"Qamchiq" dovonida yuk mashinalari toʻqnashdi: besh kishi qurbon boʻlgan
Hodisa sabab jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Qamchiq" dovonida ikki yuk avtomobili toʻqnashuvi oqibatida besh kishi vafot etdi. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, 11 fevral kuni soat 23:40larda Namangan viloyati, Pop tumani, "Qamchiq" dovoni hududidan oʻtgan yoʻlda 1983 yilda tugʻilgan haydovchi K.Y. "DAF" rusumli yuk avtomobilini (yengil avtomobillarni tashuvchi) boshqarayotib harakat xavfsizligini taʼminlamasdan, yoʻlning xavfli burilish qismida boshqaruvni yoʻqotgan va qarama-qarshi yoʻnalishni ajratib turuvchi toʻsiqqa urilib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1992 yilda tugʻilgan J.A. boshqaruvida boʻlgan "Isuzu" rusumli yuk avtomobili bilan toʻqnashib, YTH sodir etgan.
Natijada, ikkala haydovchi hamda uch nafar yoʻlovchilar tan jarohati olib voqea joyida vafot etgan.
Mazkur YTH yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur YTH vaqtida "DAF" rusumli yuk transport vositasiga ortilgan bir qancha yengil avtomobillar pastlikka tushib ketgan.
Avvalroq Toshkentda bir yil davomida qancha odam YTHlar oqibatida qurbon boʻlgani maʼlum qilingandi.