DXX "Toshshahartransxizmat"ning qator rahbarlarini qoʻlga oldi
Transport sohasida tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan transport sohasida tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilgan. Natijada "Toshshahartransxizmat" AJ tizimida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, "Toshshahartransxizmat" AJ boshqaruv raisi D.A., bosh muhandisi A.A. hamda 1 va 8-avtobus saroyi filiallari rahbarlari T.D. va I.B.lar oʻzaro til biriktirib, avtobus saroylaridagi ehtiyot qismlar, yoqilgʻi mahsulotlarini talon-toroj qilish yoʻli bilan davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda iqtisodiy zarar yetkazishgan.
Hozirda holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan "Toshshahartransxizmat" AJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, AJ raisi va bosh muhandisi hamda 1 va 8-avtobus saroyi filiallari rahbarlariga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval ham "Toshshahartransxizmat" rahbari A.D qamoqqani olingani maʼlum qilingandi. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) boʻyicha ayblanmoqda.