Jizzax hokimi "Tasviriy oyina" qarzlarini yopishga pul ajratdi
Avvalroq viloyatda ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari qimmatlashgandi.

Jizzax hokimi Ergash Saliyev "Tasviriy oyina" qarzlarini yopishga pul ajratdi. 15 fevral kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi ( kengash raisi viloyat hokimi sanaladi) tegishli qarorni eʼlon qildi.
Unga koʻra, "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi Jizzax boʻlimi tomonidan amalga oshirilgan xizmatlardan yuzaga kelgan qarzdorliklarni qoplash uchun 436 million 695 ming soʻm ajratiladi.
Jizzax viloyati hokimligi Ishlar boshqaruvchisi A. Abduvahobovga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanish topshirilgan.
Mablagʻ sarflanishi boʻyicha ilovaga koʻra, "Sambxram" universitetiga "Referendum-2023" pannolarini tayyorlash va oʻrnatish uchun 38 mln. 832 ming soʻm, "Referendum-2023" tablichkalari uchun 83 mln. 678 ming soʻm, Oʻrda bogʻi hududidagi yoritish ustunlariga svetodiodli Laytboks qurilmalarini tayyorlash va oʻrnatish uchun 125 million 225 ming soʻm beriladi.
Eslatib oʻtamiz, kuni kecha Jizzax viloyatida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari qimmatlashgani maʼlum boʻlgandi.