Toshkent viloyatida tadbirkorning 559 ming dollari talon-toroj qilindi
Hozirda mazkur ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oqqoʻrgʻon tumanida tadbirkorlarning juda koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini qoʻlga kiritgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subʼektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda “A.O.” MChJ taʼsischisi Z.K. va boshqalar 2021-2023 yillar davomida “M.G.” xususiy korxonasi va “B.O.” MChJga 2 700 tonna chigit mahsulotlari yetkazib berishi evaziga ularning 559 ming AQSh dollarini naqd holda hamda 1,5 mlrd soʻmini pul koʻchirish yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlangan.
Shuningdek, MChJ taʼsischisi Z.K. va ishchisi E.X. firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan mablagʻlari hisobidan “Trailblazir, “BYD Yuan Plus” va “Cobalt” rusumli yengil hamda “Sitrak” rusumli yuk avtotransport vositalarini xarid qilganliklari maʼlum boʻlgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.