlrd dollarni tashkil etgan boʻlsa 2023 yilning 11 oyida bu koʻrsatkich 12,2 mlrd dollarga yetgan.
Internet tarmogʻida hamkorlik Oʻzbekistonni Xitoyga qaram qilib qoʻyishi bilan bogʻliq baʼzi fikrlar paydo boʻldi. Hoʻsh, aslidachi? Hamkorlik qaramlikmi? Keling shu toʻgʻrisida biroz mulohaza yuritamiz.
Nima uchun aynan Xitoy?
Yevropalik allomalardan birining “Nur – sharqdandir” degan gapi bor. Buni kimdir quyoshning sharqdan chiqishiga yoʻygan boʻlsa, yana kimdir “Ilm-maʼrifat ziyosi shu yerdan taralgan” - deya talqin qiladi. Ikkala qarashda ham jon bor. Oʻtmishga nazar tashlasak ham, bugungi kun haqida fikr yuritsak ham sharqda har jihatdan yuqori potensial mavjud. Va bugun Xitoyning jahondagi oʻrnini eʼtirof etish lozim. Mazkur davlat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, avtomobil eksporti boʻyicha hamda kemasozlik bozorida dunyoda birinchi oʻrinni egallaydi. Xitoyning har tomonlama imkoniyatlari haqida koʻp va hoʻp gapirish mumkin. U bilan hamkorlik qilayotgan Oʻzbekiston qanday manfaat topishi esa asosiy masala.
Xitoy investitsiyasidan nima naf?
Mamlakatimiz iqtisodiyoti soʻngi yillarda yuksak surʼatlarda, shu bilan birga barqarorlikni saqlagan holda oʻsib boryapti. Iqtisodiyotda esa barqaror soʻzi qadrlanadi. Bu oddiy qilib aytganda ishonchli va xavfsiz degan maʼnoni anglatadi. Shu oʻrinda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarni ham alohida eʼtirof etish joiz. Shu va boshqa omillar sabab mamlakatimizga ishonch bilan investitsiya kiritayotganlar soni ortib bormoqda.
Statistika agentligining maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilning yanvar-sentabr oylarida Oʻzbekiston Respublikasida asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 226,6 trln soʻmni tashkil etgan. Bunda Xitoy eng yuqori ulushga ega boʻlgan investor mamlakat sifatida birinchi oʻrinda turibdi. Davlatimiz raxbarining Xitoyga tashrifi yakunlariga koʻra bu koʻrsatkich yana bir necha barobarga oshishi koʻzda tutilmoqda. Xush, shu bilan Oʻzbekiston Xitoyga qaram boʻlib qoladimi? Albatta, yoʻq.
Investitsiya – iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida oʻz mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, misol uchun ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik boʻyicha istiqboli bor loyihalarga uzoq yoki muddatli kapital kiritishdir. Yaʼni provardida foyda olish koʻzlanadi. Bu jarayonda investitsiya kirib kelayotgan davlat uchun qanday naf bor? Keling dastlab biroz shunga toʻxtalamiz.
Birinchidan, investorlar soni va investitsiya miqdorining oshishi mamlakatimizga nisbatan ishonchning ortayotgaidan darak beradi. Va bu oʻz navbatida, jonajon diyorimizning xalqaro maydonda tutgan oʻrnini yuqori pogʻonalarga koʻtaradi.
Ikkinchidan, agar kirib kelayotgan mablagʻ toʻgʻri yoʻnaltirilsa, nafaqat iqtisodiy foyda olish mumkin, balki, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishi bilan birga, Oʻzbekistonda “Made in Uzbekistan” brenddagi mahsulotlarning turi va hajminining oshishiga olib keladi. Umuman shunga oʻxshash boshqa koʻplab ijobiy jihatlar kuzatiladi. Bugun Oʻzbekiston ulkan qurilish maydoniga aylib ulgurdi. Ishlab chiqarish korxonalaring soni va eksport hajmi ham kundan-kunga ortib bormoqda. Va bu ishlarning aksariyati investitsiya tufayli desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Oʻzbekistonda Xitoy kapitali asosida tashkil etilgan korxonalar soni 2125 tani tashkil etadi. 2023 yilning oʻzinda 601 ta korxona ishga tushirildi. 2017-2022 yillarda Xitoy investitsiyalarining hajmi 10,9 mlrd dollarni tashkil etgan. 2023 yilning 11 oyida Oʻzbekistonga 40 mingdan ortiq xitoylik sayyoh tashrif buyurgan. Oʻzbekiston eksportining 50 foizi 4 ta bozorga toʻgʻri keladi. Ushbu toʻrttalikning orasida Xitoy bozori 2-oʻrinda. Demak ishlab chiqarish hajmi oshib borayotgan mamlakatimiz uchun Xitoy yaxshi bozor. Bu esa oʻz oʻrnida foydaning koʻpayishiga sabab boʻladi.
Tashrif natijasi nima beradi?
Davlatimiz rahbari 24 yanvar kuni Pekin shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara oʻtkazdi. Soʻng yetakchilar Qoʻshma bayonot qabul qildilar, ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplami imzolandi.
Tashrifning birinchi kunida ushbu mamlakat Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan va Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qoʻmitasi Raisi Chjao Letszi bilan ham uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, CNPC va CITIC korporatsiyalari, Xitoy Eksport-import banki rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Davlat tashrifining ikkinchi kuni Xitoyning innovatsiyalar poytaxti – Shenchjen shahrida ishbilarmonlik tadbirlari bayrogʻi ostida oʻtdi. Oʻzbekiston Prezidenti Guandun muzofoti partiya qoʻmitasi kotibi Xuan Kunmin bilan hududlararo aloqalarni muhokama qildi.
Mamlakatimiz yetakchisi Xitoy yirik biznesining 600 dan ziyod vakillarini yigʻgan qoʻshma Investitsiya forumida ishtirok etdi hamda Ipak yoʻli fondi, “SANY” va “CSG” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Global elektromobillar bozori peshqadami – “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni birgalikda ishlab chiqarishga start berdi.
Aslida, har bir kelishuv, har bir imzolangan hujjatning salmogʻi, foydali jihatlari toʻgʻrisida koʻp gapirish mumkin. Keling, biz Oʻzbekistonda “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarishga toʻxtalamiz. Dastlabgi kelishuvlarga koʻra 300 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi kerak edi. Tashrif chogʻida bu raqam 500 mingtani tashkil tashkil qilishi boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu Oʻzbekisnon va uning xalqiga nima beradi.
Elektormobillar sonining oshishi birinchi navbatda ekologiyaga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Lekin, ularning narxi oddiy avtomobillarga nisbatan qimmatroqligi maʼlum. Shu sababli ham bunday mashinalarni hamma ham sotib olishni istamaydi. Istasa ham balki choʻntagi koʻtarmaydi. Maʼlum boʻlgan yana bir haqiqat bor. Bozorda qaysi mahsulotning soni koʻpaysa, uning narxi arzonlashadi. Albatta, bu jarayonda ishlab chiqarilayotgan elektromobillarning tan narxini pasaytirish ham koʻzda tutilgan.
Hulosa nima?
Yuqorida biz baʼzi ijobiy omillar haqida gapirib oʻtdik. Bu dengizdan tomchi holos, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu jihatdan olib qaralganda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi aloqalarni qaramlik deb emas, balki oʻz nomi bilan istiqbolli hamkorlik deb atash mantiqan toʻgʻri boʻladi.