platina.uz
Jamiyat

Solovyov va Kaparzo suhbati

Rossiyalik Vladimir Solovyov va oʻzbekistonlik Islom Kaparzo oʻrtasidagi suhbatni oʻzbekcha tarjima bilan berishga qaror qildik

Solovyov va Kaparzo suhbati

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan video aslida 2020 yilda olingan. Unda rossiyalik Vladimir Solovyov va oʻzbekistonlik Islom Kaparzo oʻrtasidagi suhbatni koʻrish mumkin. Biz uni tarjimasi bilan berishga qaror qildik.


Solovyov: Siyosiy arboblardan qaysi biridir “Xor Turetskogo” (Turk xori - Rossiya xalq artisti Mixail Turetskiy asos solgan rus musiqa jamoasi) musiqa ijro etayotgan paytda qizil rangli gʻalaba bayrogʻi koʻtarishganidan norozi boʻlib jahli chiqqan emish.

Koparzo: – Ha, ha, mutlaqo toʻgʻri. Toʻgʻri “Xor Turetskogo” ijrosi paytida bir necha kishi bayroq koʻtarganida 2 kishi (gʻazablandi), ulardan biri Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Kodirov boʻladi. Bu ham kamlik qilgandek, u parlament vitse-spikeri. Yaʼni u odam yuqori siyosiy tabaqadagi odam. U “bu qizil bayroq oʻz vaqtida oʻzbek ziyolilari qatlamining gultojlari qoniga boʻyalgan” deb aytdi. Va tabiiyki bu istilochilar bayrogʻi dedi. Menimcha, u SSSR bayrogʻi bilan gʻalaba bayrogʻining farqiga bormasa kerak, ochiq aytadigan boʻlsak. Bilasizmi, shaxsan menda bu voqea qandaydir gʻazab tuygʻusini uygʻotadi. Chunki bu bilasizmi, qanday mamlakat boʻlishidan qatʼi nazar, bu bizning otalarimiz, ularni tanqid qila olmaymiz. Biz faqat ularni qabul qilib, ulardagi eng yaxshi narsalarni olishimiz va yaxshiroq boʻlishimiz mumkin. Va mamlakatimiz oʻsha davrdan koʻra yaxshiroq boʻlishiga intilishimiz lozim. Lekin hozir bizda yuz berayotgan munosabat bilan buni amalga oshirish juda mushkul. Masalan, bizda dindorlik darajasi oshayotganiga qaramasdan, chunki aslini olganda oxirgi 3 yilda yaxshi maʼnoda islomiylashuv portlashi sodir boʻldi. Juda ulkan miqdorda dindorlar paydo boʻldi. Lekin bu ham qandaydir maʼnaviy boʻshliq mavjudligining isbotidir. Yaʼni SSSR davrida yaratilgan bu boʻshliq, yaʼni asos...

S: Yaʼni bu masalaga talab bor.

K: Albatta, juda katta talab bor. Shunga muvofiq ravishda...

S: Anavi vitse-spiker qaysi partiyaga mansub?

K: U “Milliy tiklanish” partiyasining vakili, u milliy qayta tiklanish partiyasi hisoblanadi. Bilasizmi, bizda Islom Abdugʻaniyevich Karimov prezidentligining oxirgi davrlarida yaratilgan partiya tizimi juda gʻalati. Gap shundaki, bizdagi partiyalar davlat siyosatining maʼlum bir yoʻnalishlarini aks ettiradi. Masalan, “Milliy tiklanish” - milliy tiklanish; OʻzLiDep masalan, biznes partiyasi, Ekopartiya – ekologiya partiyasi. Men 2021 yildagi saylovlar haqida bir post yozgandim. Unda men hozirgi, amaldagi prezidentimiz – xudo umrlarini uzun qilsin – bizni oxirigacha boshqarishini aytganman. Yaʼni bu saylovlar menga, shaxsan men uchun sunʼiy xislatga egadek koʻrinadi. Chunki siyosiy partiyalarning oʻzi real siyosiy kurash olib borishga moslashtirilmagan. Yaʼni ular...

S: Haligi partiya, janob Qodirovning partiyasi, kimning puli yordamida faoliyat yuritadi? Homiysi kim?

K: U davlat mablagʻlari asosida ishlaydi. Albatta, avvalo davlat pullari, plyus, aʼzolik badallari, ehtimol homiylik yordamlari bordir. Anigʻini bilmayman. Nima boʻlganda ham bizda barcha partiyalar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Xoʻsh... shuning uchun, ehtimol partiyalarning va ularning yetakchilarining maʼlum bir qatlam bilan ishlash vazifasi boʻlsa kerak..

S: Tushundim. Oʻsha janob Rossiya bilan munosabatlarga qarshimi? Uning siyosiy qarashlari qanchalik uzoqqa boradi?

K: Ha. Lekin sizga yana bir hodisani misol keltirishim mumkin. Shunday 2 ta jiddiy jihat borki, ular ijtimoiy tarmoqlarda ham, postlarda ham muhokama qilingan. Bizda, alifbo bilan bogʻliq katta muammo bor edi. Gap shundaki, bizda avval kiril alibfbosi bor edi, tabiiyki keyin lotin alifbosiga oʻtildi. Bir standart, keyin ikkinchi standart va oqibatda turk standartiga oʻtdik. Yaʼni, turkiy variantga oʻtdik, desak boʻladi. Va aslini olganda, alifbo bu katta avlod - 50-60 yoshdagilar uchun juda murakkab. Bizda 2023 yilgacha, yana haligi arboblarning tashabbusi bilan butun hujjat yuritishni lotin alifbosiga oʻtkazish fikri ilgari surildi. Hech kim bunga qarshi emas. Men ham shuning tarafdoriman. Aytyapmanku, men oʻzbek tilini hurmat qilaman, sevaman, oʻzim ham asl vatanparvarman. Lekin gap shundaki, bu kabi ishlarda bunday keskin sakrash uchun avval normal tilning adabiy bazani yaratish kerak, internet resusrlarni, texnik bazani yaratish kerak, yoki tibbiy (atamalar) bazasini yaratish lozim. Bunda kelajakda odamlarning hayoti uchun javob beruvchi mutaxassislar ham, siz tatbiq etishga urinayotgan til va shriftda yetarli adabiyotlarga ega boʻlishi lozim, tushunyapsizmi? Bizda esa “sakrab” amalga oshiriladi. Mana, biz shunga qaror qildik, deyishadi, lekin baza yoʻq-ku. Oqibatda esa, toʻgʻri, oʻtishimiz mumkin, lekin buning oqibatlari halokatli boʻladi. Bu esa, boshqa tarafdan...

S: Nega oʻzi lotin alibosiga oʻtish kerak?

K: Menimcha, bu yerda, bilasizmi, bu ham alohida post uchun mavzu. Gap shundaki, bizning rahbariyatimiz hamma sohalarda, nafaqat siyosat va iqtisodiyotda, balki hamma narsa va sohalarda multivektor rejimida faoliyat yuritadi. Yaʼni biz hamma bilan doʻstlashishga harakat qilamiz. Umumiy til topishga intilamiz. Aytish mumkinki, hammaga yoqishga va yordam berishga harakat qilamiz. Lekin nimaiki qilmaylik, biz mintaqaviy davlatmiz. Va har qanday holatda ham biz buyuk davlatlarning qandaydir koʻrinmas kurashi uchun maydoncha boʻlamiz. Bu bor gap. Bu tarixiy fakt. Bu - hozir yuz berayotgan fakt va hokazo. Shaxsan mening fikrim shundayki, Turkiyaning taʼsiri oshmoqda. Chunki oʻrtamizda umumiylik va oʻxshashliklar koʻp. Hozirgi davrda...

S: Qodirovning partiyasini turklar boqadimi?

K: Men buni tasdiqlay olmayman. Bu haqda gapirishim qiyin. Lekin shuni aniq bilamanki, u Turkiyadagi OOʻVlardan birida tahsil olgan. Lekin aniq bilmayman, bu haqda gapira olmayman. Aniq ayta olmaymanu, lekin mantiqiy xulosalarimdan kelib chiqqan holda faqat taxmin qila olaman. Lekin gap shundaki, bilasangiz kerak, Qozogʻiston ham lotin alifbosiga oʻtmoqda...

S: Albatta.

K: Mana shu Markaziy Osiyo davlatlarining yagona turk standartlari yoʻlidan borayotganini koʻrsatadi...

S: Lekin sizlarga Xitoyning ham taʼsiri juda kuchli-ku. Tushunishimcha bu oʻta jiddiy mavzu.

K: Albatta, jiddiy mavzu. Xitoy bilan vaziyat qiziq, lekin ularning kreditlash va qarzni qaytarib olish tizimi juda shafqatsiz. Shuning uchun rahbariyatimiz qaysidir maʼnoda buni tushunadi, qoʻshni va katta davlatlarning mamlakatimiz siyosati va iqtisodiyotiga qanday taʼsir qilishini inobatga olgan holda bu taʼsirni teng taqsimlashga intiladi, deb umid qilaman. Chunki bilamizki, biror davlat, aytaylik, Qirgʻizistonga qarz berish, aniqrogʻi kredit berish va uni qaytarib olishda keskin va qattiq siyosat yuritilganiga guvoh boʻlganmiz. U yerda bu, aslida jiddiy muammo. Menimcha davlatimiz va hukumatimiz nega bunday boʻlayotganini toʻgʻri anglaydi, deb oʻylayman. Aslini olganda, sizning ilk savolingizga – hozir Oʻzbekistonda yuz berayotgan voqealarga qaytadigan boʻlsak, katta sakrash yuz bermoqda. Juda kata soʻz erkinligi berilmoqda. Hozir meni haqiqatan ham tashvishga soladigan mavzularda siz bilan suhbatlasha olayotganimdan ham buni bilib olishiingiz mumkin. Chunki, menimcha, bu biz olgan eng katta qiymat shu hisoblanadi. Surʼatni oshirish yoʻlida juda koʻp bozor iqtisodiyotiga oid dastaklar yaratilmoqda. Lekin tanganing boshqa tomoni ham bor. Masalan, bizda xorijiy qarzimiz va kreditlarimiz miqdori oshib bormoqda. Bularni esa oʻzingiz ham tushunasiz, hech kim bekorga bermaydi...

S: Albatta.

K: Keyin albatta qandaydir talablar qoʻyiladi. Masalan, diniy erkinliklar borasida yon berishlar hamda, buning ustiga, aytaylik nodavlat, nohukumat tashkilotlar faoliyatiga erkinliklar berish... Shu bois, baribir shunday narsalar borki, haqiqatan ham muvozanatni ushlab turish juda mushkul. Men yana bir marta qaytaraman....

S: Rossiyadan ajralib qolmaysizlar, deb umid qilaman.

K: Ha, ha...

S: Multivektorlik oʻz yoʻliga-yu, lekin ayrimlarning bu tushuncha bilan oʻynashayotganini koʻryapmiz. Oʻsha Belorussiyani olsak ham, bu baribir kutilmagan ogʻir siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini koʻrish mumkin. Oʻzbekiston esa siyosiy jihatdan murakkab vaziyatda.

K: Ha, ha.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid